Iqtisodiyot | 15:12 / 13.12.2020
35849
14 daqiqa o‘qiladi

«Karam», «ko‘kat», «baks» – barchasi dollar haqida

Bugun «dollar» so‘zini va u nima ekanligini butun dunyo biladi. Dollar deganda barcha eng avvalo Amerika Qo‘shma Shtatlarini eslaydi. Bu bejiz emas. Bugungi kunda AQSh dollari kirib bormagan mamlakatning o‘zi qolmagan. Qolaversa, xalqaro tahlillarga ko‘ra xalqaro savdoning 80 foizi dollarda amalga oshirilmoqda. Buyuk Britaniya funt sterlingi, Yevropa Ittifoqi yevrosi, yaponlar iyenasi, Xitoy yuani hozircha xalqaro savdolarda dollarga raqobat qila olmayapti.

Dollar haqida umumiy ma'lumotlar:

Belgisi: $
Nomlanishi: dollar
Xalqaro kodi: USD

Bugun AQSh dollari dunyodagi eng ommabop valuta sifatida qariyb barcha mamlakatlarda erkin almashtiriladi. Bundan tashqari, bu valuta rasmiy ravishda dunyoning bir qator davlatlarida milliy pul birligi sifatida ishlatiladi. Jumladan:

  • Amerika Qo‘shma Shtatlari;
  • Bermud orollari;
  • Boneyr oroli (Niderlandiyaning dengiz orti mulki);
  • Virjin orollari (Buyuk Britaniyaning dengiz orti mulki);
  • Sharqiy Timor;
  • Zimbabve;
  • Marshall orollari;
  • Palau;
  • Panama;
  • Puerto-Riko (AQShga tegishli);
  • Saba oroli (Niderlandiyaning dengiz orti mulki);
  • Salvador;
  • Sint-Estatius (Niderlandiyaning dengiz orti mulki);
  • Terks va Kaykos orollari (Buyuk Britaniyaning dengiz orti mulki);
  • Mikroneziya federativ shtatlari;
  • Ekvador milliy valuta sifatida AQSh dollarini ishlatadi.

Yuqoridagi davlatlarning ayrimlari dollarni milliy pul birligi sifatida ishlatsa, qolganlari o‘z milliy valutasidan aholi foydalanmay qo‘yganda dollardan foydalanishga o‘tgan.

Bundan tashqari, dunyoning yana bir qancha davlatlari o‘z milliy valutasini dollar deb ataydi. Bular: Avstraliya, Yangi Zelandiya, Kanada, Hongkong, Singapur, Bagam orollari, Barbados, Beliz, Bruney, Gayana, Kayman orollari, Kiribati, Liberiya, Namibiya, Trinidad va Tobogo, Fiji, Yamayka, Tuvalu, Tayvan, Surinam, Solomon orollari, Kuk orollari.

Pul birliklari

Bugun AQSh dollari 1, 2, 5, 10, 20, 50, 100 dollarlik banknotlar va 1, 5, 25, 50 sentlik va 1 dollarlik tangalar ko‘rinishida ishlatiladi. Bir paytlar 500, 1 000, 5 000, 10 000, 100 000 dollarlik banknotlar ham muomalaga chiqarilgan.

Tangalarning xalq orasida tarqalgan o‘z nomlari bor. 1 sentlik tanga «penni» (penny – tiyin), 5 sentlik tanga «nikel», 10 sentlik tanga «daym» (dime – tanga), 25 sentlik tanga «kvoter» (quarter – to‘rtdan bir), 50 sentlik tanga «xaf» (yarimta) deb ataladi.

AQShda bir kunda 35 million dona turli qiymatdagi banknotlar ishlab chiqariladi. Ularning jami qiymati o‘rtacha 635 million dollar bo‘ladi. Bu mablag‘ning 95 foizi eski va yaroqsiz banknotlarni almashtirib berish uchun ishlatiladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, bitta banknotni yasab, chop etish o‘rtacha 6 sentga tushadi. Banknotlar bir xilda 155,956 millimetrga 66,294 millimetr o‘lchamda zarb etiladi va ularning og‘irligi 1 grammni tashkil etadi.

Dollar banknotlarining bazaviy dizayni 1928 yilda tasdiqlangan bo‘lib, unda albatta davlat arbobining portreti tushirilgan bo‘lishi kerak.

  • 1 dollarlikda 1-prezident Jorj Vashington;
  • 2 dollarlikda 3-prezident Tomas Jyefferson;
  • 5 dollarlikda 16-prezident Avraam Linkoln;
  • 10 dollarlikda AQShning birinchi moliya vaziri Aleksandr Gamilton;
  • 20 dollarlikda 7-prezident Endryu Jyekson;
  • 50 dollarlikda 18-prezident Uillis Grant;
  • 100 dollarlikda AQSh davlat arbobi Benjamin Franklin;
  • 1918 yilda chiqarilgan 500 dollarlikda AQSh Oliy sudi sobiq raisi Jon Marshall;
  • 1934 yilda chiqarilgan 500 dollarlikda 25-prezident Uilyam Mak-Kinli;
  • 1918 yilda chiqarilgan 1 000 dollarlikda AQShning birinchi moliya vaziri Aleksandr Gamilton;
  • 1934 yilda chiqarilgan 1 000 dollarlikda 22 va 24-prezident Stiven Grover Klivlend;
  • 5 000 dollarlikda 4-prezident Jyeyms Medison;
  • 10 000 dollarlikda Avraam Linkoln davrida avval moliya vaziri, so‘ng Oliy sud raisi bo‘lib ishlagan Salmon Cheyz;
  • 100 000 dollarlikda 28-prezident Vudro Vilson portretlari tushirilgan. Har bir banknotning orqa tarafiga AQSh tarixidan hikoya qiluvchi turli illyustratsiya suratlari joylashtirilgan.

Dollar tarixida bir marta unga ayol kishining portreti ham tushirilgan. 1886 yilda 1 dollarlik banknotga AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashingtonning xotini Marta Vashington ham aks etgandi. O‘shanda banknotga uning bir o‘zi emas, turmush o‘rtog‘i Jorj Vashington bilan birga joylashtirishadi.

Dollarni qalbakilashtirishdan himoya qilish

Dollar qalbakilashtirishdan yaxshi himoya qilib kelinadi. Dollar uchun ishlatiladigan qog‘ozni ishlab chiqarish vakolati bitta kompaniyaga berilgan. Bu kompaniya o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni AQSh federal hukumatidan boshqalarga sotishi taqiqlangan. Dollarni zarb qilishda ishlatiladigan bo‘yoqni tayyorlash formulasi qattiq sir tutiladi. Uning murakkab formulasi AQShning Zarbxona va Matbaa (Bureau of Engraving and Printing) byurosining siri hisoblanadi.

1990 yilda ko‘z ilg‘amas yozuvlar va himoya iplari bilan qalbakilashtirishdan yanada kuchliroq himoyalangan dollarlar zarb etila boshlanadi. 1996 yilda dollarni qalbakilashtirishdan himoya qilish yanada kuchaytirildi. 2003 yilda 20 dollarlik banknotning yangi versiyasi paydo bo‘ldi. 2004 yilda 50 dollarlik, 2005 yilda 100 dollarlik, 2006 yilda 10 dollarlik, 2008 yilda 5 dollarlik yangi banknotlar chiqarildi.

2010 yil 21 aprelda AQSh G‘aznachilik idorasi, Federal zaxira tizimi (ushbu tizim 1913 yilda tashkil etilgan) boshqaruvchilar kengashi va AQSh maxfiy xizmati rasmiylari 100 dollarlik kupyuraning yangi dizaynini namoyish etishdi. Yangilangan banknotda dollarning an'anaviy ko‘rinishi saqlab qolindi. Yangi dollar qalbakilashtirishga qarshi yangi samarali elementlarga ega bo‘ldi.

Yangi 100 dollarlik banknotni muomalaga chiqarish, uni ishlab chiqarish jarayonida aniqlangan muammolar tufayli biroz ortga suriladi. Oradan uch yil o‘tib, 2013 yil 8 oktyabr kuni yangi dizayndagi dollar muomalaga chiqariladi. Dollarni soxtalashtiruvchi firibgarlarga qarshi muvaffaqiyatli kurashish uchun har 7-10 yilda dollar banknotlarining dizaynini o‘zgartirib turish rejalashtirilgan. Bunda eski dizayndagi dollarlar birdaniga muomaladan chiqarilmaydi va ular banklarga qaytib borguncha ishlatilaveradi.

Dollarni zarb etish

AQShda dollarni zarb etishga 12ta bank ruxsat olgan. Ular Federal zaxira tizimi a'zolari hisoblanadi. AQSh hududi 12 bo‘lakka ajratilgan hamda har bir hududga raqam va harfdan iborat tartib raqami berilgan. Dollardagi raqam va harf uning qayerda zarb etilganini bildirib turadi.

  • A Boston;
  • B Nyu-York;
  • C Filadelfiya;
  • D Klivlend;
  • E Richmond;
  • F Atlanta;
  • G Chikago;
  • H Sent-Luis;
  • I Minneapolis;
  • J Kanzas-Siti;
  • R Dallas;
  • L San-Fransisko.

Dollar zarb etiladigan qog‘oz 25 foiz zig‘ir tolasi, 75 foiz paxta tolasi aralashtirilib tayyorlanadi. Qog‘oz yanada chidamli bo‘lishi uchun unga sun'iy tola bilan ishlov beriladi. Dollar qog‘ozi o‘rtacha 4 ming marta buklaganda ham yirtilmaydi.

Shu paytgacha eng ko‘p 1 dollarlik banknot chop etilgan, eng kami 2 dollarlik. 2 dollarlik banknot so‘nggi marta 2003 yilda chiqqandi.

Eng katta banknot 100 000 dollarlik

1969 yilgacha AQShda 5 000, 10 000, 100 000 dollarlik banknotlar ham chiqarilgan. O‘sha yili prezident Richard Nikson Federal zaxira tizimiga yirik qiymatdagi banknotlarni chop etmaslik haqida topshiriq beradi. Shundan so‘ng 100 dollarlik banknot eng yirik qiymatli pul birligi bo‘lib qoladi.

Qizig‘i shundaki, yirik qiymatdagi banknotlarni chop etish to‘xtatilgandan so‘ng ularning qiymati keskin oshib ketadi va turli kolleksionerlar ularni o‘z qiymatidan bir necha barobar oshiq narxga sotib ola boshlaydi. Dollar tarixida eng qimmat baholangan pul 1890 yilda zarb etilgan 1 000 dollarlik banknot hisoblanadi. 2006 yilda o‘tkazilgan kim oshdi savdosida uni 2 million 255 ming dollarga sotib olishadi. Bu banknotda general Jorj Gordon Mid tasvirlangan edi.

Dollar tarixi

AQShning Atlantika qirg‘oqlarida joylashgan hududlariga inglizlardan avval niderlandlar kelishgan. Masalan, bugungi Nyu-York o‘rnida o‘sha paytda niderlandlarning Nyu-Amsterdam shahri bo‘lgan. O‘sha paytlar niderlandiyaliklar ishlatgan pul birligi taler deb atalgan. Keyinchalik bu hududga inglizlar va irlandlar ko‘chib kela boshlaydi. Oxir oqibat hududdan niderlandlar siqib chiqariladi. Ammo ular foydalangan pul birligi dollar nomida saqlanib qoladi.

Amerika Buyuk Britaniya mustamlakasi bo‘lgan kezlarda har bir koloniya o‘z qog‘oz pulini chiqargan. Keyinchalik koloniyalar birlashib Britaniyadan mustaqil bo‘lgandan so‘ng, 1781 yilda ilk marta Shimoliy Amerika banki tuziladi. 1785 yilda AQSh Kongressi dollarni Shimoliy Amerikada yagona valuta deb e'lon qiladi. Shu tariqa, dollar AQSh milliy pul birligiga aylanadi.

«Baks» atamasining tarixi

Dunyoning ko‘plab tillarida dollarning laqablari bor. Masalan, O‘zbekistonda uning rangiga qarab «ko‘k», «karam» deyishsa, Rossiyada «kapusta», «zelen» deb atashadi. Dollarning dunyo bo‘ylab eng ommabop tarqalgan laqabi – bu «baks». Bu so‘z ingizcha buck so‘zidan olingan bo‘lib, u bug‘u terisini anglatadi. Dollarning bug‘u terisini anglatadigan so‘z bilan ifodalanishining asosiy sababi shundaki, yevropaliklar Amerika qit'asiga borganda u yerda mahalliy aholi vakillari bo‘lgan hindular tuz, o‘q-dori va shunga o‘xshash zarur narsalarni bug‘u terisiga almashishgan. Ya'ni bug‘u terisi pul vazifasini bajargan. Shu sababli dollar shu so‘z bilan ifodalangan. Shuningdek, «baks» so‘zining kelib chiqishi haqida boshqa taxminlar ham bor.

«Biz Xudoga ishonamiz»

Har bir dollar banknotining yuqori qismida va tangalarda ingliz tilida «Biz Xudoga ishonamiz» («In God We Trust») yozuvi tushirilgan. Bu yozuv ilk bor 1864 yilda tushirilgan. Oradan qariyb 100 yilcha vaqt o‘tib yuqoridagi yozuv har bir banknot va tangalarda bo‘lishi qonun bilan mustahkamlab qo‘yiladi. 1956 yilda 34-prezident Duayt Eyzenxauer «In God We Trust» yozuvi dollar banknotlari va tangalarida bo‘lishi lozimligi haqidagi qarorga imzo chekadi.

Dollar va oltin

1792 yilda dollarni qadrsizlanib ketishdan asrash uchun uni oltin bilan bog‘lab qo‘yishadi. O‘shanda 1 Troya unsiya (Xalqaro o‘lchov birligi, 1 Troya unsiyasi – 31,1034768 grammga teng) oltinning narxi 19,3 dollar etib belgilanadi. 1834 yilda 1 unsiya oltinning narxi 1,64 dollarga oshib 20,67 dollarni tashkil etadi. Ya'ni 42 yil davomida dollar arzimagan foizlarda qadrsizlanadi. O‘shanda dollarni qadrsizlanishdan asrash uchun oltinga bog‘lab qo‘yishganining sababi, AQShda oltin zaxirasi ko‘p edi.

Bir asrdan oshiqroq vaqtda umuman qadrsizlanmagan dollar 1929-1932 yillarda AQShda sodir bo‘lgan moliyaviy va iqtisodiy inqiroz davrida keskin qadrsizlanadi. 1933 yilda dollarning oltinga bog‘liqligi bekor qilinadi. Shundan so‘ng, 1934 yilda 1 unsiya oltin bahosi 35 dollargacha ko‘tariladi.

1944 yil 22 iyulda Nyu-Hempshir shtatining Bretton-Vuds shaharchasida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Unda dunyoning 44 mamlakatidan 730 nafar delegat qatnashadi. Ushbu konferensiya uchta muhim ish bilan tarixda qolgan. Konferensiya davomida Xalqaro valuta fondi va Jahon banki tuzilgan. Uchinchi ish – Bretton-Vuds valuta tizimi tashkil etilgan. Bu tizimga ko‘ra AQSh dollari va Buyuk Britaniya funt sterlingi oltin bilan mustahkamlab qo‘yiladi. Bu tizimni 1971 yil 15 avgustda AQShning 37-prezidenti Richard Nikson bekor qiladi va dollar Bretton-Vuds tizimidan chiqqanini e'lon qiladi.

1976 yilda Yamaykada o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada Yamayka valuta tizimi deb nomlangan tizim tasdiqlanadi. Unga ko‘ra, xalqaro va ichki bozorlarda valutalar narxini hukumatlar emas, erkin bozor tizimida narxlash belgilanadi. Bu tizim hanuz ishlab kelyapti.

Prezident Richard Nikson Bretton-Vuds tizimini bekor qilganidan so‘ng dollar oltinga nisbatan tez qadrsizlana boshlaydi. O‘sha yil dekabrga borib 1 unsiya oltinning narxi 35dan, 38 dollargacha ko‘tarildi. 1973 yil 13 fevralda o‘tkazilgan savdoda 1 unsiya oltinning narxi 42,2 dollarga chiqadi. O‘shandan buyon oltin narxi oshib kelyapti. Ammo buni dollar qadrsizlanishi deb ham bo‘lmaydi. Nafaqat AQShda, balki dunyoning istalgan mamlakatida oltin narxi oshib ketgani bilan turli mahsulotlar va xizmatlar narxi dollarda bir necha o‘n yillardan beri keskin oshayotgani yo‘q. Shu sababli, holat dollar qadrsizlanyapti deb emas, oltin narxi oshyapti deb talqin etilsa to‘g‘riroq bo‘ladi.

So‘nggi kunlarda o‘tkazilgan birja savdolarida oltinning 1 unsiyasi 1 867, 13 dollar bo‘lyapti. (8 dekabrdagi narx) Oltin eng qimmatlagan paytda uning 1 unsiyasi uchun 2 000 dollardan teparoqda narx taklif etishdi. Bu joriy yil avgust oyida sodir bo‘ldi.

AQSh Federal zaxira tizimi ma'lumotlariga ko‘ra, bugun yer yuzi bo‘ylab naqd pul ko‘rinishida 1,74 trillion dollar aylanib yuribdi. Uning yarmidan kamrog‘i AQShda, ko‘prog‘i boshqa mamlakatlarda ishlatilyapti.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid