O‘zbekiston | 18:10 / 15.12.2021
9856
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Erondagi Chobahor portidan foydalanish imkoniyati muhokama qilindi

Chobahor portidan foydalanish masalalari bo‘yicha Hindiston, Eron va O‘zbekiston uch tomonlama ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Transport vazirligi rasmiy saytida xabar berildi.

Foto: Official Website of PressTV

Yig‘ilish O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari A.Mo‘minov, Eron yo‘l va shaharsozlik vazirining o‘rinbosari A.Safoyi va Hindiston portlari, kemasozlik va dengiz yo‘llari vaziri o‘rinbosari S.Franja rahbarligida o‘tgan. Onlayn formatda o‘tgan muloqotda transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro transport kommunikatsiya infratuzilmasini shakllantirish masalalari muhokama qilingan.

Xususan, tomonlar Eronning Chobahor portidan samarali foydalanish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasini port bilan bog‘laydigan transport-logistika kompleksi va transport koridorlari sohasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashgan.

Foto: AP

Uchrashuv davomida Eron va Hindiston vakillari tomonidan Chobahor porti infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar, hamda xorijiy davlatlar tomonidan ushbu transport-tranzit va logistika xabi salohiyatidan foydalanish shartlari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Eronning Chobahor porti orqali yuk tashuvlarini tashkil etish, tariflarni optimallashtirish, yuklarni yetkazib berish muddati va xavfsizligini ta’minlash masalalarini o‘rganish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishib oldi.

Foto: PressTV

Ma’lumot uchun, Chobahor Erondagi Bandar-Abbosdan keyingi ikkinchi yirik port hisoblanadi. Ummon ko‘rfazida joylashgan Chobahor Erondagi yagona okean porti bo‘lib, ummon bilan 300 km to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaraga ega. U dunyodagi mega-port maqomiga erishish imkoniga ega 10 ta muhim portlardan biri. Jahon savdosi uchun muhim port hisoblangan Chobahor yiliga 8,5 million tonna mahsulot o‘tkazish quvvatiga ega. Erondagi faqat shu bandargoh 250 ming tonna yuk oluvchi kemalarga xizmat qila oladi.

Mavzuga oid