O‘zbekiston | 10:24 / 07.11.2021
49998
8 daqiqa o‘qiladi

«Bu juda jiddiy kasallik» - Shifokor xurrak otish sabablari va oqibatlari haqida

“Doimiy xurrak otish oqibatida insonning diqqati, xotirasi, intellekti tobora pasayib boradi. Organizmda salbiy ko‘rinishdagi gormonal o‘zgarishlar yuz beradi. Uyquning sifati muntazam buzilishi tufayli bir necha kasalliklar ham paydo bo‘ladi”, deydi shifokor Said Xudoyberganov.

Inson salomatligiga oid bu galgi intervyu ko‘pchilik hazilomuz va bepisand qaraydigan, aslida esa organizmda jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan kasallik — xurrak haqida. Oliy toifali LOR shifokori Said Xudoyberganov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda mazkur kasallikning kelib chiqish sabablari, oqibatlari va uni davolash choralari haqida gapirib berdi.  

Inson nega xurrak otadi?

“Xurrak dunyo bo‘yicha judayam dolzarb muammo va uni davolashda har doim ham ijobiy natijaga erishish qiyin hisoblanadi.

Xurrak otish — uyqu vaqtida insonning nafas olish jarayonidagi havo yo‘lida bo‘ladigan to‘siq oqibatida yuzaga keladigan holat”, deydi shifokor.

“Negadir bu kasallikka Markaziy Osiyo xalqlari orasida bepisand va bee'tibor qaraladi. “Xurrak otsa nima qilibdi, otadi-qoladi, ertasiga kun yana davom etadi”, degan noto‘g‘ri tushuncha o‘rnashib qolgan. Aslida xurrak juda jiddiy kasallik.

Xurrakni keltirib chiqaradigan ma'lum omillar bor. Ularning o‘ziga kasallik, xurrakka esa o‘sha kasalliklarning oqibati deb qaraladi. Va xurrak sababli inson organizmida ayrim holatlarda davolab bo‘lmaydigan kasalliklar yuzaga keladi.

Inson nega xurrak otadi? Buning asosiy sababi – ortiqcha vazn. Og‘irlik 1 kvadrat metrga 29 kilogrammdan yuqori bo‘lgan holatlarda insonda semirish boshlanadi. Ortiqcha vazn oqibatida yuqori nafas a'zolari — halqum, hiqildoq, til asosi, halqum yon devori, yumshoq tanglay sohalarida kengayish, tibbiyot tili bilan aytganda gipertrofiya holatlari yuzaga keladi. Bu o‘z navbatida nafas olinayotgan havo yo‘li yopilib qolishiga sabab bo‘ladi. Ortiqcha vaznning 10 foizga kamayishi xurrakning kamida 50 foizga kamayishiga sabab bo‘ladi”, dedi Said Xudoyberganov.

Xurrak otish qanday oqibatlarga olib keladi?

Said Xudoyberganov / Foto: Kun.uz

Shifokorning aytishicha, xurrak otishning yengil va og‘ir hisoblangan asoratli formalari bor. Buni tibbiyot tilida apnoe, ya'ni xurrak vaqtidagi nafas to‘xtab qolish jarayoni deyiladi.

“Apnoega ko‘pchilik guvoh bo‘lgan. Bunda nafas kamida 5 sekund to‘xtab qoladi. O‘pka va bronxlarga nafas kirib borishi keskin kamayadi. Shu paytda miya, qon tomir tizimi juda kuchli kislorod tanqisligiga uchraydi. Avtomatik ravishda uyqu holatida miyadan jamiki nafas mushaklarini safarbar qilib chuqur nafas aktiga buyruq bo‘ladi. Lekin u amalga oshmaydi.

Faraz qiling, 8 soatlik uyqu davomida shunaqa xurujlar 10, 20, hatto 50 martagacha davom etishi mumkin. Qontomir, asab va bosh miya tizimlarida 8 soatlik uyqu davomida o‘sha 5-10 sekundlik vaqtlarning barchasini jamlasak, 15-25 daqiqa mobaynida nafas olinmadi, deya xulosa qilsak bo‘ladi. Bu juda katta stress. Inson o‘zi bilmagan holda stressga uchrayapti va mazkur jarayon har kuni davom etyapti. Bu o‘z navbatida juda jiddiy oqibatlarga olib kelmasdan qo‘ymaydi.

Apnoe vaqtida organizmda o‘zgarishlar bo‘ladi. Ulardan biri — gormonal o‘zgarishlar. Ya'ni nafas to‘xtash jarayoni muntazam davom etaversa, organizmda somatotrop gormonini ishlab chiqish kamayadi. Bu gormonning kamayishi yog‘ning parchalanishiga to‘sqinlik qiladi. Natijada organizmda yog‘ deposi paydo bo‘ladi va bu semirishning birinchi omilidir.

Gormonal o‘zgarishlardan yana biri – nafas to‘xtash xurujlari vaqtida testosteron gormoni kamayishi. Bu ayniqsa erkaklarda jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Qolaversa, ruhiy holatning salbiy tomonga o‘zgarishiga ham olib keladi. Insonning diqqati, xotirasi, intellekti borgan sari pasayib boradi.

Aksariyat chet davlatlarida kasb taqozosi bilan diqqat konsentratsiyasi talab etiladigan soha egalari maxsus tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ya'ni ularda xurrak otish yo‘qmi, uyqu davomida nafas to‘xtash holatlari bo‘lmaydimi, degan ma'nodagi tekshiruvlar olib boriladi. Agar shunaqa holatlar bo‘lsa, bu insonlar o‘sha kasbga yaqinlashtirilmaydi. Chunki u birovlarning hayoti bilan bog‘liq soha bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu muammoga juda jiddiy ahamiyat berish kerak”, deydi shifokor.

Xurrakdan xalos bo‘lish mumkinmi?

Said Xudoyberganovga ko‘ra, xurrak otish yoki uyqu vaqti nafas to‘xtash holatlariga davosiz kasallik deb qaralmaydi. To‘g‘ri tashxis qo‘yilsa, to‘g‘ri muolaja qilinsa, xurrakdan 100 foiz xalos bo‘lish mumkin.

“Bunga maxsus davolovchi muassasalarda tashxis qo‘yiladi, bir nechta yo‘nalishlardagi mutaxassislar jalb qilinadi. Ya'ni pulmonologlar, terapevtlar, nevropatologlar, LOR shifokorlari yordamida aniq tashxis qo‘yiladi. Xurrak va apnoening birlamchi sabablari aniqlanadi va uni bartaraf etish yo‘llari borasida bir to‘xtamga kelinadi”, deya so‘zlarini davom ettirdi shifokor.

“Xurrakni bartaraf qilish davo choralari dori vositalari yordamida yoki jarrohlik yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Yuqori nafas yo‘llarida, xususan, LOR a'zolaridagi havoning o‘tishiga to‘sqinlik qiladigan muammolar, jumladan, burun to‘sig‘ining patologik egriligi, burun chig‘anoqlarining shishib ketishi, burun-halqum sohalaridagi muammolar, yumshoq tanglay mushaklari tonusining pasayib ketishi, hiqildoqdagi muammolar jarrohlik muolajasini talab qiladi.

Bu omillar jarrohlik yo‘li bilan bartaraf qilinsa, inson erkin, komfort holatda nafas olishni boshlaydi. Va havoning yo‘lida biror to‘siq bo‘lmaydi. Shuningdek, yuz-jag‘ a'zolari sohasidagi biror-bir nuqsonlar yoki tish tizimining buzilishi ham nafas olish jarayonini izdan chiqaradi. Qalqonsimon bez kasalliklari ham nafas organlariga jiddiy ta'sir o‘tkazadi.

Xurrakni bartaraf etish uchun birinchi o‘rinda ortiqcha vazndan xalos bo‘lish kerak. Buning uchun diyetolog, gastroenterolog maslahati zarur. Insonning yoshi va tana tuzilishiga mos vaznga erishmasdan turib, bu kasallikni davolab bo‘lmaydi.

“Shifokorga uchramasdan, faqat vaznni kamaytiraman, kam yeyman, ko‘p harakat qilaman deb, bu amaliyotda umuman yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi.

Albatta, shifokorga murojaat qilib, ortiqcha vazndan xalos bo‘lgach, birlamchi sababni topib, uni bartaraf etish yo‘llari qidiriladi. Semirishning o‘zi xurrakka sabab bo‘ladi, xurrak va apnoe oqibatida gormonal balans buziladi va u ham semirishga olib keladi. Mana shu halqani buzib yuborish uchun bir necha mutaxassislar birlashib, davo choralarini aniqlashlari lozim bo‘ladi”, deydi shifokor.

Uning qayd etishicha, spirtli ichimliklar iste'mol qilish, chekish ham mazkur kasallikni keltirib chiqarishi yoki kuchaytirib yuborishi mumkin. 

“Uyqu vaqtida bo‘yin va bosh sohasida muayyan bir komfort bo‘lishi, nafas yo‘llariga to‘siq bo‘lmasligi kerak.

Ayrimlar uyqu dori ichsam uxlayman, deydi. Haqiqatda uxlash mumkin, lekin u uyquda sifat bo‘lmaydi. Inson ertalab yengillik bilan uyg‘onmasdan, balki zo‘riqib, qiynalib, xuddi uyqudan qoniqmagan odamdek uyg‘onadi.

Faraz qiling, o‘sha inson endi kun davomida ishlashi, jismoniy yoki aqliy mehnat qilishi kerak. Bu albatta o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmay qolmaydi”, dedi Said Xudoyberganov.

Mavzuga oid