09:52 / 21.08.2021
2451

Andijonda elektroshoker bilan bosqinchilik qilgan fuqaro 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi

U tanishining uyiga o‘g‘rilikka tushib, 10 million so‘m atrofidagi tilla buyumlarni olib qochgan.

Andijon viloyati sudi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, fuqaro 2020 yil karantin davrida boshqaruvidagi «Damas» avtomashinasida oziq-ovqat mahsuloti savdosi bilan shug‘ullangan. 

Bu orada yaqin tanishi bir million so‘m miqdordagi qarzini talab qiladi. Yonida puli bo‘lmagan yigit xaridorlardan birining uyiga o‘g‘rilikka tushishni rejalashtiradi. 

2021 yilning 2 mart kuni ertalabki soat 6:00 da Marhamat tumanining "Turon" MFYda istiqomat qiluvchi, avvaldan xaridori bo‘lgan fuqaroning uyiga yashirincha kirib boradi. Soat 8:00 gacha uy egalari ishga ketishini poylab, uyning tom qismida o‘tiradi. Xonadonda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, rejasini amalga oshirishni boshlaydi. 

Bu orada uyga kirib qolgan oila a'zosi Nafisaxon Ahmedova (ism-sharif o‘zgartirildi) o‘g‘rini ko‘rib, baqirib yuboradi. Har qancha urinmasin, qochishga ulgurmaydi. O‘g‘ri uning yuz qismiga musht tushirib, harakatiga tobe holatga soladi va o‘zi bilan olib kelgan elektroshoker orqali qo‘rqitadi. 

Nafisa pul talab qilayotgan yigit garchi yuziga niqob kiyib olgan bo‘lsa-da, mahallasiga «Damas» avtomashinasida kelib, oziq-ovqat mahsuloti savdosi bilan shug‘ullanuvchi Mansurbek ekanligini tanib qoladi. Unga puli yo‘qligini aytadi. Bunga javoban yigit uning qulog‘i, bo‘yni va barmog‘idagi mavjud tilla taqinchoqlarni talab qiladi. Shu tariqa salkam 10 million so‘mlik tilla buyumlarni bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan o‘g‘ri hovlidan devor osha qocha boshlaganida Nafisaxon Ahmedova baqirib, mahalladoshlarini yordamga chaqiradi. Natijada o‘g‘ri o‘sha yerda qo‘lga olinadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Marhamat tuman sudida Mansurbek Mamadaliyevga nisbatan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Top