Jahon | 20:38 / 25.11.2020
7360
2 daqiqa o‘qiladi

Ruhoniy: Eron va AQSh Trampdan oldingi munosabatlarga qaytishi mumkin

Eron va Qo‘shma Shtatlar Donald Trampning to‘rt yillik siyosatini to‘liq o‘zgartirib, uning prezidentligidan oldingi shartlarga qaytishi mumkin, dedi Eron rahbari Hasan Ruhoniy.

Foto: Official President website/Handout via REUTERS

U televideniye orqali chiqishida Jo Bayden ma'muriyati siyosiy iroda ko‘rsata olsa, Eron va AQSh munosabatlari butunlay boshqacha bo‘lishi mumkinligini aytdi.

“Eron va AQSh 2017 yil 20 yanvardagi shartlarga qaytish borasida qaror qabul qilishi va buni e'lon qilishi mumkin. Bu ko‘plab muammolarga ajoyib yechim bo‘ladi hamda hozirgi siyosiy jarayonlarni butunlay o‘zgartirishi mumkin”, – dedi u.

Shuningdek, Ruhoniy Eron bo‘lajak prezident Baydendan nimani kutayotganligini ham aytib o‘tdi.

“Umid qilamizki, AQShning keyingi ma'muriyati o‘zining dastlabki qadamlarida Trampning Eronga nisbatan siyosatini qoralaydi”, – dedi Ruhoniy va Tramp siyosatini “inson huquqlariga qarshi hamda terroristik” siyosat deb atadi.

Ruhoniyning so‘zlariga ko‘ra, Bayden ma'muriyati avvalgi “noto‘g‘ri siyosat”ni to‘g‘rilashi kerak.

Uning ta'kidlashicha, Eronning siyosati har doim aniq bo‘lib kelgan va “majburiyatga majburiyat, harakatga harakat hamda hurmatga hurmat ko‘rsatish” ga asoslangan.

AQSh 2018 yil may oyida 2015 yilda Eron bilan imzolangan yadroviy kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketdi va Tehronga nisbatan keskin iqtisodiy sanksiyalar joriy etdi.

Eron Tramp ma'muriyatining “maksimal bosim” kampaniyasini “iqtisodiy va tibbiy terrorizm” namunasi deb atadi va AQShning bo‘lajak ma'muriyati tovon puli to‘lashi kerakligini bildirdi.

Mavzuga oid