23:16 / 08.01.2021
24678

Tramp Baydenning inauguratsiyasida qatnashmaydi. Bunaqasi AQSh tarixida uch marta bo‘lgan

AQSh prezidenti Donald Tramp 20 yanvar kuni o‘tkaziladigan Jo Baydenning inauguratsiya marosimida qatnashmasligini ma'lum qildi. Tramp bu haqda Tvitterdagi sahifasida yozdi.

Foto: Reuters

«Mendan so‘raydiganlar diqqatiga: 20 yanvar kuni inauguratsiya marosimida qatnashmayman», deb yozdi Tramp yaqinda blokdan ochilgan sahifasida.

AQShning siyosiy odatlariga ko‘ra, mamlakat prezidenti o‘zidan keyin hukumat rahbarligiga keluvchi bo‘lajak prezidentga hurmat ko‘rsatib, inauguratsiya kuni u bilan birga limuzinda Kapitoliy saroyiga borishi kerak. Bu hukumatni tinch yo‘l bilan topshirishning ramziy ko‘rinishi hisoblanadi.

Tramp o‘zidan keyingi prezidentning inauguratsiya marosimida qatnashmaydigan birinchi prezident bo‘lmaydi. Ungacha 1869 yil Endryu Jonson, 1829 yil Kuinsi Adams va 1801 yil Jon Adams ham o‘zidan keyingi prezident inauguratsiyasida qatnashmagan. Tramp bu ishni XIX asrdan buyon ilk marta amalga oshiradigan AQSh prezidenti sifatida tarixda qoladi.

AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens inauguratsiya marosimida qatnashish-qatnashmasligi haqida gapirmagan, lekin qator nashrlar uning Bayden «taxtni egallaydigan» marosimda qatnashishiga ishonch bildirmoqda. New York Times esa Pens marosimda qatnashish uchun rasmiy taklif olmagani haqida yozdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 20 yanvar kun yarmigacha rasman cheklangan vakolatlar bilan AQSh prezidenti hisoblanadi. Mahalliy vaqt bilan kun yarmida saylangan prezidentning inauguratsiya marosimi boshlanadi. Bayden qasamyod qabul qilishi bilan AQShning 46-prezidentiga aylanadi va marosim tugagach, o‘z vazifasiga kirishadi.

Quyidagi suratlarda AQShning oldingi prezidentlari Barak Obama, kichik Jorj Bush, Bil Klinton va katta Jorj Bush o‘zidan keyingi prezidentlarning inaurugatsiya marosimlarida qatnashgani tasvirlangan.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top