Jahon | 22:20 / 04.08.2020
7599
2 daqiqa o‘qiladi

Kompyuter sichqonchasi ixtirochilaridan biri 91 yoshida vafot etdi

Kompyuter sichqonchasi ixtirochilaridan biri, amerikalik olim Uilyam Inglish 91 yoshida vafot etdi. U dunyodagi ilk kompyuter sichqonchasini 1963 yilda yaratgan.

Foto: SRI INTERNATIONAL

Ixtirochining o‘limiga nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lgan. Olim 26 iyulda vafot etgan, biroq bu haqida endigina ma'lum qilindi.

Inglish elektrotexnikani o‘rgangan va Stenford tadqiqot institutida ishlagan. U universitetda boshqa bir texnik Duglas Engelbart bilan tanishib qolgan. Aynan Engelbart Inglish yaratgan kompyuter sichqonchasi g‘oyasini bergan. 

Dunyodagi birinchi sichqoncha bir tugma va ostida ikki g‘ildirakdan iborat yog‘och blokdan iborat bo‘lgan. G‘ildiraklar vertikal va gorizontal harakatlanishni qayd qilish uchun bir-biriga nisbatan 90 daraja burchak ostida joylashgan bo‘lgan. 

Inglish va Engelbartning sichqonchasi ilk bor 1968 yilda ommaga taqdim qilingan. Keyinroq Inglish o‘z sichqonchasidagi g‘ildiraklarni sharchaga almashtirgan. Bunday sichqonchalar 1990-yillar oxirigacha dolzarb bo‘lib qolgan.

Hanuzgacha olimlar kompyuter sichqonchasini nega aynan “sichqoncha” deb atashgani noma'lumligicha qolmoqda. Ba'zi taxminlarga ko‘ra, bunga sichqonchaning kichik o‘lchamga egaligi va sichqon dumini eslatuvchi kabeli sabab bo‘lgan. 

Olimlarning o‘zlari esa qurilmani nega shunday atashganini eslay ham olishmagan. 

“Ilk ma'ruzamiz uchun uni qandaydir atashimiz kerak edi. “Tugmachali jigarrang quti” degan nom u uchun aniq to‘g‘ri kelmasdi”, deb aytgan Inglish.

Mavzuga oid