Tesla mashinasining o‘z-o‘zicha tezlashib ketishi bilan bog‘liq navbatdagi yo‘l-transport hodisasi yuz berdi
Pekinda Tesla mashinasining nazorat ostidan chiqishi bilan bog‘liq navbatdagi hodisa yuz berdi: elektrokar harakatlanish davomida o‘z-o‘zicha tezlasha boshlagan va oxir-oqibat turar joy binosiga borib urilgan. Baxtli tasodif, avariya oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Mashina haydovchisining ta'kidlashicha, u mashinaning tezlashib ketishi yaxshilik bilan tugamasligini anglab, undan sakrab tushib olgan. Tesla Model S sedani 80 km/soat tezlikda rul boshqaruvi buyruqlariga javob bermay qo‘ygan va uy tomon yo‘nalgan. Bu voqea yuzasidan Tesla kompaniyasidan izoh berilmagan.
Bu joriy dekabrda Tesla mashinasi nazorat ostidan chiqayotgan ikkinchi hodisa hisoblanadi. Janubiy Koreyada ham yuqorida keltirilganga o‘xshash yo‘l-transport hodisasi yuz bergan: Tesla Model X elektrokari o‘z-o‘zidan tezlashib, turar joy binosi oldidagi avtoturargoh devoriga urilgan. Buning oqibatida mashina yonib ketgan va uning ichidagi 3 yo‘lovchidan biri halok bo‘lgan, 2 nafari jarohat olgan.
Tesla modellarining nazorat ostidan chiqishi bilan bog‘liq shunday hodisalar dekabrgacha ham qayd qilingan. Jumladan, iyunda Tesla Model 3 modeli 127 km/soat tezlikkacha tezlashib, tormoz tepkisining bosilishiga javob bermay qo‘ygan. Haydovchi shu tarzda 8 kmcha o‘tgach, chiqindi uyumiga borib urilgan. Oqibatda mashina yonib ketgan. Avgustda ham ushbu model to‘xtashni “istamagan” va buning oqibatida boshqa mashina bilan to‘qnashgan.
2020 yil yanvarda AQShning Yo‘l harakati xavfsizligi milliy boshqarmasiga Tesla mashinalarining o‘z-o‘zicha tezlashib ketishi holatlari qayd etilayotgani sababli tekshiruv o‘tkazish va yarim millionta Tesla’ni chaqirtirib olish iltimos qilingan petitsiya yuborilgan. Petitsiyada 2012-2013 yillarda ishlab chiqarilgan Tesla Model S, 2016-2019 yillarda ishlab chiqarilgan Tesla Model X va 2018-2019 yillarda ishlab chiqarilgan Tesla Model 3 modellari haqida gap borgan.
Mavzuga oid
11:23
Dunyo elektrsiz qoladi, sun’iy idrok odamlardan o‘zib ketadi: Ilon Maskning 2025 yil uchun prognozlari
20:59 / 20.12.2024
Tesla kompaniyasi nosozlik tufayli 700 mingga yaqin avtomobilini chaqirib oladi
18:14 / 11.12.2024
“Haydovchisiz taksilar” - Tesla robotaksisi qanday ishlaydi?
17:25 / 03.12.2024