Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi to‘g‘risidagi va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet davlat fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi to‘g‘risidagi nizomda qayd etilishicha, ID-karta O‘zbekiston Respublikasi mulkidir va uning egasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasidadir.

ID-karta ma'lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan fuqarolarga quyidagi muddatlarga beriladi:

  • yangi tug‘ilgan bolaga bir yoshgacha – ikki yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
  • bir yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
  • 16 yoshdan – 10 yil muddatga.

Qat'iy hisobga olinadigan hujjat hisoblanuvchi ID-karta belgilangan namuna bo‘yicha lotin alifbosidagi o‘zbek tilida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun esa — ID-karta olish uchun murojaat qilgan fuqaroning xohishiga ko‘ra lotin alifbosidagi qoraqalpoq yoki o‘zbek tillarida personallashtiriladi.

ID-karta blankasiga quyidagi asosiy ma'lumotlar kiritiladi:

a) hujjatning nomi;

b) ID-kartaning raqami;

c) ID-karta egasining:

  • familiyasi, ismi, otasining ismi;
  • tug‘ilgan sanasi;
  • fuqaroligi;
  • tug‘ilgan joyi;
  • jinsi;
  • jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;

d) ID-kartaning:

  • berilgan sanasi;
  • kim tomonidan berilgani;
  • amal qilish muddati tugaydigan sana;

e) ID-karta egasining raqamli surati.

ID-kartada uning egasining imzosi bo‘lishi shart (16 yoshga yetganidan keyin).

Vazirlik va idoralarning avtomatlashtirilgan tizimlari orqali ID-karta egasining roziligi bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ID-kartaga kiritilgan ma'lumotlardan foydalanishga ruxsat etiladi.