16:31 / 06.08.2021
18121

Alisher Qodirov - prezidentlik saylovi, «Milliy tiklanish»ning uch nomzodi va ijtimoiy tarmoqdagi fikrlar haqida

O‘zbekiston prezidentlik saylovida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan partiya siyosiy kengashi raisi, Oliy Majlis qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov nomzod sifatida ishtirok etadi. 

Bu haqdagi qaror partiyaning 6 avgust kungi navbatdan tashqari plenumida qabul qilindi. Qodirov nomzodi endilikda partiya qurultoyida ham ma'qullanishi kerak.

«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi tadbir yakunida tashkil qilingan matbuot anjumanida ham qatnashdi.

Quyida Alisher Qodirovning OAV vakillarining savollariga bergan javoblari bilan tanishishingiz mumkin.

— Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, prezidentlik saylovida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan nomzod sifatida ko‘rsatish uchun 3 nafar siyosatchi nomi bo‘lgan. Bular: Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, partiya raisi o‘rinbosari Firuza Muhammedjonova va Alisher Qodirov. Xo‘sh, plenum nima uchun sizni tanladi?

— Menda bunday ma'lumot yo‘q.

— Lekin bizda bor.

— Barcha fidoyilarimiz uzoq muhokamalardan keyin partiya ilgari surayotgan g‘oyalar bo‘yicha menga ishonch bildirdi. Keyingi qiladigan ishlarimiz esa Markaziy saylov komissiyasi bilan ishlash bo‘ladi. Biz shuningdek, nomzodni partiyaning eng yuqori organi Qurultoyga berishimiz kerak. Agar bizning nomzodimiz qurultoyda ham ma'qullansa, biz jarayonlarga kirishamiz.

— Bugungi plenumda nomzodi prezidentlikka ko‘rsatilgan Alisher Qodirov nimani orzu qilyapti?

— Saylovda g‘olib bo‘lishni.

— Qanday maqsadlar bilan?

— Maqsadlarimiz dasturlarimizda belgilangan. Unda O‘zbekistonning rivojlanishi, uning bugungi muammolarini bartaraf etish va xalq yaxshi yashashi uchun barcha masalalar aks etgan.

— Partiyalar saylov oldidan o‘z nomzodlarini e'lon qilar ekan, voqelik odamlar orasida istehzoli fikrlar bilan kutib olinyapti? Bu sizningcha nimani bildiradi?

— Ijtimoiy tarmoqlar xalq degani emas.

— Lekin undan xalqning faol qatlami foydalanadi.

— Men bunday deb o‘ylamayman. Chunki biz ko‘cha, bozorlarda yuribmiz. U yerdagi aholi bilan ijtimoiy tarmoqlardagi aholining fikri bir-biriga butunlay teskari. Shuningdek, bugun ijtimoiy tarmoqlarda fikrlarni manipulyatsiya qilish mumkin. Oqni qora, qorani oq qilib ko‘rsatish mumkin.

Men ijtimoiy tarmoqlardagi emas, oddiy xalq fikriga ko‘proq quloq solish kerak deb o‘ylayman.

— Saylovda qancha ovoz olishni kutyapsiz?

— O‘zbekistonda saylovlar to‘la shaffof va adolatli o‘tishiga ishonaman. Bunda yagona maqsadimiz saylovchilar – xalq qaroriga bo‘ysunish.

— Siz «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari sifatida o‘zbek tili va uning nufuzi borasida ko‘p gapirasiz. Lekin eshitishimiz bo‘yicha farzandlaringiz rus tilli maktablarda tahsil olishadi. Buni nima deb tushunish mumkin?

— Mening farzandlarim O‘zbekistonning maktablarida o‘qiydi. O‘zbekistonda rus maktablari emas, rus tili o‘qitiladigan maktablar bor. Bugungi kunda O‘zbekistondagi barcha maktablarda rus tili o‘qitiladi va mening farzandlarim o‘qiyotgan maktablarda ham bu til o‘qitiladi.

— Siz avvalgi intervyularingizdan birida «Bu saylovlarda amaldagi hokimiyatni tanqid qiladigan fikrlarimiz albatta bo‘ladi», degandingiz. Xo‘sh, bu tanqidlar qaysi yo‘nalishlarda bo‘ladi?

— Bizning maqsad bu saylovlarda kimlarnidir tanqid qilish emas, o‘z takliflarimizni saylovchilar oldiga qo‘yish. Bu takliflar kimlar uchundir tanqid bo‘lishi mumkin.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Azimjon Vohidov.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top