O‘zbekiston | 08:39 / 21.05.2021
5283
2 daqiqa o‘qiladi

«Poytaxt bank»dagi davlat aksiya paketi sotuvga qo‘yildi

Savdo raqobat asosida, barcha manfaatdor ishtirokchilar uchun ochiq ariza topshirish orqali amalga oshiriladi.

«Poytaxt bank» AJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiya paketlari sotuvga qo‘yildi. Bu haqda «Davaktiv» agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, savdo raqobat asosida, barcha manfaatdor ishtirokchilar uchun ochiq ariza topshirish orqali amalga oshiriladi.

Xalqaro miqyosida tan olingan konsalting xizmatlari ko‘rsatuvchi Deloitte kompaniyasi bankni xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida tanlab olingan.

«Davlat aksiya paketlarini sotishdan asosiy maqsad bankning moliyaviy barqarorligini oshirish va bank tomonidan taqdim etiladigan professional bank xizmatlari turini kengaytirish, shu bilan birga, bank sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar va kredit liniyalarini jalb qilish», deyiladi xabarda.

Bank 2017 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unda tijorat bank va xalqaro valuta operatsiyalarini amalga oshirish, qimmatli qog‘ozlar, ssuda va kafilliklar berish, omonatlar qabul qilish va kredit berish, respublika hududida to‘lovlarni amalga oshirish, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarga boshqa bank xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati olib boriladi.

Shuningdek, bank tasdiqlangan davlat sug‘urta qo‘yilmalari dasturida ishtirok etadi, litsenziyasi bekor qilingan holda ham qo‘yilmalar summasidan qat'i nazar, 100 foiz miqdorida qaytariladi.

Ma'lum qilinishicha, «Poytaxt bank» AJ sotilish mexanizmi va jarayoni 4 bosqichdan iborat bo‘ladi. Qiziqish bildirgan xaridor 20 iyunga qadar «Davaktiv» agentligi elektron manzillariga murojaat qilishi mumkin.

Mavzuga oid