20:52 / 04.11.2021
4609

Haitining yirik jinoiy to‘dasi bosh vazirni hokimiyatdan ag‘darish bilan tahdid qilmoqda

Haitining eng yirik jinoiy to‘dasi bosh vazir Ariel Anri o‘z ixtiyori bilan iste'foga chiqishga rozi bo‘lmasa, uni hokimiyatdan ag‘darish bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda EFE nashri to‘da yetakchisi Jimmi Sherizega tayanib xabar berdi.

Foto: Ricardo Rojas/Reuters

Sherizening aytishicha, u Anrini “qon to‘kish evaziga bo‘lsa ham” mamlakat rahbariyatidan chetlatishga tayyor. U o‘z to‘dasi aynan bosh vazirga emas, balki “mamlakatning 95 foiz boyligini o‘z qo‘lida ushlab turgan 5 foiz odamga” qarshi kurashayotganini aytgan.

Anrining iste'fosini talab qilayotganlar bosh vazirni marhum prezident Jovenel Moizning o‘ldirilishiga aloqador deb hisoblashmoqda. Bu ayblovlar Anrining Moizning o‘limida gumon qilinayotganlardan biri Jozef-Feliks Badyo bilan prezident qarorgohiga hujum uyushtirilgan kecha bir necha marta telefon orqali gaplashgani haqidagi axborotga asoslangan.

Jovenel Moiz 7 iyulda o‘z qarorgohiga sodir etilgan hujum vaqtida o‘ldirilgan. Moizning o‘limidan keyin mamlakat boshqaruvini bosh vazir Klod Jozef o‘z qo‘liga olgan. Biroq keyinroq u siyosatchilar o‘rtasidagi ixtilof mamlakatdagi vaziyatni chigallashtirishi mumkinligi sababli “mamlakat ravnaqi uchun” o‘z lavozimidan ketishga tayyorligini aytgan.

Mavzuga oid
Top