Jahon | 23:25 / 09.10.2020
27921
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga chalinish holatlari ko‘payishi D vitamini yetishmasligi bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin

Koronavirusga chalinish holatlari ko‘payayotgani kuzda organizmda D vitamini yetishmasligi bilan ham bog‘langan bo‘lishi mumkin. Bu haqda shifokor Sergey Malozemov o‘z intervyusida aytib o‘tdi. 

Foto: Depositphotos / Ronstik

Mutaxassisning ta'kidlashicha, D vitamini koronavirusga chalinishga moyillikka bevosita ta'sir qilmaydi, biroq u immunitetni oshiradi va bu koronavirusdan himoyalanishda yordam beradi. Quyosh nuri yetishmaganda organizm ushbu vitamindan kamroq oladi va buning natijasida immunitet pasayadi.

“Oxirgi tadqiqotlardan biri qonda D vitamini kamligi koronavirusga chalinish vaqtidagi prognozni jiddiy yomonlashtirishidan darak bermoqda. Odamda D vitamini me'yorida bo‘lsa, uning infeksiyani yengishi oson kechadi”, deb tushuntirib o‘tgan shifokor.

Uning ta'kidlashicha, D vitaminini dengiz mahsulotlari iste'mol qilish evaziga me'yorida ushlash mumkin.

“D vitaminining asosiy va samarali manbai – bu baliq va dengiz mahsulotlaridir. Bunda, albatta, dengiz mahsulotlarining qimmat turlarini xarid qilish shart emas, baliq yog‘li va dengizniki bo‘lsa yetarlidir. Bunda seld ham yaraydi, faqat u juda sho‘r bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, losos va skumbriya ham foydali. Tarkibida baliq yog‘i bor bo‘lgan barcha mahsulotda D vitamini ko‘p bo‘ladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Malozemov.

Sentabr oxirida Boston universiteti tibbiyot maktabi olimlari organizmida D vitamini yetarlicha miqdorda bo‘lgan koronavirusga chalingan bemorlar orasida uning taqchilligi kuzatilganlarga nisbatan og‘ir holatlar va o‘limlar kam bo‘lishi haqidagi xulosaga kelishgan.

Mavzuga oid