10:30 / 23.06.2021
13553

90 kungacha vizasiz sayohat. Pele yurti vizasini olish tartibi

UzbekLife turli mamlakatlar vizalari haqida ma'lumot berishda davom etadi. Mazkur maqolada Braziliya vizasi: murojaat jarayoni, talablari va Braziliya vizalari turlari yuzasida batafsil so‘z yuritamiz.

Boshqa mamlakatlarda bo‘lgani singari Braziliya vizasini olish uchun ham viza beruvchi tegishli davlat organlariga murojaat qilishingiz va hujjat topshirishingiz kerak bo‘ladi. Biroq, ba'zi mamlakatlar borki, ularning fuqarolari viza talablaridan ozod qilingan.

Braziliya vizasini elektron olish mumkinmi?

Yo‘q. Braziliya hukumati endilikda chet el fuqarolariga elektron vizalar (eVisa) taqdim etmayapti. Ilgari AQSh, Kanada, Avstraliya va Yaponiya mamlakatlari fuqarolari viza olish uchun onlayn shaklda murojaat qilishlari va Braziliya vizasini elektron pochta orqali olishlari mumkin edi. Ushbu tartib 2018 yil yanvar oyida yo‘lga qo‘yilgan va 2019 yil 17 iyungacha amalda bo‘lgan. Hozirda bunday tartib amal qilmaydi, buning o‘rniga, ushbu mamlakatlar fuqarolari endi Braziliyaga 90 kungacha vizasiz sayohat qilishlari mumkin. Agarda bundan ko‘proq muddatga qoladigan bo‘lsalar, Braziliya konsulligiga murojaat qilishlari hamda viza olishlari kerak bo‘ladi.

Braziliya vizasining qanday turlari mavjud?

Braziliya vizasining ikkita asosiy turi mavjud:

1. Braziliyaga tashrif vizasi (VIVIS), shuningdek, turistik viza deb ham nomlanadi. Ushbu turdagi vizalar Braziliyada 90 kundan ortiq bo‘lmagan qisqa muddatli qolish uchun beriladi. Braziliya tashrif vizasining turlari:

-      Braziliya turistik vizasi;

-      Braziliya biznes vizasi;

-      Braziliya tranzit vizasi.

2. Braziliyada vaqtinchalik bo‘lish vizasi (VITEM). Ushbu turdagi vizalar mamlakatda uzoq muddatga bo‘lish imkonini beradi: viza egalari Braziliyada 90 kundan ortiq muddatga qolish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ushbu viza yordamida Braziliyaga kelganingizdan so‘ng, 90 kun ichida Braziliya Federal Politsiyasining (DPF) mahalliy idorasida ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak. Ro‘yxatdan o‘tgach, sizga migratsiya kartasi (CRNM) beriladi va belgilangan muddatga (odatda bir yildan uch yilgacha) Braziliyada yashash huquqini olasiz. Migratsiya kartasini muddati tugamasdan turib yangilash mumkin.

Braziliya vaqtinchalik vizasining turlari:

-      Braziliya ish vizasi

-      Braziliya talaba vizasi

-      Braziliyada oila birlashuvi vizasi

Braziliya vizasini olish uchun mavjud talablar

Braziliya vizasini olish uchun murojaat qilganingizda, arizaga ilova tarzida ba'zi hujjatlarni topshirish lozim bo‘ladi. Hujjatlar viza turi va murojaat tushayotgan davlatga qarab o‘zgarishi mumkin.

Quyida viza olish uchun zarur hujjatlar to‘plamini keltiramiz:

1) Shaxsingizni tasdiqlovchi pasport (yaroqlilik muddati eng kamida kelgusi olti oy ichida tugamasligi va kamida ikkita bo‘sh viza sahifasiga ega bo‘lishi kerak);

2) Braziliya vizasiga ariza kvitansiyasi;

3) Pasport o‘lchamidagi rasm;

4) Qaytish chiptasi;

5) Braziliyada bo‘lish muddati davomida xarajatlarni qoplash uchun yetarli moliyaviy vositalarni tasdiqlovchi hujjat. Masalan, so‘nggi uch oylik bank hisobotlari;

6) Bandlik holatini tasdiqlovchi hujjat. Ushbu hujjat quyidagi ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin:

Agar ishlayotgan bo‘lsangiz: ish beruvchidan ismingiz, lavozimingiz, ish haqingiz, u yerda qancha vaqtdan beri ishlayotganingiz haqida ma'lumot beruvchi xat;

Agar siz o‘zini o‘zi ish bilan band qilgan sub'yekt bo‘lsangiz: notarial tasdiqlangan tasdiqnoma, soliqlar hisobnomasi;

Agar siz talaba bo‘lsangiz: ta'lim olayotgan universitetingizdan o‘qishga kirganingizni tasdiqlovchi xat.

7) Braziliyada turar joyga ega ekanligingizni tasdiqlovchi hujjat. Buyurtma qilingan mehmonxona yoki mamlakatga taklifnoma (do‘stlaringiz/oilangiz bilan yashaydigan bo‘lsangiz);

8) Viza to‘lovi to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;

9) Oldindan to‘lovi amalga oshirilgan qaytish chiptasi;

10) Konsullik xodimlari talab qiladigan boshqa qo‘shimcha hujjatlar.

Shuningdek, turli viza turlarida sizning sayohat maqsadingiz bilan bog‘liq boshqa hujjatlar ham talab qilinishi mumkin.

Viza uchun fotosuratning o‘ziga xos talablari

Braziliya vizasini olishda tayyorlanadigan hujjatlar uchun fotosuratlar o‘zining maxsus talablariga ega. Ushbu talablarga javob bermaydigan fotosurat bilan siz viza olishda muammoga duch kelishingiz mumkin. Biz ushbu talablarni to‘plam holida keltiryapmiz. Ularni yodda saqlashni va rioya qilishni unutmang!

Braziliya vizasi uchun fotosurat talablari:

- O‘lcham: 4 x 5 sm (2 x 2 dyuym);

- Muddat: so‘nggi olti oy ichida;

- Fon: oq va tekis;

- Obekt joylashuvi: markazda va kameraga tikilgan holda;

- Yuz hajmi: to‘liq ko‘rinadigan hajmda;

- Yuz ifodasi: neytral (xafa, xursand, kulish holatlari bilan tushish to‘g‘ri kelmaydi);

- Tashqi obektlar: biror bir ko‘zgu, soya yoki nur bo‘lmasligi kerak;

- Bosh kiyimlar: hech qanday bosh kiyim kiyish mumkin emas, diniy maqsadda kiyilgan bosh kiyimlar bundan mustasno. Shunday bo‘lsa ham, ular yuzni to‘smasligi zarur;

- Ko‘zoynak: qalin jantli, qoraygan, juda katta ko‘zoynak taqish mumkin emas;

- Yosh bolalar va go‘daklar: ular rasmda yolg‘iz bo‘lishlari lozim (ularni hech kim ushlamasligi, hech qanday o‘yinchoqlar bo‘lmasligi kerak).

Braziliya vizasini olish tartibi

Braziliya vizasini olish uchun Braziliyaning xorijiy davlatlardagi elchixonalari yoki konsulliklaridan biriga murojaat qilish kerak. Jarayon ariza beruvchining yashash joyiga qarab biroz o‘zgarishi mumkin, ammo umumiy jarayon quyidagi bosqichlarda amalga oshadi:

! Braziliyaning eng yaqin elchixonasini/konsulligini toping. Bu sizning mamlakatingizda yoki qo‘shni mamlakatda bo‘lishi mumkin.

Eslatma: O‘zbekiston Respublikasida Braziliyaning rasmiy elchixonasi mavjud emas. O‘zbekistonga eng yaqin Braziliya elchixonasi Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Nursulton shahrida joylashgan. Shuningdek, 2016 yil fevral holatiga ko‘ra, Braziliya 54 ta mamlakatda doimiy elchixonasiz diplomatik vakolatxonasiga ega. O‘zbekiston ham ushbu mamlakatlar orasida mavjud bo‘lib, Braziliya elchixonasi joylashgan joyda (Moskva shahrida) ular ustidan kumulyativ yurisdiksiya mavjud bo‘ladi.

Braziliya vizasiga murojaat qilishda yodda tutish kerak: Ba'zi Braziliya elchixonalari/konsulliklari sizga arizani viza yoki sayohat agentligi orqali yuborishga imkon beradi, ammo barchasi hammasi emas. Xuddi shunga o‘xshab, ulardan ba'zilari arizangizni pochta orqali yuborishingizga imkon berishi mumkin, boshqalari esa arizani shaxsan topshirishingizni qat'iy talab qiladilar.

Braziliya viza to‘lovlari

Braziliya vizasi uchun to‘lovlar quyidagicha:

1. Tashrif / sayyohlik vizasi uchun to‘lov: 80,00 AQSh dollari (barcha mamlakatlar uchun, quyida keltirilgan davlatlardan tashqari:

-        Angola: 180,00 AQSh dollari;

-        Jazoir: 85,00 AQSh dollari;

-        Avstraliya: 120,00 AQSh dollari;

-        Xitoy: 115,00 AQSh dollari;

-        Amerika Qo‘shma Shtatlari: 160,00 AQSh dollari;

2. Vaqtinchalik viza uchun to‘lov: 100,00 AQSh dollari

3. Diplomatik va rasmiy vizalar: Bepul

Ba'zi mamlakatlarda, masalan, Buyuk Britaniya, AQSh, BAA yoki Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlarida vaqtinchalik viza uchun to‘lovlar boshqacha bo‘lishi mumkin.

Braziliya vizasini qancha vaqtda olish mumkin?

Braziliya vizasini berish muddati sizning arizangizni ko‘rib chiqadigan elchixona/konsullikka bog‘liq. Asosan, ariza topshirganingizdan boshlab 10-15 ish kunigacha kutishingiz mumkin. Uzoq muddatli vizalar uchun ko‘proq vaqt ketishi mumkin. Shuni hisobga olgan holda, sayohat qilishni rejalashtirgan vaqtdan boshlab oldindan ariza topshirishga harakat qilavering.

Turistik viza

Braziliya turistik vizasi Braziliyaga qisqa muddatli maqsadlarda borishni istagan chet elliklar uchun beriladi. U maksimal 90 kunlik muddatga beriladi. Nomidan ko‘rinib turibdiki, siz Braziliyaga sayyoh sifatida yoki dam olish maqsadida, shu jumladan, sport bilan shug‘ullanishni istasangiz, Braziliya turistik vizasiga murojaat qilasiz.

Biznes viza

Braziliya ishbilarmonlik vizasi – bu viza turi biznes bilan bog‘liq bo‘lgan sayohat qilayotgan chet elliklarga beriladi. Bunga yig‘ilishlarda qatnashish, muzokaralar, reportajlar (jurnalistlar uchun), shartnomalar imzolash, shuningdek, samolyot yoki kema ekipaji kiradi.

Tranzit viza

Agar siz Braziliya aeroportida samolyotlarni o‘zgartirsangiz yoki Braziliya hududi orqali boshqa manzilga yo‘l olsangiz, sizga Braziliya tranzit vizasi kerak. Ammo, aeroportning xalqaro maydonidan chiqib ketmasangiz, sizga tranzit vizasi kerak emas.

Ish vizasi

Braziliyada ish topgan bo‘lsangiz, Braziliya ish vizasiga murojaat qilishingiz mumkin. Sizning yangi ish beruvchingiz o‘z kompaniyasida ishlashingiz uchun Braziliya Mehnat vazirligidan tasdiq olishi kerak. Mehnat vazirligi so‘rovni ma'qullagandan so‘ng, ular Braziliya konsulligiga sizning ish vizangiz uchun murojaat qilgan joyingizga xabar berishadi. Keyin, konsullik idoralari pasportingizda vizani muhrlaydi va siz Braziliyaga borishingiz mumkin. U yerda 90 kun ichida Federal Politsiyada ro‘yxatdan o‘tishingiz lozim.

Braziliya vizasini uzaytirish mumkinmi?

Ha. Siz Braziliya vizasining deyarli barcha turlarini uzaytirish uchun murojaat qilishingiz mumkin. Vizani uzaytirish uchun arizani Braziliya Federal Politsiyasining (DPF) mahalliy idorasida topshirasiz. Ariza viza muddati tugashidan kamida ikki hafta oldin, lekin bir oydan ilgari topshirilishi kerak.

Davlatbek Asadov tayyorladi

Mavzuga oid
Top