Jahon | 00:24 / 18.01.2021
65038
2 daqiqa o‘qiladi

Navalniy Rossiyaga qaytishi bilanoq hibsga olindi 

Foto: Getty Images

Berlindan Moskvaga uchib kelgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy Sheremetevo aeroportida pasport tekshiruvidan o‘tgach hibsga olindi. Navalniying hibsga olinishi “Iv Roshe” jinoyat ishi bo‘yicha Jazolarni ijro etish federal xizmati (FSIN) xodimlari tomonidan o‘tkazilgan. Siyosatchi sudgacha hibsga olingan. 

Bundan avvalroq muxolifatchi “Pobeda” aviakompaniyasining samolyoti bilan Moskvaga uchib kelgan. Rejaga ko‘ra, samolyot Vnukovo aeroportiga qo‘nishi kerak bo‘lgan, biroq u Sheremetevoga jo‘natilgan.

Navalniyning ushlanishi vaqtida unga buning sababi ma'lum qilinmagan. Muxolifatchining rafiqasiga va advokatiga u bilan birga borishga ruxsat berilmagan. 

Keyinroq FSIN matbuot xizmatida Navalniyning ushlanishiga izoh berilib, u sinov muddatini ko‘plab marta buzgani uchun 2020 yil 29 dekabrdan beri qidiruvda bo‘lgani ta'kidlab o‘tilgan. Navalniyga nisbatan keyingi ehtiyot chorasini sud belgilaydi.  

Navalniy 2020 yil 20 avgustda Tomskdan Moskvaga parvoz vaqtida o‘zini betob his qilgan. Shundan keyin samolyot Omskda favqulodda qo‘nishni amalga oshirib, Navalniy mahalliy shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlar unga qondagi shakarning keskin o‘zgarishiga olib kelgan moddalar almashinuvi buzilishi tashxisini qo‘yishgan. Keyinroq Navalniy davolanish uchun Germaniyaga jo‘natilgan. Germaniyada muxolifatchi “Novichok” zaharli moddalari guruhiga kiruvchi substansiya bilan zaharlangani ma'lum qilingan. 

Navalniy Germaniyada davolanishdan o‘tgach 23 sentyabrda shifoxonadan chiqarilgan va hozirgacha u yerda qolgan.

Mavzuga oid