Bolalarda anemiya tashxisini qo‘yish uchun qanday tekshiruvlardan o‘tish kerak – mutaxassis izohi
Yosh bolalarda kamqonlik muammosi ijtimoiy ahamiyatga ega. Bolaning to‘g‘ri rivojlanishi, tengdoshlaridan jismonan va aqlan orqada qolmasligi uchun bu kasallikka befarq bo‘lmaslik kerak.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu kasallik bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, oliy toifali shifokor Nazokat Oripova bilan intervyu uyushtirdi. Unda anemiya tashxisini qo‘yish uchun o‘tkaziladigan tekshiruvlar, kamqonlikni davolash davrida nimalarga ahamiyat qaratilishi haqidagi dolzarb savollarga javob berildi.
— Anemiya tashxisini qo‘yish uchun qanday tekshiruvlar o‘tkaziladi?
— Bolada kamqonlik belgilarini sezgan ota-ona, eng avvalo, qon tekshiruvlarini amalga oshirishi zarur. Qondagi eritrotsitlar va gemoglobin sonining ko‘rsatkichlari orqali tashxis qo‘yiladi. Gemoglobin miqdori 110 g/l.dan, eritrotsitlar 3,5 x 10¹² g/l.dan kam bo‘lsa anemiya tashxisi qo‘yiladi. Bu ko‘rsatkich anemiyaning yengil darajasiga tegishli. O‘rtacha anemiya quyidagi ko‘rsatkichlar bilan belgilanadi: gemoglobin 90 g/l.dan kam, eritrotsitlar 2,5x10¹² g/l.gacha, og‘ir darajadagi kamqonlikda esa 70 g/l.dan kam, eritrotsitlar 2,5x10¹² g/l.dan kam bo‘ladi. Bolada kamqonlik aniqlanganda nafaqat gematolog, balki gastroenterolog, nefrolog va pediatrlarga ham murojaat qilish hollari uchraydi.
— Kamqonlikni davolash davrida nimalarga ahamiyat qaratiladi?
— Kamqonlikni davolashning bosqichlari to‘liq shifokor nazorati ostida o‘tishi lozim. Agar bolada anemiyaning yengil ko‘rinishi kechayotgan bo‘lsa, temir moddasiga boy bo‘lgan ovqatlar va qo‘shimcha vitaminlar beriladi. Takroriy kamqonlik yuzaga kelmaslik uchun ushbu jarayonni to‘xtatmaslik zarur. Ratsionda mol go‘shti, jigari, dukkakli ekinlar, dengiz mahsulotlari, yangi sabzavot va mevalar, ko‘katlar o‘rin olishi kerak. Temir preparatlari va vitaminlari ko‘rsatilgan dori-darmonlarni shifokor tayinlaydi.
— Anemiyaning oldini olish borasida qanday tavsiyalar bergan bo‘lar edingiz?
— Temir tanqisligi kamqonlikning asosiy sababi ekanligini hisobga olsak, to‘g‘ri ovqatlanishning ahamiyati juda katta. Bola tug‘ilmasidan oldin homilador ayollar sog‘lom ovqatlanishga, yetarlicha uxlab dam olishga erishishi zarur. Ilk 6 oylikda ona sutiga qo‘shimcha ovqatlar qo‘shib borish zarur. Katta yoshdagi bolalar uchun turli xil ovqatlanish balansini tashkil qilish kerak. Chaqaloqlarning iloji boricha ochiq havoda bo‘lishi va quyosh vannalarini qabul qilishi muhimdir. Agar bu yetarli bo‘lmasa, vitamin-mineral komplekslari va tarkibida temir moddasi saqlovchi preparatlardan foydalanish mumkin. Shuni alohida ta'kidlash zarurki, temir organizmga yaxshi so‘rilishi uchun S vitamini juda zarur. Sut, choy va qahva kabi mahsulotlar esa temir moddasini so‘rilishiga qarshilik ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
11:00 / 12.12.2024
“Odamlar to‘rtburchak, dumaloq va mehribon” – dunyoni boshqacha “ko‘radigan” bolalar
22:51 / 08.04.2023
Mudiraga qonun talablarini chetlab o‘tib, bolalar uyi ochishga kim yordam bergan?
18:50 / 01.06.2022
Islom Karimovga yozilgan xat, so‘m-kuponlar, 7 yoshda 3-sinf - bolalik xotiralari
09:07 / 31.05.2022