22:05 / 03.12.2021
12755

Ekoqo‘m Chorvoq suv ombori atrofidagi margimush qabristoni konservatsiyasi bo‘yicha ma'lumot berdi

Avvalroq Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev margimush zaharli kimyoviy moddasi ko‘milgan joydan sizib chiqayotgan suvlar Toshkent viloyati, Toshkent shahri va shuningdek, boshqa viloyatlarning ham ichimlik suvini zararlantirishini bildirgandi.

Foto: KUN.UZ /Muhammadjon G‘aniyev

1 dekabr kuni Ekologiya qo‘mitasi binosida OAV va jamoatchilik uchun «Ochiq eshiklar kuni» tadbiri o‘tkazildi.

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, tadbirda qo‘mita mutasaddilari Bo‘stonliq tumanida joylashgan va xavflilik darajasi «yuqori» deya baholanadigan margimush koni borasidagi savolga ham javob berdi.

«Bo‘stonliq tumanidagi margimush koni sovet davridan qolgan «meros». Uni boshqa joyga ko‘chirish imkoniyati yo‘q, chunki bu juda katta mablag‘ degani. Biz bu konni joyida konservatsiya qilish (xavfsiz saqlash ma'nosida – tahr.) bo‘yicha ishlayapmiz. Biz o‘tgan yili bu ishlar uchun ishlatiladigan mablag‘lar smetasini ham ishlab chiqdik», – dedi Ekoqo‘m raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov.

Rais o‘rinbosarining javobini qo‘mita boshqarma boshlig‘i Umarjon Abdullayev to‘ldirdi. Unga ko‘ra, bir necha oy avval konda hosil bo‘lgan yoriq va undan sizib chiqishni boshlagan xavfli moddalar oqimi ayni paytda to‘xtatilgan.

«Sizib chiqayotgan oqim tarkibida yuqori konsentratsiyali zararli moddalar aniqlangan. Uning keyinchalik ham kelib chiqishi mumkin bo‘lgan zarari oldini olish maqsadida hukumat komissiyasi tomonidan qilinadigan ishlar rejasi belgilab olingan.

Unga ko‘ra, Toshkent viloyati hokimiyati bu ishlarda buyurtmachi sifatida Loyihalash institutiga konni konservatsiya qilish bo‘yicha loyiha rejasiga buyurtma bergan. Loyiha tasdiqlansa, 2022–2023 yillarda kon to‘liq qayta konservatsiya qilinadi», — dedi u.

Mavzuga oid
Top