«Moskva «mafiya»sidan 500 dollar haqimni undirdim» - musofirlikdagi o‘zbek hikoyasi
Musofirchilikdagi o‘zbeklar orasida Baxtiyor Tursun nomi ancha mashhur. Asli kasbi xonadonlarni ta'mirlovchi usta bo‘lgan samarqandlik yurtdoshimiz xorijda boshidan kechirganlarini qog‘ozga tushirib, ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilib turadi. Uning qalamiga mansub quyidagi hayotiy hikoya Kun.uz mushtariylariga ham qiziqarli bo‘ladi, degan umiddamiz.
Telefonimni kovlab «Oleg dev» deya saqlab qo‘yilgan raqam egasini izlab topib, yashil tugmachani bosdim. Uch-to‘rt marta «tut-tut» qilgach, u tomondan ovoz keldi.
– Allo, eshitaman.
– Salom Oleg, men Baxaman, tanidingmi? – dedim. U ismimni to‘liq aytishga qiynalib, doim Baxa deb chaqirardi.
– Salom Baxa, qandaysan? – dedi garchi meni raqamimdan tanigan bo‘lsa-da, xuddi ismimni aytmagunimcha tanimagandek.
– Yaxshi rahmat, Oleg qolgan pulimizni qachon berasan? – Darrov maqsadga o‘tib qo‘ya qoldim, gapni cho‘zib o‘tirmasdan.
– Qanaqa pul? Sen bilan to‘liq hisob-kitob qilmaganmidik? – o‘zini go‘llikka solib boshladi u kutilmaganda.
– Yo‘q, to‘liq uzmaganding pulimizni, o‘ttiz ming rubl qolgandi, uyingning ichki ta'mirlash ishlarini to‘liq tugatib chiqib ketayotgan kunimiz, «keyingi haftada kartangga tashlab yuboraman, o‘zing ko‘rding, bu ta'mirlash ishlari menga qimmatga tushib ketdi, bir oz puldan qiynalib qoldim» deganding. O‘shandan buyon to‘rt hafta o‘tdi, har safar keyingi haftada pul bo‘ladi, deyapsan, mana yana aytilgan vaqt keldi, endi nima deysan? – dedim.
U tomonda bir fursat jimlikdan so‘ng:
– Pul yo‘q deyman, boshqa bir tiyin bermayman, tamom!
To‘g‘risi undan bu javobni kutmagan edim. Uch oyga yaqin uyida ishladik, ancha yaqindan tanishib qolgan edik, uyida ishimizni tugatib ketayotgan kunimiz yonimdagi ikki sherigim «hozir to‘liq olib ketmasak pulni keyin bermaydi, «sleduyushchiy nedeli»si ko‘p bularni hozir olish kerak», deyishdi. Men bo‘lsam, Oleg aldaydigan odam emas, debman-da, mana endi ochiqdan-ochiq bermayman deb o‘tiribdi. Nima deyishimni bilmay bir oz shoshib qoldim.
– Axir so‘z bergansan, bu pul bizning mehnat haqqimiz, nega bermaysan?!
– Ishlaring chala bo‘lgan, sifatsiz qilgansizlar!
– Yolg‘on, biz ishimizni tugatguncha, er-xotin har kuni kelib tekshirib turdinglar. Ishni topshirayotgan kunimizda ham, qayta-qayta so‘radim, ishimiz sizlarga yoqdimi? Biror kamchiligi bo‘lsa ko‘rsatinglar, aytinglar dedim. Sen ham, xotining Mariya ham «ishlaring judayam zo‘r, rosa chiroyli chiqdi hamma joyi, bizga yoqdi», deya rosa rahmatlar aytdinglar. Kamchiligi bo‘lsa, hozir boraman ko‘rsat, to‘g‘rilayman.
– Xullas pul yo‘q, menga qaytib telefon qilib o‘tirma, uyimga ham kelma. Qo‘lingdan kelsa tortib ol, meni bilasan Moskvada faqat ikkita odamdan qo‘rqaman, pul haqidagi gapni unut! – u shunday deya telefonni o‘chirdi.
Shokka tushdim, kutmagandim vaziyat bunaqa bo‘lishini. Olegning Moskva markaziga yaqin joyda, ko‘p qavatli yangi qurilgan uylarda joylashgan uch xonali uyini uch kishi uch oyga yaqin ichki ta'mirlash ishlarini bajargandik. Uy egalari oilaviy, shahardan uncha uzoq bo‘lmagan dala hovlisiga vaqtincha ko‘chib ketdi. Biz uy ta'mirini tugatgunimizcha har hafta, xotini va o‘g‘lini olib kelib bir xabar olib ketardi. Qurilishga biror material kerak bo‘lib qolsa, Oleg bilan birga mashinasida borib, buyurtma berib kelamiz. Bo‘yi naqd ikki metr keladigan, gavdasi eniga ham, menga o‘xshagan ikki odamni orqasiga yashirsa ko‘rinmay qoladigan bu odamni, birinchi ko‘rganimdayoq, «dev-ku bu» deb o‘ylagandim. Doimo sochini ustarada oldirib yurishi, ko‘rinishini yanada bahaybat ko‘rsatadi. Telefonimga ham shuning uchun «Oleg dev» deya raqamini saqlab qo‘yganman.
Shu uch oy ichida necha marta birga qurilish materiallari sotiladigan bozorga bordik, aniq esimda yo‘q, ammo ko‘p birga bordik. Mashinasi ham devlar minadigan qimmat baho mashinalardan «BMV» rusumli avtoning eng so‘nggi chiqqan markalaridan. O‘zining aytishicha, Mariya uning ikkinchi xotini, birinchi xotinidan ikki qizi bor, ancha yillar oldin ajrashishgan.
«Mariyani sevib qoldim, ammo u menga pulim uchun, mansabim, obro‘yim uchun turmushga chiqqan, buni bilaman, agar qo‘limda mol-davlatim, kuchim bo‘lmasa o‘n sakkiz yoshli qiz qirq ikki yoshli menga tegarmidi. Mana o‘n yildan buyon birga baxtli yashayapmiz. O‘g‘limiz bor, ko‘rgansan».
Haqiqatdan ham hali o‘ttizga ham kirmagan Mariya, Olegning yonida qizidek bo‘lib ko‘rinadi. Chiroyi va qaddi-qomati fotomodellarga o‘xshaydi. U bu gaplarni yo‘lda, qurilish materiallari sotiladigan bozorga borib qaytgunimizcha aytardi.
Pul odamni shunaqa quturtirib yuborar ekanmi, katta yo‘lda ketayotganimizda oldimizdan quvib o‘tayotgan mashinalardan birortasi salgina nojo‘ya harakat qilsa, baqirib so‘kinib ketadi, darrov mashina old qutisidan to‘pponchasini olib, otib tashlaymanga tushadi. Birinchi marta uning qo‘lida to‘pponcha ko‘rganimda kapalagim uchib ketgandi, nima baloga duch keldim, mafiyami bu, deya. Yaxshiyamki, bu to‘pponchaning otilganini ko‘rmadim. Ammo doimo osmondan kelib gapiradi u.
«Moskvaning eng zo‘rlaridan biriman men, bu shaharda men qo‘rqadigan ikkita odam bor, boshqa hech kimdan qo‘rqmayman» deyaveradi. Odatda zo‘rlar indamay yurardi, bunaqa maqtanchoq bo‘lmasdi, yoki ruslarda boshqachamikan, deb qo‘yaman. Boshida yuragimga qo‘rquv tushdi, bu baqiroq ertaga ish bitgach pulimizni bermay qo‘ysa-chi, biror nima desam, mashina qutisidan to‘pponchasini olib peshonamga tirasa-chi, deya.
O‘n besh kuncha ishlaganimizdan keyin, tavakkal, avans, deya kattaroq pul so‘rab ko‘raman, bersa yaxshi, ishni davom ettiramiz, bermasa, o‘n besh kunlik ishga kuydik, asta tashlab, ketib yuboramiz, degan xayolda undan pul so‘radim.
– Puldan muammo yo‘q Baxa, sen xavotir olma, – deya so‘ragan pulimga ozroq qo‘shib ham berdi.
Ko‘nglim xotirjam bo‘ldi. Keyingi safar ham, pul so‘ragan vaqtimda bir og‘iz so‘z demasdan berib turdi. Endi oxiriga kelganda, uning uchun arzimas pul bo‘lgan o‘ttiz mingni bermayman, deb o‘tiribdi ochiqchasiga.
O‘sha kuni kechasi bilan uyqum kelmadi. Musofirchilikda hamma narsani ko‘rdik, firmada ishlaganimizda ko‘p pullarimiz qolib ketdi, aldandik, o‘zimiznikilar aldashdi. Ishlayverib, ko‘raverib odam asta-sekin pishib boraverar ekan, oxirgi vaqtlarda asosan shaxsiy uylarning ichki ta'miri bilan shug‘ullandik.
To‘g‘ridan to‘g‘ri, o‘rtaga odam qo‘ymasdan, uy egalari bo‘lgan ruslarning o‘zi bilan gaplashilsa, aldanish yo‘q bu ishda. Ammo.. Men ishonib aldamaydi, deb yurgan Oleg dev shunaqa qilib o‘tiribdi. Dodimni kimga aytaman endi? U dev bu joyning politsiyachilaridan qo‘rqmaydi aniq, o‘zim buning guvohi bo‘lganman. Bir marta qo‘shnilar qattiq shovqin qilishyapti, deya ustimizdan shikoyat qilishibdi. Iloj qancha, qurilishda perforator ishlatmasa bo‘lmasa. Xullas uchastka noziri bir hamkasbi bilan kelib, men va ikki sherigimni olib ketishdi. Politsiya bo‘linmasida o‘tirib Olegga telefon qildim, vaziyatni aytdim. Bir soatga qolmasdan yetib keldi va butun bo‘linmani oyoqqa turg‘azib yubordi. Uchastka nozirini shunaqa so‘kdi, butunboshli politsiya bo‘linmasida bitta zo‘r chiqib nima qilyapsan, deya olmadi.
O‘ylab o‘yimga yeta olmadim, boshim og‘rib, umuman uyqum kelmadi. O‘ttiz ming rubl, besh yuz dollar degani. Agar bu pulni ola olmasam, yonimdagi ikki sherigimga o‘zim ishlab berishim kerak. O‘zim o‘n mingga kuyganim yetmagandek bu ikkoviga har biriga o‘n mingdan hozir ishlayotgan joyimizdan chiqarib berishim zarur.
Biznikilar shunaqa, agar biror joyda pulimizni ololmay qolsak, men sen bilan gaplashganman, menga farqi yo‘q, u beradimi-yo‘qmi, uyog‘i sening ishing. Pulimni topib berasan, yoki O‘zbekistonda seni sudga beraman, deb turib olganlarga bir ikki marta ishlab ham berganman. Xullas, to‘rtta odamni ishontirib ishga olib, boshqarish mas'uliyatli ish ekan judayam.
Oleg devning oldiga to‘g‘ri borsammikan, yuzma-yuz bo‘lsak berar... To‘rtta barzangiga ayttirib, o‘lasi qilib kaltaklab, kimsasiz o‘rmonga olib borib tashlasa-chi, bu joyda meni kim izlaydi, deya yurakka qo‘rquv ham tushadi. Nima qilsam ekan? O‘ttiz ming olaman, deb devga qarshi chiqaman, deb o‘lib ketsam-chi... Xayolga nimalar kelmaydi-yey, uxlasang-chi, ertalabga bir gap bo‘lar deyman o‘zimga o‘zim.
Tong saharga yaqin ko‘zim ilinibdi. Uch soatcha uxlab, kallam yaxshi ishlaydigan bo‘lib uyg‘ondim shekilli, yuz qo‘limni yuvdim-u, devga telefon qildim. Birinchi galdagisida ko‘tarmadi, ikkinchisida ko‘tardi yaxshiyam.
– Nima deysan? Men senga telefon qilma degandim-ku, – dedi men gapirar gapirmas.
– Oleg, meni diqqat bilan eshit, sen ko‘p aytasan-ku, Moskvada faqat ikkita odamdan qo‘rqaman deb, kimlar ular?
– Shu paytda nimaga kerak senga bu? Yoki rostdan ham ularning oldiga bormoqchimisan? – u shunday deya xoxolab kuldi.
– Sen ayt-chi avval.
– Ismini aytishim shartmi, bittasi Moskva shahrining eng kattasi, ikkinchisi Rossiyaning eng kattasi.
– Sen qo‘rqadigan uchinchi odam ham bor ekan, agar shu bugun pulimni kartamga tashlamasang, o‘sha odamga aytaman.
Avvaliga rosa kuldi, keyin so‘radi.
– Kim ekan meni qo‘rqitadigan o‘sha odam?
– Xotining Mariya!
– A... Men Mariyadan qo‘rqar ekanmanmi? Keyin pulingni mendan Mariya olib berar ekanmi? – yana kuldi u maza qilib.
– Meni eshitsang bilasan nega qo‘rqishingni, sen uchun arzimas bo‘lgan pul uchun oilang buzilishini istamasang kerak. Esingdami, mashinangda qurilish materiallari sotiladigan bozorga ketayotgan vaqtimizda menga aytgan gaplaring.
«Baxa bitta iltimos bor, bir ish qilish kerak. Buni faqat sen va men bilishimiz kerak. Hatto sheriklaring ham bilmasin, ayniqsa Mariya umuman bilmasligi kerak, agar u bilib qolsa, sen menga ishonmasdan, meni poylab yuribsanmi, deya rasvoyimni chiqaradi, u hamma sirlarimni biladi. Shuning uchun bu sir bo‘lishi kerak. Hozir bozordan uch dona kichkina kamera olamiz. Ya'ni yashirin kamera, uyning uch joyiga o‘rnatasan, yotoqxonamizga, katta eshikdan kirgan joyda zalga va oshxonamizga. Bilasan men safarlarda yurishim ko‘p, Mariya hali yosh, chiroyli, o‘ynab kulgisi keladi. To‘g‘risi, unga ishonmayapman, menga xiyonat qilishi mumkin. Har qadamini kuzatishim kerak. Iltimos sendan, bu sir shu kameralarni hech kim bilmaydigan qilib o‘rnatib ket», deganding, o‘sha kameralar hozirda uyingda ishlab turibdi. Buni faqat ikkimiz bilamiz. Mariya ham bilsa nima bo‘lar ekan a? – dedim.
– Sen… sen... axir so‘z bergansan hech kimga aytmayman deb, erkak kishi so‘zida turishi kerak. Seni topib olsam nima qilaman, bilasanmi?!
– Topa olmaysanda, men hozir aeroportda o‘tiribman, tez orada uchib ketaman. Agar o‘n besh daqiqada kartamga o‘ttiz ming tushmasa, Mariyaga xabar yozaman. Bilasan, uning raqami bor menda, yana bir ikkita gaplar ham qo‘shib yuboraman o‘zimdan ham. Natasha degan jazmaning ham bormidi-yey... Uch dona yashirin kameralarni ko‘rgach, Mariya menga ishonadi, albatta.
Oleg nimalardir deb rosa so‘kindi, qars-qurs qilgan ovozlardan bildimki, bir narsalar sindi ham.
– Kelishdik, hozir karta raqamingga tashlayman pulni. Ammo men senga ishonib bu ishni qildirgan edim, yaxshimas so‘zida turmaslik, sirni sotish, – dedi.
– Sen so‘zingda turdingmi? Agar sen so‘zingda tursang, men ham so‘zimda turaman, – dedim.
– Keyin yana so‘ramaysanmi? Yana Mariyaga aytaman demaysanmi? – men kechasi his qilgan qo‘rquvni endi u boshidan o‘tkazayotgani ovozidan sezildi. Bilgandim bu baqiroq xotinidan shunaqa qo‘rqishini.
– Men sendan o‘zimiz ishlagan mehnat haqimizni so‘radim, ortiqcha bir chaqa kerakmas, kartamga pul tushishi bilan sening ham, xotiningning ham telefon raqamlaringni o‘chirib tashlayman, so‘z beraman.
U indamasdan telefonni o‘chirdi.
Oradan besh daqiqa ham o‘tmasdan, telefonimga xabar keldi. Kartangizga falonchi falonchiyev o‘ttiz ming rubl o‘tkazdi, degan.
Shu gaplarga ham sal kam uch yil bo‘libdi.
* * *
P.S.: Ruslar bu yozganlarimni o‘qimaydi-yu, baribir har ehtimolga qarshi ismlar o‘zgartirildi.
Baxtiyor Tursun
24.04.2021
Mavzuga oid
15:29 / 11.12.2024
Moskvadagi harbiy sud terrorizm bo‘yicha deyarli barcha ishlarni yashirdi
20:42 / 04.12.2024
Rossiyada «Krokus»dagi teraktga aloqador yana to‘rt kishi qo‘lga olindi
10:57 / 26.11.2024
Krokus terakti: gumondorlarni qamoqda saqlash muddati yana uzaytirildi, lekin buyurtmachi hamon aniq emas
11:47 / 13.11.2024