Iqtisodiyot | 19:20 / 15.06.2021
12688
3 daqiqa o‘qiladi

UZEX: fyuchers savdolari bo‘yicha AQShning brokerlik kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi

2021 yil 3-10 iyun kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi vakillari AQShga xizmat safarini uyushtirishdi.

Tashrifning ikkinchi qismida birja vakillari AQShning yirik moliya va brokerlik kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi, shuningdek, Chikago tovar birjasi guruhi (CME Group), Nyu-York tovar birjasi (NYMEX), Nyu-York fond birjasi (NYSE), Yuqori texnologiyalar bo‘yicha fond birjasiga (Nasdaq) tanishuv tashrifi uyushtirildi.

Xususan, birja vakillarining “Auerbach Grayson & Company LLC” kompaniyasining (Nyu-York) boshlig‘i Devid Greyson (David Grayson) bilan uchrashuvi o‘tkazilib, tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandumga ko‘ra, O‘zbekiston birjasi fyuchers savdolarini tashkillashtirishda AQSh amaliyotini chuqur o‘rganish, konsalting xizmatlaridan foydalanish va tovar segmentida fyuchers shartnomalarini joriy etish yo‘nalishlarida “Auerbach Grayson & Company LLC” kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi.

Ta'kidlash joizki, “Auerbach Grayson & Company LLC” kompaniyasi 1993 yilda tashkil topgan bo‘lib, kompaniya institutsional investorlik bo‘yicha kapital bozorlarga sarmoya kiritish bilan shug‘ullanadi. Mazkur xalqaro brokerlik idorasi dunyoning ko‘plab hududiy birjalari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

Shuningdek, UZEX birjasi vakillari “Broker-Junction LLC” brokerlik kompaniyasining boshlig‘i Armin Fatxi (Armin Fathi) bilan muzokaralar o‘tkazishdi. O‘tkazilgan muzokaralar natijasida fyuchers bozori ishtirokchilari (xejyerlar, savdogarlar va marketmeykerlar) hamda mahalliy brokerlik idoralari va treyderlarga fyuchers savdolarini o‘rgatish va ularni muddatli bozorlarga tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

“Broker-Junction LLC” kompaniyasi 2005 yildan buyon AQShning Chikago tovar birjasi (CME) va Nyu-York tovar birjasida (NYMEX) faoliyat yuritadi. Kompaniya mijozlarga fyuchers savdolarida ishtirok etish va brokerlik litsenziyani olish uchun tayyorlov o‘quv-amaliy kurslarini tashkillashtirish bilan shug‘ullanadi. “Broker-Junction LLC” kompaniyasi AQShning Tovar fyuchers savdolari bo‘yicha komissiyasidan (CFTC) ro‘yxatdan o‘tkazilgan va Fyucherslar milliy uyushmasining (NFA) a'zosi hisoblanadi.

Mazkur yo‘nalishda Amerikaning boshqa o‘quv markazlari bilan ham dastlabki kelishuvlarga erishilib, ularga ko‘ra birja xodimlari, brokerlik idoralari, treyderlar va fyuchers savdo ishtirokchilarini tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha onlayn-o‘quv kurslari tashkillashtiriladi.

Shuningdek, tashriflar davomida AQSh birjalarining faoliyati, jumladan, ularning tashkil etilish va rivojlanish tarixi, birja qoidalari, savdo ishtirokchilariga qo‘yilgan talablar o‘rganildi hamda Amerika treyderlari bilan samarali suhbatlar o‘tkazildi.

“O‘zRTXB” AJ PR bo‘limi

Mavzuga oid