Jamiyat | 21:32 / 26.07.2021
24328
8 daqiqa o‘qiladi

Jamoaviy immunitet yechim emas - professor Tugizov vaksina olishning ahamiyati haqida

Vaksina natijasida shakllangan immunitet koronavirusga chalingandan keyin yuzaga keladigan immunitetdan kuchliroq bo‘ladi, deya ma'lum qildi Kaliforniya universiteti professori Sharof Tugizov.

Foto: Uzreport TV

O‘zbekistonda o‘tgan 2020 yilda aholining katta qismi koronavirusga chalinib sog‘aygani haqida norasmiy taxminlar aytilayotgan edi. Yil oxiriga borib kasallanish holatlari keskin kamayib ketgani jamoaviy immunitet shakllanganining belgisidek ko‘ringan edi.

Biroq oradan yarim yil o‘tib, COVID-19'ning yangi to‘lqini keng miqyosda avj olib ketdi. Kaliforniya universiteti professori, virusolog Sharof Tugizovning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytga kelib jamoaviy immunitet g‘oyasi yechim bo‘la olmasligi ma'lum bo‘lgan.

“Boshida shunday nazariya bor edi. Bu nazariya ishlamadi”,dedi Tugizov “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida.

Professorning tushuntirishicha, koronavirusga chalinib sog‘aygan odamlarda bu virusga nisbatan shakllanadigan immunitet kuchli emasligi ayon bo‘lmoqda.

“Mana shu vaziyatda vaksina kerak. Nima uchun? Vaksina koronavirusning bitta oqsiliga nisbatan organizmda immunitet chaqiradi. Bu immunitet virusga chalinib sog‘aygandan keyin paydo bo‘ladigan immunitetdan ko‘ra yaxshiroq, chunki koronavirusning 30ta geni bor. Bitta spetsifik genga qarshi shakllangan immunitet 30ta genga qarshi shakllangan immunitetdan kuchliroq bo‘ladi”, – dedi professor.

Sharof Tugizovning aytishicha, vaksinalar organizmda koronavirusning S geniga nisbatan spetsifik sezuvchanlikni hosil qiladi. Koronavirus ayni shu gen (toj shaklidagi oqsil) yordamida inson hujayrasiga kira oladi.

“O‘tgan yili koronavirusga chalinib sog‘aygan odamlarga emlanish zarurati bo‘lmasa kerak, degan fikrda edim. Bugun esa aksincha, chunki kasallanib chiqqandan keyin shakllanadigan immunitet juda sust ekanini ko‘ryapmiz.

Umuman, [nafaqat SARS-CoV-2, balki boshqa ko‘plab] koronaviruslarga nisbatan odamlarda shakllanadigan immunitet kuchli bo‘lmaydi. Koronaviruslarning pandemik bo‘lmagan to‘rtta boshqa shtammlari bor, ularga qarshi immunitet 1 yilga yetar-yetmas.

Masalan, gerpes virusiga qarshi immunitet butun umrga yetadi. Koronaviruslar esa, agar vaksina bo‘lmasa, kuchli immunitet chaqirishi qiyin”, – deydi virusolog.

Tugizov dunyo miqyosida foydalanilayotgan 4-5 xil vaksinaning samaradorligi va xavfsizligiga nisbatan hech qanday shubhaga o‘rin yo‘qligi, 1 milliarddan ko‘proq odam to‘liq vaksina olib bo‘lganini aytarkan, bu jarayonni tezlashtirish zarurligini ta'kidladi.

Olimga ko‘ra, emlash sur'ati qancha sust bo‘lsa, virusning vaksinalar ta'sir qilmaydigan yangi shtammlari paydo bo‘lishi ehtimoli ham shuncha ko‘p bo‘ladi.

“Agar hozir aholi tezroq emlanmasa, virus yana mutatsiyaga uchrashi oqibatida hozirgi samarali vaksinalar 2-3 yildan keyin samara bermay qolishi ham mumkin. Shuning uchun tezlik bilan, 2 yil ichida ommaviy immunitetni shakllantirish kerak.

Virus aholi orasida qancha ko‘p tarqalsa, uning yangidan yangi turlari paydo bo‘lishi ehtimoli ham shuncha oshaveradi”, – deydi Kaliforniya universiteti professori.

AQShdagi o‘zbek olimi suhbat davomida aytib o‘tgan yana qator fikrlar quyida keltirib o‘tiladi.

Koronavirusning to‘rtta katta varianti

— Vaksinalar juda yaxshi ishlayapti, lekin virus juda tez o‘zgaryapti. Bugungi kunda butun dunyoda to‘rtta katta varianti tarqalyapti: alfa “inglizcha” variant, betta – “janubiy afrikacha” variant, gamma – “brazilcha” variant, delta – “hindcha” variant.

Mana shu variantlarda virus to‘xtamasdan mutatsiyaga uchrayapti. Mutatsiya – bu virusning xususiyatlaridan. Bu virus – hamisha o‘zgaradigan virus. Baxtga qarshi, yomon tarafga o‘zgaryapti. Oxirgi chiqqan “hindcha” varianti avvalgi variantiga qaraganda retseptorga bog‘lanishi 2 barobar kuchli va 2 barobardan ko‘proq patologiya chaqiradi.

Virusning yomon tomonga o‘zgarishi xavotirli. Mutatsiyalar virusni kuchsizlantirsa, virus yo‘qolib ketadi; lekin aksincha, mutatsiyalar virusni kuchaytirsa, uning tarqalishi tezlashadi va ko‘proq o‘limga olib kelishi mumkin.

Bizda dastlabki in-vitro ma'lumotlar bor, ularga ko‘ra, vaksinalar delta shtammiga qarshi ishlayapti. Vaksinalar natijasida hosil bo‘lgan antitanachalar delta variantini laboratoriya sharoitida o‘ldiryapti (odamlardagi ma'lumotlar hozircha yo‘q). Bu – vaksina ishlayotganini ko‘rsatuvchi juda katta pozitiv yangilik.

Shuning uchun hozir emlanish juda muhim ahamiyatga ega.

“Vaksina olganlar orasida kasallanish nihoyatda kam”

— Emlanganlar ham koronavirus yuqtiradi, chunki hech bir vaksina kasallikdan 100 foiz himoya qilmaydi. Bu yerda gap vaksinada emas, odam organizmida. Yoshi 70dan yuqori odamlarda immun himoyasi yaxshi ishlamaydi, 80-90 foiz odamlarda keksaygani sari immunitet susayib boradi.

Vaksinaga nisbatan organizmining reaksiyasiga qarab, emlanuvchilarni uch guruhga bo‘ldik, birinchisi – “non-responders”, ya'ni organizmi vaksinaga nisbatan javob reaksiya bildirmaydigan, vaksinadan foyda kam bo‘lgan odamlar. Buning sababi – bunday insonlarning immuniteti sust bo‘ladi, bularga – keksalar va biror kasallik sabab immuniteti tushib ketgan kishilar kiradi.

Ikkinchi guruh emlanuvchilar – “overactive responders”, ya'ni organizmiga vaksinaga giperaktiv reaksiya bildiradi. Uchinchi guruh esa – “responders”, ya'ni vaksinaga normal reaksiya qiladigan, organizmi muayyan vaqt o‘tib antitanachalar ishlab chiqaradigan odamlar guruhi, ular jami aholining 80 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

Uchinchi guruh emlanuvchilarda vaksinalar yaxshi ishlaydi. Bugun ertalab San-Fransiskodan kelgan ma'lumotlarni tahlil qildik. Unga ko‘ra, yangi kasallanganlarning 96,4 foizi vaksina olmaganlar ekan.

Vaksina olganlar orasida kasallanish nihoyatda kam. Shuning uchun hozir vaksinatsiyaga juda katta e'tibor qaratish kerak, bu global masalaga aylandi. Vaksina bor bo‘lib turib, odamlar emlanmasa, bu – juda katta muammo.

Kasalliklar nazorati markazi (CDC)ga ko‘ra, hozir AQShda vaksinatsiya darajasi past shtatlarda kasallanish ko‘rsatkichlari oshyapti.

Isroilni qarang, bu davlat – juda yaxshi namuna. Isroilda 80 foiz aholi emlandi, kasallanish holatlari nihoyatda kam. Demak, vaksinani albatta olish kerak. Aholining emlanmasligi katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

“Samarasi 50 foiz bo‘lsa ham, juda yaxshi vaksina deb hisoblanadi”

— Vaksina 95 foiz samarali deganda shuni yodda tutish kerakki, bu raqamlar 3-bosqich klinik sinovlar vaqtidagi natijalarga asoslangan. Sinov davrida esa asosan sog‘lom odamlar emlangan edi. Hozirgi vaziyatda esa bu ko‘rsatkich 95 foiz bo‘lmasligi mumkin. Chunki umumiy massani emlaganda, yuqorida aytganimdek, vaksina qanchalik yaxshi bo‘lishidan qat'i nazar, u ayrim odamlarda ishlamaydi.

 Vaksina samaradorligi 50-60 foiz bo‘lsa ham bu juda yaxshi natija. 90 foiz samarador bo‘lsa, uni fantastik darajadagi yaxshi vaksina deyish mumkin.

Umuman, hozirda butun dunyoda aholi 5-6 xil vaksina bilan emlanyapti, bu vaksinalarda ilmiy jihatdan muammolar yo‘q. Lekin hozir internetda nihoyatda ko‘p yolg‘on ma'lumotlar tarqalyapti.

Vaksinalardan keladigan immunitet qancha vaqt saqlanib qoladi, buni aniqlashga hali erta. Chunki buning uchun vaqt kerak.

Mavzuga oid