O‘zbekiston | 08:36 / 10.09.2020
4901
3 daqiqa o‘qiladi

Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga pedagoglarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi ma'lum bo‘ldi

Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga tashabbuskor, keng dunyoqarash hamda yuqori ilmiy salohiyatga ega ilg‘or pedagog kadrlarni tanlov asosida ishga jalb qilish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktorining “Ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizom haqida”gi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom;

Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning istiqbolli xodimlarini saralab olish bo‘yicha tanlov komissiyasi tarkibi tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:

tanlovda tegishli yo‘nalish bo‘yicha tayanch oliy ma'lumotga va malakaga ega O‘zbekiston Respublikasi va chet el fuqarolari ishtirok etishi mumkin;

Tanlov komissiyasi tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarga vazirlik va idoralar, boshqa davlat tashkilotlari vakillarini, shuningdek, respublikaning yetakchi hamda xorijiy olim va mutaxassislarni jalb etish huquqiga ega;

tanlovning shaffof o‘tkazilishi, shuningdek, nomzodlarning sifatli va xolisona tanlab olinishi, qo‘yiladigan talablarga ularning muvofiqligi uchun javobgarlik Tanlov komissiyasi zimmasiga yuklanadi.

Tanlovning yakuniy bosqichi ishtirokchilari Agentlik tasarrufidagi umumta'lim muassasalari kadrlari zaxirasiga kiritiladi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘limi (R.Kurbanov)ga tanlovni, shu jumladan onlayn bosqichlarini sifatli o‘tkazishda Tanlov komissiyasiga tanlovning maxsus veb-portalini, axborot tizimlarini, resurslari, ma'lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, shuningdek Tanlov komissiyasini zarur apparat-dasturiy komplekslar bilan jihozlashni ta'minlash vazifalari yuklatiladi.

Seleksiya va pedagoglar malakasini oshirish bo‘limi (G.Abdusalamova) tanlovga oid axborot-tahliliy materiallarning davlat, rus va ingliz tillarida tayyorlanishi, nashr etilishi, shuningdek tarqatilishini ta'minlaydi.

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi (Sh.Xamrayeva)ga tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni hamda uning natijalarini Agentlikning rasmiy veb-sayti va ommaviy axborot vositalarida e'lon qilish va keng yoritishni tashkil etish vazifalari yuklatiladi.

Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom bilan quyida batafsil tanishish mumkin.

Mavzuga oid