O‘zbekiston | 18:18 / 06.12.2021
36610
2 daqiqa o‘qiladi

Sergeli tumani hokimi o‘ziga 35 mln so‘m ustama to‘lash haqidagi qarorga imzo chekdi. Shahar hokimligi qarorga izoh berdi

Xalq deputatlari Sergeli tumani kengashi Toshkent shahar hokimining bir necha farmoyishlariga asosan tuman hokimi Elbek Shukurovning "mehnatda tashabbuskorlik ko‘rsatgani"ni rag‘batlantirishga oid qaror qabul qildi. Qaror ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: Toshkent shahri hokimligi

Xalq deputatlari Sergeli tumani Kengash raisi, tuman hokimi Elbek Shukurov tomonidan imzolangan qarorda 2021 yil iyun, iyul, avgust, sentyabr va oktyabr oylariga lavozim maoshiga ustama haqi to‘lash uchun 35 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘ni mahalliy budjetning uchinchi chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan ajratish belgilangan.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ushbu ustama to‘lovlari hokimga yil boshidan beri to‘lanmay kelgani uchun yil yakunida biryo‘la o‘tkazib berilgan.

«Barcha tashkilotlarda o‘z xodimlarining faoliyatini rag‘batlantirish tizimi bo‘lganidek, hokimlik tizimida ham barcha darajadagi rahbar va xodimlarni rag‘batlantirish tizimi mavjud. Unga ko‘ra, har chorakda tuman hokimlariga ularning ish faoliyati natijadorligi, erishgan ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, Toshkent shahar hokimligi tomonidan oylik maoshiga qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi.

Mazkur holatda Sergeli tuman buxgalteriyasi tomonidan yil davomida ushbu ustama haqi muntazam to‘lanmay kelinayotgani uchun, yil yakunida to‘lanmay kelingan davr uchun belgilangan to‘lovlar biryo‘la to‘lab berilgan.

Mavjud qonunchilik bo‘yicha oldindan belgilangan miqdordagi mablag‘lar tuman hokimligining ichki hujjati bilan to‘lanadi.

Qarorda keltirilgan summadan ijtimoiy to‘lovlar va daromad solig‘i ham olinishini qo‘shimcha qilamiz», deyiladi poytaxt hokimligi munosabatida.

Mavzuga oid