12:08 / 30.08.2021
29267

«Men Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik lavozimini kabinetdan xalq orasiga olib chiqqani uchun hurmat qilaman» - Ibrohim G‘afurov

Yozuvchi tarjimon, tanqidchi, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov Ko‘ksaroy qarorgohida taqdirlash marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Menga «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni jahon mumtoz yozuvchisi Fyodor Dostoyevskiy tavalludining 200 yilligida berilayotganida ham adabiyotga e'tibor, ramziy ma'nolar ko‘raman. Chunki men 30 yil davomida bu yozuvchining asarlarini o‘zbekchaga o‘girdim. Qarang, nafaqat yozuvchi, balki tarjimon ham munosib ko‘rilib, shunday yuksak mukofot berilmoqda.

Men prezidentimizni nima uchun hurmat qilaman – Shavkat Miromonovich 5 yil avval prezidentlikka kirishganidan boshlab o‘z lavozimini kabinetdan xalq orasiga olib kirdi. Uzoq qishloqlarga, ta'lim auditoriyalariga, qo‘shni davlatlar qalbiga kirib bordi bu inson», dedi Ibrohim G‘afurov.

Prezident ham adabiyotshunos olim haqida iliq fikrlar bildirgan.

«O‘zbek adabiyotining zabardast namoyandasi, atoqli tarjimon Ibrohim aka G‘afurov timsolida adabiyotimizning pok, halol, kamtarin katta vakilini ko‘raman. Bu inson butun umr mehnat qildi, umri shukronalikda o‘tdi.

Hozirgi kunda ham ko‘plab shoir va yozuvchilar, tarjimonlar Ibrohim akani adabiyot sohasidagi ustozim deydi, unga munosib shogird bo‘lishga harakat qiladi.

Ibrohim akaga o‘xshagan halol insonlar bizga o‘rnak bo‘lishi kerak. Hayotda, mehnatda, umrda. Bitta stol, ruchka va bitta xona. Boshqa biror narsani bu inson o‘zi uchun ep ko‘rmagan. Mana shunday inson albatta O‘zbekiston Qahramoni bo‘lishga loyiq», dedi davlat rahbari.

  • Ibrohim G‘afurov 1937 yil 27 dekabrda Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. 1956-1961 yillarda SAGU (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetida o‘qigan. 1961-1982 yillarda Davlat badiiy adabiyot nashriyotida kichik muharrir, tahririyat mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 1995 yilda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasini tashkil etish tashabbuskori bo‘lgan. U 1996 yildan mazkur partiyaning raisi, «Milliy tiklanish» gazetasining bosh muharriri bo‘lib ishlagan. G‘afurov «Go‘zallikning olmos qirralari» (1964) «Unutilmagan bog‘» (1965), «Joziba» (1970), «Yonar so‘z» (1973), «Yam-yashil daraxt» (1976), «Yurak -alanga» (1980), «Lirikaning yuragi» (1982), «She'riyat — izlanish demak» (1984), «O‘ttiz yil izhori» (1987), «Til erkinligi» (1998) singari adabiy tanqidiy, badia kitoblar muallifi. Ibrohim G‘afurov jahon adabiyotining «Jinoyat va Jazo», «Telba», «Qimorboz» (Doctoyevskiy), «Azizim» (Mopassan), «Alvido, qurol», «Chol va Dengiz» (E.Heminguey), «Qiyomat», «Chingizxonning oq buluti» (Chingiz Aytmatov), «Yong‘in» (V.Rasputin) singari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. I. G‘afurov filologiya fanlari nomzodi (1973), O‘zbekiston yoshlari mukofoti (1989) laureati, «Do‘stlik» ordeni sohibi (1995).
Top