13:59 / 13.08.2021
11657

O‘zbekistonning seysmologik atlasi tayyorlandi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi G‘.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti olimlari tomonidan «O‘zbekiston Seysmologik atlasi» loyihalandi va tuzildi.

Fanlar akademiyasi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston hududida kuzatilgan zilzilalarni kartografik jihatdan tasvirlash, zilzila jarayonlarini hozirgi tendensiyasi, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik oqibatlarini baholash, shuningdek mamlakatning seysmik xavfi yuqori bo‘lgan mintaqalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zilzilalarga qarshi ko‘riladigan chora-tadbirlarni rejalash maqsad qilingan.

«O‘zbekiston Seysmologik atlasi» 7 bobdan iborat bo‘lib, o‘z ichiga 70dan ziyod xaritalarni mujassamlashtirgan. Atlasda zilzila jarayonlariga oid xaritalardan tashqari geologik, tektonik va boshqa mavzulardagi xaritalar ham o‘rin olgan.

«O‘zbekiston Seysmologik atlasi» Seysmologiya institutida turli yillarda faoliyat ko‘rsatgan va hozirda o‘z faoliyatlarini olib borayotgan olimlarning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijalari asosida tayyorlandi. 

Bildirilishicha, mazkur atlasdan nafaqat geologiya, seysmologiya yo‘nalishi mutaxassislari, umuman Yer haqidagi fanlar bilan bog‘liq yo‘nalishlarda tahsil olayotgan magistrantlar, ilmiy izlanuvchilar, professor o‘qituvchilar va qiziquvchilar foydalanishlari mumkin.

Top