Sport | 19:03 / 23.09.2021
28278
9 daqiqa o‘qiladi

Qirol ketdi, qirollikda parokanda boshlandi. «Barselona» Messisiz eplolmayaptimi?

Lionel Messining ketishi «Barselona» uchun og‘riqli bo‘lishi avvaldan ma'lum edi. Axir har yili 40-50talab gol urishi tayin bo‘lgan futbolchi birdaniga ketib qolishi har qanday jamoani qiynab qo‘yishi kutilgandi. Laporta «Barselona»da hammasi yaxshi bo‘lishiga ishontirayotgandi, ammo voqealar Laporta kutganidek emas, ko‘pchilik kutganidek rivojlanmoqda.

Foto: David Ramos/Getty Images

Xuan Laporta «Barselona» prezidentligiga qaytish uchun hamma ishni qildi. Hatto Messidan ham foydalandi. Saylovchilarga Messini klubda olib qolishini aytib, prezident bo‘ldi. Keyin esa La Liga cheklovlari tufayli yulduz futbolchi baribir ketishga majbur bo‘ldi. Klub rahbariyati buni Messining maoshiga pul topa olmay qolganliklari bilan izohlashdi, lekin maoshi ikki baravar qisqarishiga rozi bo‘lgan futbolchiga ta'tildan qaytishi bilan yangi shartnoma imzolashini aytishgandi.

Laporta Messini qo‘yib yuborish bilan cheklanmadi. Emerson, Moriba kabi klub kelajagi deb qaralayotgan yaxshi futbolchilar sotib yuborildi, Pikening maoshi qisqardi, Agueroga yangi klub topishi aytildi. Va transfer oynasida sharmandali yurish qilinib, Grizmann o‘rniga Lyuk de Yong olib kelindi. Fransiyani jahon chempionligiga olib borgan Grizmann o‘rniga Lyuk de Yongni olib kelish uchun faqat Laporta yoki Kuman bo‘lish kerak.

Xullas, «Barselona»da qiyin damlar kechayotgani «Granada» bilan o‘yinda yana bir bor bo‘y ko‘rsatdi va klub muxlislarini jiddiy o‘yga toldirib qo‘ydi. Butun boshli o‘yin davomida «Barselona» safida eng ko‘p zarba yo‘llagan futbolchi markaziy himoyada o‘ynagan Arauxo bo‘ldi, tasavvur qilyapsizmi? Va oxirgi daqiqada gol urgan himoyachi jamoasini sharmandali mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

6-turda yana bir kamtargina jamoa «Kadis» bilan o‘yinda kataloniyaliklar gol ura olishmadi (0:0), mavsumdagi uchinchi durangdan keyin jamoa 9 ochko bilan turnir jadvalining 7-o‘rnida joylashgan.

«Barselona» o‘yinlar davomida tinimsiz krosslarni amalga oshirish orqali natijaga erishishga intilmoqda. Vaholanki doim texnikasi yuqori futbolchilar o‘ynagan «Barselona» hech qachon bunaqa oddiy ko‘cha uslubida futbol o‘ynamagan. Kuman de Yongni olib kelish orqali to‘pni ikkinchi qavatga yetkazib berib, de Yongning bosh bilan urgan gollari evaziga chempionlikni ko‘zlagan ko‘rinadi.

Iqtisodiy muammo

Hozir «Barselona» jiddiy iqtisodiy muammoni boshdan kechirmoqda. O‘tgan yili jamoa 500 million yevroga yaqin pul yo‘qotgan. Buni qarangki, bu haqda o‘z vaqtida Messini 500 million yevroga olishi mumkin bo‘lgan «PSJ» uni tekinga qo‘l kiritgan vaqtda gapiryapmiz. Hozir Ronald Kumanning iste'fosi haqida gapirilyapti, lekin bu ham oson ish emas. «Barselona» niderlandiyalik murabbiyni ketkazish uchun kamida 12 million yevro kompensatsiya to‘lashi kerak. O‘zi shundog‘am oldingi murabbiy Kiki Setendan qarzini uzishda davom etayotgan klub Kumanni ketkazsa, yangi murabbiyga ham «otning kallasidek» maosh berishini inobatga olsak, bir vaqtning o‘zida uch murabbiyga maosh berayotgan bo‘ladi. Bu esa yillik maoshini 3 million yevroga ko‘tarishni so‘ragani uchun Moribani sotib yuborgan «Barselona» uchun og‘irlik qilishi tabiiy.

Kuman «Bavariya» bilan o‘yindan avval unga 2022 yilda yakuniga yetajak shartnomani yana bir yilga uzaytirish taklif qilinganini aytgandi, endi esa undan ketish-ketmasligi haqida so‘rashmoqda. Darvoqe, «Bavariya» 8:2 hisobidagi o‘yinda «Barselona» islohotlarga muhtoj ekanini ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lsa, oxirgi o‘yindagi yirik g‘alabasi bilan Kumanning kelishi jamoada hech narsani o‘zgartirmaganini ko‘rsatdi. O‘ta xotirjam «Bavariya»ning fonida «Barselona» juda bechora jamoadek ko‘rindi va o‘yinni bitta ham aniq zarbasiz yakunlandi.

Kuman to‘g‘ri aytdi, jamoadagi kamchiliklarni Messi o‘z o‘yini bilan yopib kelgan. U o‘tgan mavsumda oxirgi yillardagi eng zo‘r o‘yinini ko‘rsatgandi va «Oltin to‘p» uchun ham asosiy da'vogar ekanini isbotlagandi. Sal qolsa «Barselona» La Ligada ham g‘alaba qozonardi va bu aynan Messining fenomenal o‘yini sabab. Agar o‘tgan mavsumda Messi bo‘lmaganida, jamoa to‘rtlikka kirishi ham qiyin masala bo‘lib qolardi.

Ammo Laportaning «Peres bo‘lish yo‘lidagi» maqsadi yo‘lida qurbon qilingan Messi endi Parijda. Suares ham «Atletiko»ni ketma-ket ikkinchi chempionlikka olib borishga intilyapti, endi unga Grizmann ham yordam beradi. «Barselona» esa Martin Braytveytning yo‘qligi jiddiy yo‘qotish deb qabul qilinadigan, Lyuk de Yongning bosh bilan uradigan gollariga umid qiladigan, Arauxo qahramon bo‘lgan klub.

Shu o‘rinda «Barselona»ning g‘alati transfer siyosati haqida yana bir mulohaza. Klub o‘zining eng yaxshi futbolchilarini raqobatchisiga berib yuborish orqali ularni kuchaytirib yubormoqda. Masalan, o‘z vaqtida «Everton» bilan APL o‘rtamiyonasiga aylangan Kuman «Barsa»ga kelib, sobiq «liverpulchi» Suares o‘ziga kerak emasligini aytdi. Luis esa «Atletiko»ni chempion qildi. Endi Grizmann ham Simeone jamoasiga ketdi. Shunday ekan joriy mavsumda La Liga bosh sovrini uchun ikki Madrid klubi kurashishini taxmin qilish o‘rinli.

Keyingi qahramon kim bo‘ladi?

Niderlandiyalik Memfis Depay «Lion»dan tekinga olib kelindi va u dastlabki o‘yinlarda Messi yo‘qligini bildirmaydigandek taassurot uyg‘otdi. Ammo asta-sekin bu hamon o‘sha-o‘sha Depay ekanini ko‘rdik. Memfis hech qachon barqaror o‘yin ko‘rsatmagan, ayniqsa katta jamoalarda. Buni «MYu»da ham ko‘rgandik. Shuningdek, Messi ketgach, qolgan futbolchilarning ham ochilishi, jamoada yangi yulduzlar porlab chiqishi taxmin qilingandi. Ammo bunday ham bo‘lmadi. Masalan, Riki Puch zaxirada o‘tiribdi, Dembele doimgidek tiklanish bilan band, faqat raqami o‘zgargan.

Kataloniyaliklarning umidi Ansu Fatidan. Messining raqamini olgan yosh futbolchi endi shunga yarasha harakat qilishga intiladi. U tez orada safga qaytadi. Messining soyasida qolgani iddao qilingan boshqa yulduzlar esa hozircha umidlarni oqlamayapti.

Nega Messi bilan boshqacha edi?

Messining jamoada bor ekani boshqa futbolchilarga qiyinchilik tug‘diradi, deyish uchun kamida futbol ko‘rmaydigan odam bo‘lishi kerak. O‘zi bilan dunyoning eng zo‘r futbolchisi o‘ynayotgan futbolchi qanaqasiga o‘zini noqulay his qilishi mumkin? Aksincha uning jamoada bo‘lishi qolganlarga ishonch bag‘ishlaydi. Mag‘lub bo‘layotganda ham futbolchilar xotirjam bo‘ladiki, ular hozir Messi nimadir qiladi, degan o‘y bilan o‘ynashadi. Endi jamoada mana shunday ishonch yo‘q. Yaqingacha zaxira o‘rindig‘ida ham ko‘rinish bermagan, lekin endi asosiy tarkibda o‘ynayotgan Demir va Balde kabi 18 yoshli bolalar bor. Zaxirada yetarli imkoniyat yo‘qligi va Pike hujumni kuchaytirish uchun maydonga tushirilishi Kumanning emas, klubning inqirozi aslida.

Ha, «Barselona»ning bugungi holatida faqat Kumanni ayblash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Yakka hukmdor bo‘lishdan boshqa narsani o‘ylamayotgan va superliga haqida orzu qilayotgan Laporta, qisqasini aytganda, eplolmayapti. U tinmay qarzdorlik haqida gapirmoqda, lekin undan chiqib ketish uchun nimadir qila olmayapti. Hech bo‘lmasa, tekinga va arzonga ketgan futbolchilarni yaxshi narxga sotishi mumkin edi. Hozircha esa Kataloniyada parokandalik. Xuddi oldingi kabi parokandalik, faqat Messi yo‘q...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid