O‘zbekiston | 07:27 / 20.08.2021
9205
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus belgilari sog‘aygandan keyin darhol yo‘qolmasligi mumkin - Barno Odilova

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova koronavirusga chalingan bemorlar davolanganlaridan so‘ng qanday kun tartibiga amal qilishlari zarurligi bo‘yicha ma'lumot berdi.

Odilovaga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanib, shifoxonada yoki uyda davolangan bemorlarda kasallikning darajasiga ko‘ra, quyidagi belgilar muayyan muddatga saqlanib qoladi:

  • umumiy holsizlik;
  • ta'm va hid sezmaslik;
  • ishtaha pastligi;
  • mushaklardagi og‘riq;
  • ruhiy nomutanosiblik (tushkunlik, uyquchanlik yoki uyqusizlik)
  • respirator belgilar (yo‘tal, nafas olish qiyinchiligi, ko‘krak qafasidagi og‘riqlar.

Bunday holatlarda bemorning parvarishi va kun tartibini tashkillashtirishda nimalarga ahamiyat berish kerak?

  1. Bemorlar uchun alohida sharoit yaratish, kirish-chiqish va muloqotlarni cheklash.
  2. Bemor yotoqxonasini tez-tez shamollatish, xona haroratini 24 darajadan pasayib ketmasligiga erishish (konditsioner va ventilyatordan foydalanmaslik), kuniga 2-3 mahal namli tozalash ishlarini o‘tkazish.
  3. Bemor faqat yotoq holatda bo‘lishining oldini olish (dam-badam kuniga 4-5 mahal o‘tirish va bunda nafas olish mashqlari hamda yengil gimnastika mashqlarini bajarish, parvarishlovchi shaxs tomonidan ko‘krak qafasi va oyoq-qo‘llarini yengil uqalash).
  4. Bemorning shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishini ta'minlash (qo‘llarini tez-tez yuvish, tishlarni tozalash, holatiga ko‘ra kuniga 1 mahal dush qabul qilish, yotoq bemor tana qismlarini nam sochiq bilan artish).
  5. Bemorning ovqatlanishiga ahamiyat berish, bunda kuniga 2 litrdan kam bo‘lmagan miqdorda suyuqlikni kam-kamdan tez-tez ichish (muzdek, shirin-gazli va energetiklar, spirtli ichimliklardan cheklanish); kuniga 6-7 mahal yengil ovqatlanish (ratsionda sut mahsulotlari, meva-sabzavot va ko‘katlar, dukkakliklar, yormalar bo‘lishini ta'minlash, yog‘siz go‘sht, ayniqsa parranda go‘shtlarini iste'mol qilish hamda kuchli qovurilgan, yog‘li va hazmi qiyin bo‘lgan xamirli taomlar, tarkibida tuz, shakar va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan ovqatlar, fast-fudlarni cheklash);
  6. Jismoniy faollikni unutmaslik (ertalabki badantarbiya va kun davomidagi yengil jismoniy mashqlar, hattoki yotoqli bemorlar uchun ham foydali, shuningdek, holatga ko‘ra toza havoda sayr).
  7. Bemorni qo‘llab-quvvatlash, stresslardan ehtiyot qilish, kayfiyatini ko‘tarish, yaxshi hamsuhbat bo‘lish, to‘laqonli uxlashini ta'minlash, telefon yeki televizorda xayajonlanish, asabiylashishga undovchi ko‘rsatuv va filmlarni tomosha qilmaslik, kitob o‘qish, sevimli mashg‘ulotlar bilan band bo‘lish.
  8. Dori darmonlardan oqilona foydalanish, bunda ularni faqat shifokor tavsiyasiga ko‘ra qabul qilish.

Ushbu maslahatlarga amal qilish orqali kasallik va uning asoratlarini tezda yengishga erishish mumkin, deydi Barno Odilova.

Mavzuga oid