Sport | 17:20 / 22.01.2021
9959
2 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi: Buxoroda to‘liq ta'mirlangan Olimpiya zaxiralari kolleji ochildi

21 yanvar kuni ko‘hna va navqiron Buxoro shahrida investitsiya dasturi asosida to‘liq ta'mirdan chiqarilgan Olimpiya zaxiralari kollejining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ishtirok etdi.

Marosimda Buxoro viloyatining chempion o‘quvchilari, faxriy sportchilar, kollej jamoasi, Buxoro viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu maskan endilikda yoshlarning o‘z iqtidor va imkoniyatlarini to‘liq namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar taqdim etishini alohida ta'kidlab, buning uchun Hukumatimiz, qolaversa Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga tashakkur izhor qilishdi.

Shundan so‘ng vazir kollejning o‘quv xonalari, kimyo, biologiya, informatika va laboratoriya xonalarini ko‘zdan kechirib, ta'mirlanish va jihozlanish holati bilan tanishdi. Sport majmuasidagi taekvondo zalida sportchilar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashib, yutuq va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.

Boks zalida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Ravshan Xodjayev bilan suhbatlashib, bo‘lg‘usi chempionlarning natijalari va kelgusidagi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari bilan qiziqdi.

Kollejning badiiy gimnastika zalida gimnastika gilami ta'mirtalab ahvolda ekanligini ko‘rib, bu yerga vazirlik nomidan yangi gimnastika gilami sovg‘a qilindi. Sportchilar yangi gilam ustida o‘z mashg‘ulotlarini davom ettirishdi.

Shuningdek, D.Nabiyev kollejning yangi qurilgan ochiq futbol, voleybol va stol tennisi maydonlarini ham ko‘zdan kechirdi.

Tadbir so‘ngida vazir o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan esdalik uchun suratga tushdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Mavzuga oid