O‘zbekiston | 12:19 / 14.10.2020
61800
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning 5 darajasi: mutaxassis qaysi holatda qanday davo choralari ko‘rilishi haqida ma'lumot berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi aholi orasida koronavirus belgilari paydo bo‘lgan holatlarda loqaydlik qilinishi tufayli ayrim bemorlar kasallikning ilk bosqichlarini oyoqda o‘tkazib yuborishi, natijada o‘z vaqtida uy sharoitida davolanib, kasallikni yengib ketishi mumkin bo‘lgan bemorlar ahvoli o‘ta og‘ir holatga kelib qolib, statsionar davolanishga majbur bo‘lishi holatlariga e'tibor qaratdi.

Vazirlik matbuot xizmati vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi, Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov bilan suhbatda koronavirusning qanday bosqichlari borligi, kasallikning qaysi darajalarida uy sharoitida davolanish mumkinligi to‘g‘risidagi savollarga javob oldi.

—  Koronavirusning bugungi kunda besh xil turli darajalari mavjud:

  • Simptomsiz 
  • Yengil 
  • O‘rta og‘ir 
  • Og‘ir 
  • O‘ta og‘ir

1. Simptomlarsiz darajasi — bunda xastalik sezilarsiz belgilar beradi. Masalan, bir-ikki marta tanada holsizlik, noqulaylik tuyilishi, yo bo‘lmasa bir marta tana harorati 37 darajaga chiqishi holati yuz berishi mumkin. Ammo ushbu holatda PZR-tekshiruvidan o‘tganda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlanishi mumkin. 

2. Yengil daraja —  harorat 38 darajagacha ko‘tarilishi, tomoq qichishi, vaqti-vaqti bilan yo‘tal hamda tanadagi holsizlik, bo‘g‘imlar qaqshashi kuzatiladi. 

Qayd etilgan ushbu ikki bosqichda uy sharoitida oilaviy poliklinika shifokori bilan hamkorlikda, ya'ni ularning tavsiyalari asosida davolanish mumkin. 

3. O‘rta og‘ir daraja — bunda yuqorida qayd etilgan belgilar kuchaygani uchun bemorning shifoxonaga yotqizilishi tavsiya etiladi. Bunday bemorlarga qat'iy tartibdagi davolanish choralari va doimiy mutaxassislar nazorati kerak bo‘ladi. 

Shuningdek, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan kishilar: ya'ni bemorlarning yoshi 50-60 va undan katta bo‘lganda yoki virusga chalingan kishining yondosh kasalliklari bo‘lsa, homilador ayollar va bolalarda koronavirus aniqlansa, ularga o‘rta og‘ir daraja belgilanib statsionar davolash uslubi qo‘llanadi. 

4. Og‘ir daraja — bunda bemorlarda yuqoridagi belgilar yaqqol namoyon bo‘lishi bilan birga nafasning o‘tkir yetishmovchiligi, ruhiyat o‘zgarishi, xususan, o‘lim talvasasi hamda barcha a'zolarida virusning ta'siri sezila boshlaydi. Ushbu holatda ham statsionar davolash yo‘lidan foydalanish zarur. 

5. Kasallikning o‘ta og‘ir darajasida esa, bemorlar shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida davolanishi kerak. 

Ta'kidlab o‘tish joizki, bemorlarning qaysi darajada ekanini faqatgina shifokorlar belgilay oladi. O‘zboshimchalik bilan menda hali koronavirusning yengil darajasi deya og‘ir holatlarda ham uy sharoitida davolanishni davom ettirish o‘zingiz va atrofdagilarning salomatligi uchun o‘ta xavflidir. Shu bois, doimiy ravishda oilaviy poliklinika shifokori bilan maslahatlashish va ularning tavsiyalariga amal qilishingizni so‘raymiz.

Mavzuga oid