O‘zbekiston | 09:01 / 13.08.2020
96256
10 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis koronavirusdan 80 foizga himoyalanish usulini o‘rgatdi

Kun.uz pandemiya davrida koronavirus kasalligining kelib chiqish sabablari, undan himoyalanish, infeksiyani davolash borasida dunyo tajribasini o‘rganish maqsadida virusolog olim, Kaliforniya universiteti tibbiyot fakulteti professori, biologiya fanlari doktori Sharof Tugizov bilan suhbat uyushtirdi.

Bugun insoniyat tilida eng ko‘p yangrayotgan so‘z – koronavirus. Suhbatimizni mazkur kasallik mohiyati, qayerdan kelib chiqqani va odamlar u haqida qanday tasavvurga ega bo‘lishlari zarurligi masalasidan boshlasak.

– Koronaviruslar – viruslarning katta bir oilasi hisoblanadi. Ular hayvonlarda ham, insonlarda ham mavjud. Biz buni oxirgi 50-60 yildan beri o‘rganmoqdamiz. Birinchi marta koronavirus 1937 yilda tovuqlarni embrionida aniqlangan. 60-yillarga kelib odamlar organizmida paydo bo‘ldi. Virusning SARS’dan tashqari yana 4 turi bor. Infeksiyalari yengil kechadi. Faqat tomoq yo‘llarida uchraydi, o‘pkaga tushmaydi. Shuning uchun bular fan tomonidan ham uncha jiddiy qabul qilinmagan edi. 2002 yilning martiga kelib, ilk marta SARS-1 nomli koronavirus aniqlandi. O‘shanda katta muammo paydo bo‘ldi. Bu virus juda tez tarqaladigan, o‘lim ko‘rsatkichi 10 foizni ko‘rsatdi. Lekin u 2003 yil yozga kelib yo‘qoldi, ya'ni tarqalishi to‘xtadi. Ushbu virus 24 yoki 25 mamlakatga tarqagandi.

2012 yilda MERS degan koronavirus chiqdi. Bu ham tez to‘xtagan edi. Ammo keyingisi xavfliroq chiqdi. O‘limlar ko‘rsatgichi ham 34 foizgacha yetdi. So‘nggi koronavirus esa 2019 yili Xitoyning Uhan shahrida paydo bo‘lgan va hozir ham butun dunyoni larzaga solayotgan COVID-19'dir. Biz olimlar uni SARS-2 deb ataymiz. Bu virus oldingilariga qaraganda tezroq tarqaladi, lekin o‘lim xavfi kamroq. Ammo demografik va boshqa bir qator omillarga ko‘ra, o‘lim foizlari ham turlicha.

Bu viruslar hujayralarni “ishg‘ol” qilgachgina, insonni yengadi. Asosan og‘iz va burun bo‘shlig‘i, bronxlarda, o‘pka hujayralarida faollashadi. Aniqlanishicha, bu virusning 80 foizi ko‘rshapalaklardan yuqqan. Ilmiy dalillarga ko‘ra, u 600-800 yildan beri mavjud. Koronavirusning tarqalish yo‘liga kelsak, u dastlab ko‘rshapalaklardan hayvonlarga o‘tadi. Keyin hayvonlardan odamlarga o‘tadi. Bitta hayvondan boshqasiga o‘tganda virusni genomida juda katta o‘zgarish yuz beradi. Bunda bir hayvon virusi bilan ikkinchisiniki aralashib ketadi. Xuddi shu virus inson organizmiga tushsa, unda katta muammo keltirib chiqaradi. Sababi inson organizmida bu virusga nisbatan informatsiya va immunitet yo‘q. Shu sabab katta pandemiyalar kelib chiqdi. 

Virusning bunchalik keng tarqalishiga yana qanday omillarni misol keltirish mumkin?

– Xitoy boshida bunga e'tiborsiz bo‘lgani asosiy muammolardan biridir. Avvalgi koronavirus ham shu davlatda chiqqan edi. Xitoylik olimlar bu virusni judayam yaxshi bilardi. Bizga ma'lum bo‘lishicha, SARS-2 Xitoyda o‘tgan yilning sentabr-oyetyabr oylarida chiqqan. Dekabr-yanvar oylarida o‘lgan odamlar materiallari analiz qilinganida, virus Kaliforniyada tarqalgani aniqlandi. Bu degani Xitoyda kuzda paydo bo‘lgani gumon qilinadi.

Koronaviruslarning eng xavflilari SARS-1, MERS va SARS-2’dir. Ularning alomatlari 2-3 kun sezilmaydi. Uning ta'sir darajasi turlicha bo‘lib, bu avvalo odamning immunitetiga bog‘liq. SOVID-19 o‘pka, yurak, nerv, buyrak kabi a'zolarga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Ba'zi hollarda tizimli kasalliklar keltirib chiqaradi. Keyin ahvol og‘irlashadi, hatto vafot etishi mumkin. Agar organizm yosh, baquvvat, sog‘lom bo‘lsa, bir haftani ichida immun tizimi organizmni o‘z holiga keltiradi. Antitanachalar (tanadagi tabiiy himoya) ishlab chiqaradi. 

Insonning kasallik yuqqandan keyingi holati bevosita virusning ko‘p yoki oz miqdorda yuqishiga chambarchas bog‘liq. Agarda ko‘p miqdorda yuqadigan bo‘lsa, o‘lim xavfi ortadi. Shu tufayli odamlar bilan oraliq masofa bir metrdan uzoq bo‘lishi kerak. Agar 1 metrdan uzoqdagi kishidan virus yuqsa, organizm bardosh berishi osonroq, undan yaqinda yuqsa, vaziyat jiddiylashadi. Demak, xulosa shuki, katta dozadagi virus bilan kichik dozadagi virus har xil kasallik chaqiryapti. Bu albatta, organizmga bog‘liq jarayon. U immun tizimini to‘xtatib qo‘yadi, natijada organizm himoyasiz qolib ketadi.

Kaliforniya universiteti tibbiyot fakulteti professori, biologiya fanlari doktori Sharof Tugizov

Koronavirusni nazorat qilish mumkinmi? Undan himoyalanish choralari haqida ham ma'lumot bersangiz

– Buni nazorat qilish qiyin emas. Virusdan himoyalanishning 3ta eng muhim usuli bor: qo‘lni doimo sovun bilan yuvib yurish, niqob taqishimiz va oraliq masofani saqlashimiz kerak (o‘rtacha 2 metr). Bu haqida bir nechta ilmiy maqolalar yozildi, fan buni isbotladi. Biz mana shu narsani qilsak, virus dozasini o‘zimiz nazorat qilishimiz mumkin bo‘ladi. Tibbiy niqobni bir kunda o‘rtacha 4 marta almashtirish kerak. Uyda tikilgan niqobni ham taqish mumkin. Ammo har qanday niqobni har ikki soatda almashtirish zarur. Bularning bari oddiy, lekin niqob taqilsa, virus 80 foiz nazorat qilinadi. Ichkariga kirmaydi. Qo‘l yuvib, niqob taqib, masofa ushlansa, virus organizmga juda oz tushadi, hatto xonaning ichida ham. Kasallik yuqqan taqdirda ham virusning dozasi tanaga oz miqdorda kiradi. Buni nisbatan davolash oson va yengil kechadi.

Bugungi kunda dori-darmon borasida olimlar qanday izlanishlar olib borishmoqda?

– Bu yo‘nalishda qilinayotgan eng muhim ishlardan biri-antitanachalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borilyapti. Hozirda antitana ishlab chiqildi. U virusni retseptorga bog‘lanishini 90-100 foizga tushiryapti. Uni dori sifatida ishlatish mumkin. Bu hali odamlarda sinalmagani bois, yil oxiriga borib, yaxshi natijalar berishi kutilmoqda. Umuman olganda, hozirda 4ta dori ustida ish olib borilyapti. Ular orqali antitanalar ishlab chiqish, yallig‘lanishni to‘xtatish kabi muhim natijalarga erishish arafasidamiz. Virusga qarshi “kokteyl terapeya”, ya'ni 3-4ta dorilardan iborat kompleks kurash chorasi qo‘llanishi mumkin. Shunday usul bilan OITS tarqalishi ancha pasaytirilgandi.

Aytib o‘tishim kerak, oldimizda vaksina ishlab chiqish vazifasi ham turibdi. U virusga nisbatan organizmda immun tizimini shakllantiruvchi vosita bo‘ladi. Bu haqda 2ta ilmiy maqola e'lon qilindi. Ulardan birida virusning o‘pkaga ta'siri ijobiy hal etilayotgani aytilgan. Bu juda katta natija. Ammo o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, 7 milliarddan ortiq odamga yetadigan vaksina ishlab chiqarish ham albatta ko‘p vaqt talab qiladi. Bu juda katta va murakkab ish. Taxminan 2 yil ichida vaksina muammosi hamma uchun hal bo‘ladi, degan umiddamiz.

Niqob taqsangiz, masofa saqlasangiz, ko‘zoynakda yursangiz, qo‘lni sovunlab yuvsangiz koronavirusdan 80 foiz saqlanasiz. Shularni qilsak vaksinasiz ham himoyalanishimiz mumkin. Immunitet uchun niqob juda kerak. Qolaversa, ularning tozaligiga e'tibor beraylik. Tez-tez almashtirib taqaylik. Koreyalik olimlar ayrim odamlarda virus tarqatadigan katta potensiya borligini aniqlashdi. Bunday odamlar dunyo aholisining 8-20 foizni tashkil qiladi. Ba'zi odamlarda kasal tarqatadigan potensiyasi judayam kam bo‘ladi. Ayrimlar bir vaqtning o‘zida 8 kishiga tarqatishi mumkin. Qo‘l berib ko‘rishmaslik kerak. Quchoqlashmaslik, o‘pishmaslik kerak. Balki, gaplarim kulgili tuyular, lekin vaziyat shuni taqozo etmoqda. Agar shunday qilsak, dozani kamaytirishga erishiladi. Bunda immun tizimi faollashadi, moslashuvchanlik ko‘rsatkichi sekin-asta osha boshlaydi. Bu ilmiy isbotlandi. Hozir biz aniq bilmaymiz qancha odam koronavirus bo‘lganini. Simptomsiz kasallanganlar qancha, buni albatta aniq keltirib bo‘lmaydi.

Karantin masalasiga to‘xtalib o‘tsangiz. Virusni jilovlash uchun karantinning o‘rni qanchalik muhim??

– Bu juda zarur. Xitoyni misol qilaylik, u yerda o‘ta kuchli karantin bo‘ldi. Hatto ideal darajada. Keyin virus to‘xtadi. Mana Yevropa qattiq karantin qila olmadi. Virus keng tarqalib ketdi. Karantin degani bu juda qattiq choralar ko‘rishni taqozo qiladi. Odamlar kechqurunlari ham ko‘chaga chiqarilmaydi. Hamma qatnovlar to‘xtatiladi. Hozirgi vaziyatda esa bu iqtisodni kasod qilishi mumkin. Shuning uchun kasallik ko‘tarilib ketsa, karantin qilinyapti. Tushsa, bekor qilinyapti. Chunki shunday qilinmasa, tibbiyot ham inqirozga uchraydi. Bugun virus butun dunyoga tarqalib ketdi. Uni yo‘qotishning iloji yo‘q. Hozirgi strategiyada shu virus tarqalish darajasini past hisobda ushlab turish zarur.  G‘alabaning bitta yo‘li aytilgan tartibga rioya qilish. Hozir boshqa yo‘l yo‘q. Niqob, masofa saqlash va qo‘l yuvish shart. Sarosimaga tushmaslik, qo‘rqmaslik zarur.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid