Jahon | 23:26 / 30.11.2021
13410
2 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya vaqtidagi yordam puliga Lamborghini sotib olgan amerikalik 9 yilga qamaldi

AQShda koronavirus pandemiyasi vaqtida hukumat taqdim qilgan yordam puliga Lamborghini sportkarini sotib olgan erkak 110 oy yoki 9 yildan ko‘proq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Foto: Lamborghini

Texasda yashovchi 30 yoshli tadbirkor Li Prays o‘zini pul yuvish va bank o‘tkazmalari bilan firibgarlik sodir etishda aybdor deb tan olgan.

AQSh adliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Prays 1,6 mln dollar miqdorida imtiyozli kreditni olishda firibgarlik sodir etganlikda ayblangan. U olingan pullarni kompaniyasi xodimlariga maosh sifatida to‘lash o‘rniga ularni 200 ming dollardan qimmatroq turuvchi Lamborghini Urus sportkari, qimmatbaho soatlar, ko‘chmas mulk sotib olishga va ko‘ngilxushlikka sarflab yuborgan.

Ta'kidlanishicha, pullar tadbirkorga AQSh hukumati pandemiya vaqtida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim qilgan mablag‘lar hisobidan ajratilgan bo‘lgan. Shuningdek, Praysdan 700 ming dollardan ko‘proq mablag‘ musodara qilingan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, AQSh adliya vazirligining firibgarliklarga qarshi kurashish bo‘limi pandemiya vaqtida yordam ko‘rsatish dasturi boshidan beri 95 ta jinoiy ish bo‘yicha 150 dan ko‘proq gumonlanuvchiga ayblovlar bildirgan. Ta'kidlanishicha, imtiyozli kredit olishga topshirilgan yolg‘on arizalar orqali 75 mln dollardan ko‘proq pul olingan.

Mavzuga oid