19:04 / 15.04.2021
24728

Jizzax viloyati hokimi atrofidagi manfaatlar to‘qnashuvi: holat prokuraturaga oshirilgan

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyevning qiziga tegishli kompaniya 2020 yilda 4 milliard so‘mga yaqin davlat buyurtmasiga ega chiqqan. Jamoatchilik bundan xabar topgach, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tekshiruv boshlaganini e'lon qilgandi. Oradan deyarli 4 oy o‘tgan bo‘lsa-da, tekshiruv natijalari ma'lum qilinmadi.

Ergash Soliyevning o‘g‘li va ukasiga tegishli kompaniyalar viloyatdagi yirik loyihalarga egalik qilayotgani haqidagi surishtiruvga esa agentlik munosabat bildirmay kelmoqda.

Kun.uz muxbiri 15 aprel kuni mazkur idora mas'ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu holatlar yuzasidan nima uchun izoh berilmayotgani haqida so‘radi.

«Agentligimiz tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi, tenderlar masalasida doimiy ravishda monitoringlar olib borilyapti. Jizzax masalasi bo‘yicha ham vakillarimiz joyiga chiqib o‘rganishlar o‘tkazgan. To‘plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan.

Aynan Jizzax bo‘yicha o‘rganishlar qilib, materiallarni Bosh prokuraturaga berganmiz», – deya javob berdi Aksilkorrupsiya agentligi boshqarma boshlig‘i Zuhriddin Qodirov.

Muxbirning: «Nima uchun agentlik vazir va viloyatlar hokimlariga taalluqli masalalarga kelganda sekin harakat qiladi?» degan savoliga javoban, agentlik mas'ul xodimi Bekzod Rahmonov bu fikrga qo‘shilmasligini bildirdi.

«Bu fikringizga qo‘shilmayman, chunki buni baholash metodologiyasi hali mavjud emas. Lekin har bitta holat bo‘yicha agentlik o‘z vakolati doirasida ishlarni amalga oshiryapti.

Siz aytgan holat bo‘yicha biz o‘rganish o‘tkazib, ma'lumotlarni prokuraturaga o‘tkazganmiz. Bu ma'lum vaqt talab qildi. Endi prokuratura bunga huquqiy baho beradi. Oxirida sudning hukmi chiqqanidan keyingina biz buni ommaga e'lon qilishimiz mumkin. Bundan oldin bu haqdagi ma'lumotlarni OAVga berish maqsadga muvofiq emas, chunki bu yerda aybsizlik prezumpsiyasi bor. Inson hayoti, obro‘-e'tibori bor», – dedi korrupsiya bilan kurashuvchi organ rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, Ergash Soliyevning qarindoshlari bilan bog‘liq surishtiruvlar bilan deyarli bir paytda, uning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov atrofidagi qarindosh-urug‘chilik haqida ham ma'lumotlar paydo bo‘lgandi.

Hokimdan farqli o‘laroq, uning o‘rinbosari masalasida Aksilkorrupsiya agentligi qator ma'lumotlarni e'lon qilgan, Rahmonqulov ustidan jinoyat ishi ochilgandi.

E'tiborga olish joiz, agentlikning Rahmonqulovga doir bayonotidan oldin prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi bu amaldorni tanqid qilib, ishdan bo‘shatgan va siyosatga xiyonat qilganlikda ayblagandi. Bu esa Jizzax shahrida yangi qurilgan 6 qavatli bino qulashi fonida ro‘y berdi.

Top