16:07 / 12.12.2021
11781

«Bundaylar tarixda kam uchraydi» - Amerika saylovda Klintonga yutqazgan, eng keksa respublikachi Bob Doul bilan vidolashmoqda

AQShda Respublikachilar partiyasining eng keksa a'zosi, eng ko‘p stajga ega bo‘lgan senator, Ikkinchi jahon urushi faxriysi Bob (Robert) Doul bilan vidolashishmoqda. Qariyb 40 yil davomida Kanzas shtatidan Kongressda vakillik qilgan senator 98 yoshda o‘z uyida olamdan o‘tdi.

Bob Doulning siyosiy karerasi 50 yil davom etdi. Biroq u nafaqada bo‘lganida ham mamlakatga va o‘z partiyasiga katta ta'sir ko‘rsatdi
Foto: Getty Images

Ehtirom belgisi sifatida Oq uyda va ko‘plab jamoat binolarida bayroqlar tushirildi. Mamlakatda to‘rt kunlik motam e'lon qilindi. Har bir kongressmen yoki senator ham bunday sharafga sazovor bo‘lolmaydi.

Amerikalik siyosatchilarning fikriga ko‘ra, Doul so‘nggi yillarda ham Respublikachilar partiyasida shubhasiz obro‘ga ega edi. Ko‘plab masalalardagi kelishmovchiliklarga qaramay, demokratlar uni juda hurmat qilardi. «Bunday miqyosdagi davlat arboblari AQShda tarixida bir-ikki nafar xolos», dedi AQSh prezidenti, demokrat Jo Bayden.

Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell Doulni qat'iy xarakteri va chuqur vatanparvarligi uchun doimo yodda saqlashlarini ma'lum qildi.

Yarim asrlik karera

Doulning siyosiy karerasi 1950 yilda Kanzas shtati vakillik palatasiga saylanishdan boshlangan. Keyin esa u uzoq yillar davomida okrug prokurori sifatida faoliyat yuritgan. Respublikachilar partiyasida karera qilgan, 1960 yilda Vakillar palatasiga saylangan.

Bob Doul 1990 yilda AQShga tashrif bilan kelgan Mixail Gorbachyov bilan uchrashgan / 
UNIVERSITY OF KANSAS

1968 yilda u o‘z shtatidan senator bo‘ldi va bu lavozimda deyarli 30 yil xizmat qildi. Faqat 1976 yilda prezidentlikka nomzod Jyerald Ford unga saylovlarga u bilan vitse-prezident sifatida borishni taklif qilganida biroz uzilish bo‘ldi.

O‘shanda respublikachilar Oq uyni egallay olishmaydi. Doul Senatga qaytadi. 1996 yilga kelib prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishga qaror qilganida u o‘rindig‘ini vorisiga topshiradi.

Doul-Klinton teledebatlari, 1996 yil prezidentlik poygasi. Foto: Getty Images

«Prezidentlik uchun kurashda xalqning men haqimdagi fikr-mulohazalaridan tashqari suyanadigan narsam bo‘lmaydi. Shuning uchun menda Oq uyga yoki o‘z uyimga olib boradigan ikkita yo‘l bor, xolos», degandi u saylovoldi kampaniyasi arafasida.

Trampni qo‘llab-quvvatlashi

1996 yilgi prezidentlik poygasini u demokrat Bill Klintonga yutqazadi va va'da qilganidek, siyosiy maydonni tark etadi.

Biroq nafaqada bo‘lganida ham ishlashda va o‘ta muhim deb hisoblagan loyihalarni ilgari surishda davom etadi.

Bob Doulning (markazda) qo‘llab-quvvatlashi Respublikachilar partiyasi nomzodligi uchun kurashda Tramp uchun juda katta ahamiyatga ega edi 

Vafotigacha Doul nufuzli jamoatchilik va partiya arbobi bo‘lib qoldi. 2016 yilda u Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka Donald Tramp nomzodi ko‘rsatilishini ma'qullaydi. Bu esa partiya isteblishmenti uchun ahamiyatli argument bo‘ldi.

Shu bilan birga, keyinchalik Doul Tramp davrida o‘z partiyasi o‘ta konservativ yo‘l tutganini tanqid qiladi.

Urush qurboni

Bob Doul Ikkinchi jahon urushida mo‘jizaviy tarzda omon qolgan. Shimoliy Italiyada olib borilgan operatsiyalardan birida leytenant Doul orqa qismidan yaralanadi va falaj bo‘lib qoladi.

Yaralanganidan keyin Bob Doul uch yil va uch oy davomida kasalxonada qoldi

Yana mustaqil tarzda ovqatlanish, kiyinish va yurishni boshlashi uchun unga 10dan ortiq jarrohlik amaliyoti va uch yildan ko‘proq vaqt kerak bo‘ldi. Biroq o‘ng qo‘li falaj bo‘lib qoldi. Chap qo‘lida ham sezish qobiliyati to‘liq tiklanmadi. Ammo bu Doulga faol turmush tarzi olib borishda xalaqit qilmadi.

Mohiyatan, urush uning hayot borasidagi rejalarini o‘zgartirib yubordi. Yoshligida u shifokor bo‘lmoqchi edi va armiyaga chaqirilguniga qadar tibbiyot kollejida o‘qishni boshladi. Biroq qo‘l bilan ishlash qobiliyatini yo‘qotgach, yo‘nalishni o‘zgartirdi va huquqshunos bo‘ldi.

Siyosiy faoliyati yakunlangach, Doul Vashington markazida Ikkinchi jahon urushi yodgorligi qurilishi tashabbuskori bo‘ldi.

2004 yilda yodgorlik ochilishida nutq so‘zlarkan, uni ma'naviy va jismoniy jasurligi bilan dahshatli urush oqibatini hal qilishda yordam bergan o‘n minglab sobiq qishloqlik va shaharlik bolalar (o‘sha vaqtga kelib 80-90 yoshda bo‘lgan keksalar)ga bag‘ishladi.

Harakatlanish qobiliyatini yana yo‘qotmaslik uchun Bob kasalxonadan chiqqach va umrining oxirigacha har kuni mashq qilishi kerak edi

2012 yilda nogironlik aravachasida harakatlanadigan Doul karerasi avjida u tomondan yozilgan imkoniyatlari cheklangan amerikaliklar to‘g‘risidagi qonun asosida yozilgan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT kelishuvi senatorlar tomonidan ma'qullanishi uchun Senat binosiga qaytdi.

Yosh to‘siq bo‘lolmaydi

2014 yilda 90 yoshlik Doul Kanzas shtati bo‘ylab sayohatga chiqdi. Odamlar bilan uchrashish uchun kuniga uch-to‘rt marta to‘xtadi.

Sayohatning maqsadi, imkoni boricha ko‘proq kanzasliklarga ko‘p yillar davomida qo‘llab-quvvatlaganliklari, bir necha o‘n yil davomida uni senatorlik lavozimiga saylash orqali o‘z ishonchini namoyish etishgani uchun shaxsan minnatdorchilik bildirishdan iborat etdi.

U jami 105ta okrugda bo‘ldi.

92 yoshida Bob Doul Twitter’da o‘ziga akkaunt ochdi va uni asosan Kanzasdagi partiyadoshlarining senatorlik o‘rindig‘i uchun kurash yo‘lidagi xatti-harakatlarini tanqid qilish maqsadida qo‘lladi.

Top