O‘zbekiston | 18:33 / 21.10.2021
4061
2 daqiqa o‘qiladi

Dori-darmon narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha qonun qabul qilish lozim - Maqsuda Vorisova

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova kam ta'minlangan aholiga malakali birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surmoqda.

Foto: Xalq demokratik partiyasi matbuot xizmati

“Birlamchi tibbiy yordam sifati, ayniqsa, kam ta'minlangan aholiga malakali birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirishda quyidagilarni ustuvor yo‘nalishlar, deb hisoblaymiz”, – deyiladi Vorisovaning saylovoldi dasturida.

Dasturga ko‘ra, mazkur vazifani amalga oshirishda quyidagilarni amalga oshirish reja qilinmoqda:

– mulkchilik shaklidan va moliyalashtirish manbalaridan qat'i nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul taqdim etiladigan, davlat tomonidan kafolatlangan majburiy tibbiy xizmatlar ro‘yxatini qonuniy jihatdan mustahkamlash;

– aholini, jumladan, kam ta'minlangan oilalarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni, boshqa ijtimoiy-demografik zaif guruhlarni yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordamdan foydalangan holda, har yili bepul ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish;

– aholining alohida toifalari, jumladan, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga taqdim etiladigan dori vositalari, medikamentlar, protezlash vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni bepul taqdim etish tizimini takomillashtirish;

– “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish.

Ma'lumot uchun, 20 oktyabr kuni Maqsuda Vorisovaning poytaxtlik saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid