O‘zbekiston | 12:00 / 26.02.2021
11346
3 daqiqa o‘qiladi

Ta'limdan pulni ayaydigan bo‘lsak, bu kelajagimizga bolta urish - Sherzodxon Qudratxo‘ja

Bugun, 26 fevral kuni Toshkent shahridagi «Inha» universitetida «Chet el tajribasini O‘zbekistondagi ta'lim jarayoniga joriy etishning dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Xalqaro press-klub

Forumda O‘zbekiston ta'lim tizimida xorij tajribasini joriy qilish, kredit-modul tizimi afzalliklari, uni joriy etishdagi muammolarni bartaraf qilish haqida fikrlar, taklif va mulohazalar bildirilmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

«Yangi universitetlarga osonroq. Buni tasdiqlayman, yangi universitetda ishlash osonroq. Chunki 100 yillik tarixga ega universitetlarda o‘ziga yarasha muhit bo‘ladi, u joyda ishlayotgan odamlarni sindirib tashlolmaysiz, avlodlar konflikti bo‘ladi — shu kabi muammolar.

Yangi universitetlarda ham qog‘ozbozlik, yugur-yugur kabi qiynaydigan muammolar bor, lekin bizni qutqaradigan narsa bu kredit-modul tizimi. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ushbu tizimga o‘tdi.

Bizda hozir kontrakt uchun 8 mln so‘mni ko‘p deb hisoblashadi, lekin bola yaxshi ta'lim olishi uchun 8-10 mln so‘m yaxshi deb hisoblayman. Bilamizki, xususiy ta'lim maktablari bor, u yerda bir oyda 3.5-4 mln so‘mgacha to‘lanadi. Hatto shunday bog‘chalar bor. Nega endi professorlar dars beradigan joyda 8 mln so‘mni ayaymiz. Agar biz ta'limdan pulni ayaydigan bo‘lsak, bu kelajagimizga bolta urish.

Bugun oliy ta'lim uchun nafaqat universitetlar, rektorlar, professorlar, balki xalqimizning ham dunyoqarashi o‘zgarishi kerak. Xalqimiz o‘z pulini faqat uy qurishga, to‘y o‘tkazishga emas, balki bolasi tarbiyasiga, ta'limiga ham ajratishi zarur. Ko‘pchilik ta'lim va tarbiyani maktab yoki universitet beradi, deb o‘ylaydi. Bu ham noto‘g‘ri tasavvur.

Qotib qolgan stereotiplarni yengish uchun ba'zida tashqi dunyoga chiqib turish kerak. Qozoq universitetlari misolida o‘zim uchun katta o‘rnak oldim. Universitetlarda shunday xonalar qilinganki, bunga faqat davlat emas, xususiy kompaniyalar, tadbirkorlar, xorijiy davlatlar yordam bergan, ularga laboratoriyalar ajratilgan. Bizda ham hamma narsaga universitetlarning puli yetmaydi. Lekin jamoatchilikni, biznes vakillarini jalb qilishimiz mumkin», dedi Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Mavzuga oid