Ikki avlod uchrashuvi: jurnalistika muammolari va qoliplangan mavzular haqida
«Ikki avlod uchrashuvi» turkumining ilk sonida jurnalistikaning katta va kichik avlodi tilidan kechagi va bugungi senzura, mavzular hamda sohaning og‘riqli nuqtalari haqida so‘z yuritiladi.
«Ikki avlod uchrashuvi»ning ilk soniga katta avlod vakili sifatida uzoq yillar jurnalistikada mashaqqatli mehnat qilgan jurnalist, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, hozirgi avlod vakili sifatida «O‘zbekiston 24» telakanali muxbiri, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining bitiruvchi bosqich talabasi Jahongir Mardonov taklif qilindi.
Kechaning mavzulari: dala ishlari, g‘o‘za parvarishi, chopiq va hammani titratgan feletonlar haqida
Ahmadjon Meliboyev: Maktab paytlaridayoq jurnalist bo‘lishga qiziqqanman. Jurnalist bo‘lsam nimalar haqida yozaman, degan savolni berganman o‘zimga. Bir kishining gapi hech esimdan chiqmaydi, u mening tuman gazetasida bosilgan maqolamni o‘qib, «Jurnalist bo‘lsang, bo‘lgan-bo‘lmagan narsalarni ko‘pirtirib yozadigan jurnalist bo‘lasan-da, boshqa kasb yo‘qmi?» degan.
1964 yil maktabni bitirib, Toshkentga keldim, o‘sha yili jurnalistika fakultetiga qabul bo‘lmadi. Qaytib ketib, O‘shda rus tili o‘qituvchilari tayyorlaydigan pedagogika kursini tugatdim. Harbiy xizmatda bo‘ldim, maktabda o‘qituvchilik qildim, tuman, viloyat gazetalarida maqolalarim chiqdi, jurnalist kasbi haqida aniq tasavvur paydo bo‘ldi. Shundan keyin hozirgi Milliy universitetga kelib, o‘zimdan olti yosh kichik yigit-qizlar bilan birga o‘qidim.
O‘tgan asr 70-yillari oxiri… U paytda gazeta mavzulari avvaldan aniq bo‘lardi: bahorda ko‘klam-dala ishlari – shudgor, chigit ekish, g‘o‘za parvarishi, ilg‘or chorvadorlar va hokazo. Yozda bug‘doy o‘rimi, kombaynchilar mehnati, kuzda yig‘im-terim, hosil xirmonlari… Yangi, kutilmagan mavzularda yozadigan jurnalistlar ko‘p emasdi. Jamiyat matbuotning shu darajasiga qanoat qilardi. Bitta-yarimta tanqidiy maqola uchramasa, maqolalarda asosan bo‘layotgan ishlarni maqtab yozish, ertadan-kechgacha zavqli mehnat bilan band, dalaga qo‘shiq aytib borib, kech qo‘shiq aytib qaytish romantik uslubda aks etardi. Ocherklar, odatda, «kun yotog‘iga bosh qo‘yayotgan, shu’lalar ufqqa yoyilayotgan paytda uylariga qaytayotgan» mehnat fronti qahramonlarini ta’riflashdan boshlanardi.
70-yillar matbuotining bugungi matbuotdan bitta ustunligi — gazetalarda feleton janri nihoyatda kuchaygandi. Qaqshatkich zarbali feletonlar tanqidiga uchragan odamning hayoti uzil-kesil hal bo‘lardi. Mashhur feletonchilar sotsialistik mulkka ko‘z olaytirganlar, do‘konda nimanidir narxidan oshirib sotganlar, sifatsiz mahsulot chiqarganlarni ayab o‘tirmasdi. O‘sha paytda yurak yutib, tadbirkorlik bilan shug‘ullangan ishbilarmonlar ham feletonchilardan og‘ir zarba yeyishgan. Sobiq tuzum qo‘lidan ish keladigan tashabbuskorlarga ham yo‘l bermasdi.
«Bugun matbuotimiz qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, xolis tanqid jihatidan oqsamoqda. Jur’at bilan jiddiy bir muammo yechimini izlab yozilayotgan maqolalar bor, lekin juda kam. Matbuot e’tibor berishi zarur bo‘lgan kamchiliklar esa ko‘p»
O‘sha kezlari bugun ertalab chop etilgan gazetalar olis tumanlarning olis qishloqlariga ham shu kunning o‘zida yetib borardi. Sobiq tuzum o‘z mafkurasini odamlar ong-shuuriga singdirish uchun ham shunday qilardi. Bugun endi transport infrastrukturasi g‘oyat rivojlangan paytda gazetalar joylarga vaqtida yetib bormaydi, qay bir joylarda taxlanib yotadi. Pochta xizmati deyarli izdan chiqqan. Gazeta o‘quvchiga bir haftadan keyin yetib borsa, uning aktualligi qayerda qoladi?
Bugun: nahanglarga yem bo‘lmaslik va hadiklar haqida. Yosh avlod o‘zini sohada qanday tasavvur qiladi?
Jahongir Mardonov: Ochig‘ini aytganda, har bir inson sohasida o‘zini qulay his qilmasa, bu uning rivojlanishiga emas, kasbidan sovib borishiga olib kelishi aniq. Bu sohaga kelajagimni bog‘lay olmayman, deb aytishimga erta, menimcha. Chunki katta ish ko‘rsata olmasdan turib yoki juda katta to‘siq va qiyinchiliklarga duch kelmasdan bunday deyish – oddiygina chekinishdek tuyuladi. Menda xohish bor. Shaxsiy fikrim: jamiyatdagi inqilobiy bo‘lmasa-da, tadrijiy demokratik o‘sish oz bo‘lsa-da, umid berib turibdi. Lekin bu rivojlanish bugungi kun jurnalistika an’analari bilan taqqoslab qaralganda jadal kechmayapti – ancha orqada.
Qog‘ozlardagi qonunlarni o‘qib, dengiz tubidan marvarid qidirishga chog‘langan g‘avvosdek ijod qilging kelsa, real hayotda nazariya bilan amaliyot o‘rtasidagi tafovut kattaligi, ko‘plab amaldorlar tomonidan qonunlar erkin suiiste’mol qilinish holatlarini ko‘rib, «suvning sovuqligi», «nahanglarga yem bo‘lmaslik», «favqulodda holat yuz berganda sen qaytib chiqib jon saqlashing mumkin bo‘lgan qayig‘ingning ketib qolishi» kabi qator ikkilanishlar, hadiklar paydo bo‘laveradi. Albatta, bu majoziy ma’noda. Real qaraganda, nafaqat jurnalistning, balki xalqning ham huquq va erkinliklari ta’minlanmasa, jamiyatda davlat siyosatiga ishonchsizlik ortib boradi.
Kechagi ta’lim: gazetalar juda kam, maqola chiqarish majburiy edi
Ahmadjon Meliboyev: Biz o‘qigan paytda kasb ta’limi jurnalistikaning ibtidosidan boshlangan. Matbuotning hozirjavoblik, haqqoniylik va xalqchillik degan prinsiplari ibtidoiy qilib bo‘lsa ham tushuntirilgan. Janrlarning o‘ziga xos xususiyatlari erinmay o‘rgatilgan. O‘qish besh yillik edi, 2-bosqichdan amaliyot boshlanardi. Har bir talaba gazetada maqola, xabar yoki reportaj chiqarishi shart, degan talab qo‘yilgan. Poytaxtda bor-yo‘g‘i to‘rt-beshta gazeta chiqardi, xolos. Ikkinchi kursda xorazmlik kursdoshimizning choqqina axboroti «Toshkent oqshomi»da e’lon qilingan. Shunday nufuzli gazetada talabaning materiali chiqqani jiddiy voqea edi. Qarangki, bu gazeta hozir yopilib turibdi.
Maqolam chiqdi, deb, kursdoshimiz xursand bo‘lib, gazetadan ko‘p nusxa sotib olib, «Sizlarning ham gazetalarda axborotlaringiz chiqsin», degan niyat bilan kursdoshlarga dastxat yozib bergan. O‘sha paytlari o‘nta yoki o‘n beshta xabarimizdan bitta-ikkitasi chiqardi. Bunisi chiqmasa, keyingisi chiqadi, deb yozaverganmiz. O‘tkir Hoshimov «Toshkent oqshomi»da ishlagan paytda shu gazetada amaliyot o‘taganman. Ikkita maqolam chiqqan. Bu katta yutuq edi.
Bugungi ta’lim: Sohaning asl mutaxassislari kam
Jahongir Mardonov: Men tahsil olayotgan jurnalistika dargohining o‘ziga yarasha yutuq va kamchiliklari bor, albatta. Yutuqlarini olib qarasak, siz, men va boshqa talaba tengdoshlarimizga nazar solaylik. Aksariyati, ta’lim bilan bir vaqtda nufuzli OAV, davlat tashkilotlarida o‘z sohalari bo‘yicha ishlab, ozmi-ko‘pmi natijalarga erishib, ijodida o‘sish kuzatilmoqda.
Boshqa universitet talabalari bilan ko‘p muloqotda bo‘lganmiz – aksariyati 4 kursda yoki bitirib ishlaydi. Shundan kelib chiqsak, men ta’lim olayotgan dargoh shaxsan menga tramplin bo‘ldi. Muhit, imkoniyat, amaliyot uchun cheklovsiz maydon yaratib berdi. Qolganini tortib ketish esa o‘zimga bog‘liq. Ta’lim tizimidagi yana bir yutuq tomoni – tan olib aytish kerak – 4-kursni bitiryapmiz, na o‘zim, na o‘rtoqlarim, na boshqa talabadan sessiyani pulga yopdim, degan gapni eshitganim yo‘q. Odatda, talabalar orasida bunday xabarlar yashin tezligida tarqaladi. O‘qitish tizimiga to‘xtalsam, yo‘lga qo‘yilishi kerak bo‘lgan jihatlar bor, mening nuqtayi nazarimda. Sohaning asl mutaxassislari kam, kuchli amaliyotchi jurnalistlar olib kelinyapti, ammo bu yetarli darajada emas. Undan keyin bugungi jurnalistika tendensiyalaridan orqada qolish bor. Misol uchun, Xalqaro mavzularni sharhlab beradigan, Xalqaro siyosiy-iqtisodiy munosabatlarni tahlil qilib beradigan, mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy jarayonlar bo‘yicha saboq beradigan amaliyotchi jurnalistlar kam va shunga yo‘naltirilgan darslarga ehtiyoj bor.
«Bugungi ta’limning yomon jihati – biz fakultetga o‘qish uchun kimlar kelayotganini bilmaymiz»
Ahmadjon Meliboyev: Ko‘plab xorij mamlakatlarining jurnalistika maktablarida bo‘lganman. Ular talabani xabar yoki maqola yozishga o‘rgatishmaydi. Birinchi kundan boshlab mustaqil fikrlash, bahslashish, qiyoslash, ishontirish, dalillash mahoratiga o‘rgatishadi. Bizdagi asosiy kamchilik shundaki, bugun biz jurnalistika fakultetlariga kimlar kelayotganini mutlaqo bilmaymiz. Qancha bor minbarlarda gapirib, matbuotda yozib, ijodiy imtihonni tikladik. Biroq bu yil bu imtihon kutilmaganda bekor bo‘ldi. Test sinovlarining afzalligi bor, albatta, ammo uning bir qusuri barcha afzalliklarini yuvib ketadi, ya’ni talabalikka ijodkorlikka moyil, qo‘lida qalami borlardan ko‘ra test savollarini quruq yodlaganlar ko‘proq qabul qilinadi. To‘rt yilda ularni yozishga, ijodiy fikrlashga o‘rgatish mushkul ish. Menga qolsa, quyi matbuotda maqolalari e’lon qilingan, matbuot bilan hamkorligi borlarga qabul payti ko‘proq e’tibor berish kerak.
«Nazariya va amaliyot bir-biriga mos emas»
Jahongir Mardonov: Mahalliy OAV rivoji aynan yangi avlod jurnalistlarining qaysi toifasini shakllantirish ideologiyasiga bog‘liq. Shu bilan birga, bu jarayonni auditoriyada tashkil qilib bo‘lmaydi. Akvariumda suzish bilan dengizda suzish orasida farq bo‘lganidek, universitetdagi ta’lim bilan jamiyatdagi muqobillik o‘rtasida tafovut katta. Oliy ta’limdagi nazariyalar deyarli amaliyotda o‘z samarasini bermaydi. Buning uchun tizimni isloh qilish kerak.
«Mustaqil fikrlashga ehtiyoj bo‘lmagan davr zo‘r ijodkorlarni so‘ndirgan»
Ahmadjon Meliboyev: Biz o‘qigan paytdagi ideologiya matbuotga partiyaning nishonni aniq mo‘ljalga oluvchi quroli deb to‘xtovsiz uqtirardi. «Sizlar (jurnalistlar) iqtisod, siyosat kabi jiddiy masalalarga aralashmanglar, o‘rtoq Brejnev (komfirqaning o‘sha paytdagi rahbari) mana bu masalalarni ko‘tardimi, partiya qaror qabul qildimi, bas, shularni bajarish sizlarning birlamchi vazifangiz, deyilardi. Mustaqil fikrlashga ehtiyoj yo‘q edi hisob. Hamma uchun partiya fikrlardi. Partiyaning fikri xalqning fikri tarzida targ‘ib qilinardi. Ko‘p ijodkorlarning shiddati va jur’atini mana shu siyosat so‘ndirgan. Ammo, aytish kerakki, shunday sharoitda ham boshini kundaga qo‘yib bo‘lsa-da, fikrini aytishga harakat qilgan, yo‘lini topgan ijodkorlar bo‘lgan. Gap mahoratda. «Nega bunday?» deb baqirish boshqa, «nega bunday»ligini ochib berish boshqa narsa.
«Huquqiy tomondan himoyalanish imkoniyatim bo‘lmaganida sohani tark etishga majbur bo‘laman»
Jahongir Mardonov: Hukumatning OAVga bo‘lgan munosabatini bevosita xalqiga munosabati, deb anglasa bo‘ladi. OAVning so‘zini cheklagan, zohirda ochiqlikni da’vo qilib, botinda maqtovga moyilligi bor rahbarlarning bu harakati, qo‘pol qilib aytganda, o‘z xalqiga, deputat bo‘lsa, o‘zini saylagan nomzodiga ikkiyuzlamachilik qilishidan boshqa narsa emas. Siyosat – yolg‘ondan iborat, rost bo‘lsa u siyosat emas, yoki yolg‘on gapirolmasa, u yaxshi siyosatchi emas, degan gaplar bor. Men bularga qo‘shilmayman. Men o‘ylaymanki, yuqoridagi fikrni adolat qila olmagan «siyosatchi»lar tomonidan o‘z aybini xaspo‘shlash uchun chiqarilgan «gap» sifatida bilaman.
Majoziy ma’noda aytmoqchiman: xo‘roz baland daraxtda turib tong otayotganidan odamlarni ogoh qilgani uchun uni qo‘ndoqqa qamash mantiqqa zid bo‘lganidek, jurnalist ham odamlarni o‘z haq-huquqlari doirasida sergaklikka chorlab, «qichqirsa», uning faoliyatiga tahdidlar bo‘lishi – mantiqqa ham, qonunga ham zid.
Jurnalistikaning noni qattiqligini sekin-asta anglab, shu «qattiq non» hayotimning bir qismiga aylanib borayotganda, huquqiy tomondan himoyalanish imkoniyatim bo‘lmasa, nafaqat menda, balki ko‘pchilikda ham sohani o‘zgartirish kayfiyati tug‘ilsa kerak, deb o‘ylayman.
Kechagi senzura: gazetani yopishga urinishlar va sukunat haqida
Ahmadjon Meliboyev: Senzura oqim yo‘liga o‘rnatilgan to‘g‘onga o‘xshardi. Ammo u jur’atsiz, yoqmagan maqolani «men o‘tkazganim bilan senzura o‘tkazmaydi», deb o‘zini oqlaydigan muharrirlarga ko‘p yordam bergan. Biz adabiyot gazetasida boshqacha yo‘l tutganmiz: ya’ni butun mas’uliyatni bo‘ynimizga olganmiz. Tortishuvlar bo‘lgan. Yaqinda senzura bilan yozishmalarning bir qismini jurnalda e’lon qildik. 1991-1992 yillarda adabiyot gazetasiga ko‘p bosimlar o‘tkazilgan. Eski tuzum o‘lib, yangisi shakllanmagan paytda juda jiddiy ishlaganmiz. Gazeta katta tirajda chiqardi, har kuni yirik maqolalar berganmiz, Dadaxon Nuriyning «Shaharga bomba kerakmi?», Shavkat Rahmonning «Maxfiya» maqolasi, ayollar turmasidan, tug‘uruqxonalardan reportajlar berganmiz. Avvallari yozish umuman mumkin bo‘lmagan mavzularga qo‘l urganmiz. Karim Bahriyev, Mukarrama Murodova, Sharifa Salimova kabilarning maqolalari, Mirzo Kenjabek, Shodmon Otabekning til haqidagi maqolalari bombadek gumburlagan. Shularni asoslab shu muammolarni ko‘targanmiz, senzuradan o‘tkazganmiz.
Milliy jurnalistika biror voqeani ko‘tarib, shovqin-suron solish va bu bilan obro‘ orttirish bosqichidan o‘tdi. Gazetxon jiddiy o‘zgardi. Yon-atrofimizda, kasbi boshqa bo‘lsa ham, ijodkor kabi tanqidiy-tahliliy fikrlaydigan odamlar bor. Yupanchim shuki, jamiyatning katta qismi matbuot haqida to‘g‘ri tasavvurga ega. Lekin o‘zi haqidagi haqiqatni bilishdan qo‘rqadigan odamlar bor, ular matbuotni yomon ko‘radi.
Dunyoga qaraylik – rivojlangan mamlakatlarda ota-onalar bolalarini gadjetlardan bosma nashrlarga qaytarishyapti. Ruhshunoslarning tavsiyasi bu. Ijtimoiy tarmoqlarning xabar tarqatish tezligini hech kim inkor etmaydi, ammo birgina xabardorlik bilan ish bitmaydi, bosma nashrlar tafakkur rivojiga xizmat qiladi, fikrlash qobiliyatini o‘stiradi. Albatta, ayovsiz tanlov yuz beradi, shunday bo‘lsa ham, ishonchim komilki, kelajakda 22 asrga yaqinlashayotgan avlodlarimiz qo‘ltig‘ida, albatta, ayrim bosma nashrlar bo‘ladi.
Bugungi senzura: ilgari maqolalar «nazorat xonasi»dan o‘tgan bo‘lsa, bugun bu – muharrirlarga yuklangan
Jahongir Mardonov: 2-kursligimda «Hurriyat» gazetasining dastlabki 5 ta sonini o‘qiganman. Diniy, adabiy, ijtimoiy, siyosiy kabi ko‘plab yo‘nalishlardagi maqolalarni uchratish mumkin. Shunda gazeta qanday bo‘lishi kerakligi haqida tushuncha paydo bo‘lgan – haqiqatan gazetalar xalqning dunyoqarashini, siyosiy faolligini oshiradigan, fuqarolik pozitsiyasi nimadan iborat ekanini anglatadigan ma’rifat kuychisi hisoblanadi. Senzuraning eng yomon tomoni – jamiyatda urchib borayotgan muammolarni xaspo‘shlash, yuzaga chiqarmaslik bilan birga ijodkor qatlamning to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘q bo‘lishiga olib keladi. Jamiyatda ijodkorlar qatlami shakllanishi uchun ularga erkin muhit kerak.
Bugun senzura yo‘q, deb aytib bo‘lmaydi. Eshitganimizdek, avvallari gazetalar chiqishi oldidan «nazorat xonasi»dan o‘tkazilgan bo‘lsa, bugun ularning vazifasi bosh muharrirlar zimmasiga yuklangan. Bu degani, berilayotgan tanqidiy material uning ertangi faoliyatini belgilab turibdi – yoqmay qolsa, ishdan olinadi. Umuman, senzuraga baho berish uchun jurnalist sifatida mamlakat OAVda berilayotgan materiallarga tiyrak nazar tashlashning o‘zi kifoya. Davlat telekanallarini tanqid qiladigan xususiy kanallarda uzatilayotgan axborotlarni olasizmi, ba’zi gazetalardagi materiallarni maqtov, targ‘ibotga yo‘yadigan internet saytlarida berib boriladigan materiallarni ko‘rib, bir-biridan deyarli farqi qolmaganiga guvoh bo‘lasiz. Shakl farq qilishi mumkin – mohiyat va mazmun deyarli bir xil. To‘g‘ri, xususiy kanallar va saytlarda tanqidiy materiallar berilib turibdi, ammo bular yozilishi kerak bo‘lgan muammolar oldida bir epizodik material. Yoki adabiyotga e’tibor bering, o‘tgan asrda paydo bo‘lgan asarlar bugun bormi? Bunga sabab, tan olib aytish kerak, jurnalistikada ham, adabiyotda ham maqtovdan nariga o‘ta olganimiz yo‘q.
Boshida «qamchi o‘ynatib» turilgan zamonda ijod qilgan katta avlod jurnalistlari bugungi kundagi nisbatan erkinlikdan shukrona aytishi mumkin, lekin yosh avlod jurnalistlari sohani tarix bilan taqqoslashdan ko‘ra zamon tendensiyalari bilan solishtirishini xohlaydi.
Taqiqdagi mavzular
Ahmadjon Meliboyev: Sobiq tuzum paytida diniy mavzu mutlaqo taqiqlangan, bunga dinning davlatdan ajratilgani sabab qilib ko‘rsatilardi. Dindorlar jamiyatning teng huquqli a’zolari ekani inobatga olinmasdi. Biz birinchi bo‘lib, adabiyot gazetasida islomiy odoblar xususida «Juma o‘gitlari» degan rukn ochganmiz, «Ibodat mangu haqiqatdir» sarlavhasi ostida muftiy hazratlari bilan suhbat e’lon qilganmiz.
O‘sha paytda bolalar o‘limi, paxtaga sepiladigan zaharli butifos, kamqonlik haqida yozish mumkin emasdi. Yosh qizlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘p edi, bular haqida, harbiy mavzuda yozish va harbiy qismlardan reportaj qilishga hech kimga ijozat berilmasdi.
Mustaqillikning ilk yillarida juda qiziq holat bo‘ldi. Biz imperiya tarkibidan chiqdik, endi nimani yozish kerak degan savol tug‘ildi. Hech kim hech narsa yoza olmay qoldi. 1991 yilni gazetada «Jamiyat jiddiy o‘zgarishi kerak, dunyoga chiqishimiz zarur», degan da’vat bilan boshladik (Qarang: «O‘zAS», 1991, 6 yanvar). Kuz boshida mustaqillik e’lon qilindi. Shunda publitsistlarimiz bir-biriga qarab qolishdi: endi nimani yozamiz? Ayrimlar ehtiyotkorlik yo‘lini tutib, bir chekkaga o‘tib, taloto‘pli jarayonlarni kuzatib turishdi. Dastlabki qiyinchiliklarni ko‘rib, «shu mustaqillik o‘zi kerakmidi?» deganlar ham bo‘lgan. Hayron qolaman: o‘sha yillari shunday fikrda bo‘lganlar, M.Gorbachyovning makkorona referendumida ittifoqdosh respublikalarning yangilangan ittifoq tarkibida qolishini qo‘llab-quvvatlaganlar keyinchalik bir dumalab, istiqlol kuychilariga aylanishdi. “«Biz kurashganmiz, biz aytganmiz» deguvchilar ko‘payib ketdi. 1991 yilda mustaqillikka erishgan bo‘lsak, 1995 yilgacha ko‘p kishi partiya biletini topshirmagan. Erkin Vohidov «firqa biletimni otganim bo‘lsin», deb she’r yozgan. Ko‘plar har ehtimolga qarshi voqealar rivoji qayoqqa burilishini kutib turishgan. Adabiyot gazetasi sahifalarini varaqlagan kishi bunga ishonch hosil qiladi.
Bugungi og‘riqlar: yosh avlodni nimalar o‘ylantiradi?
Jahongir Mardonov: Televideniye saviyasi yildan yilga o‘lib boryapti. Xususiy televideniyelar intriga, shou-biznes ortidan quvgan, aksariyatida shov-shuvga qurilgan tok-shoular. Demokratiya va so‘z erkinligini bayroq qilib media maydonga kirib kelgan aksariyat blogerlar o‘rni kelganda davlat telekanallaridan-da oshib tushadigan «targ‘ibot mashinalari» sifatida ishlashga o‘tgan. Boshqacha aytganda, ma’lum bir shaxslarning targ‘ibotini birvarakayiga tarqatish bilan band. Davlat OAVning ta’minoti davlatdan bo‘lsa, xususiy OAV va blogerlar ta’minoti shaxslar bilan bog‘langan(dek go‘yo). Har ikkaida ham «yegan og‘iz uyalar» naqliga asosan, ta’minotini qo‘llab-quvvatlaganlarning «kuyiga o‘ynash»ga majbur bo‘lmoqda. Natijada esa mamlakat OAV – ommaviy axborot vositalari OTV – ommaviy tashviqot vositalari bo‘lib bormoqda.
Manfaatdorligi bor OAV (homiylarini, reklama buyurtmachilarini yoki davlatni) tabiiyki, maqtab material beradi. Natijada xoh xususiy bo‘lsin, xoh davlatniki bo‘lsin – mamlakatdagi vaziyatni noreallik asosida tasvirlaydi.
Qachonki «yuqoridan» bo‘ladigan bosimga qudrati yetsagina, u erkin matbuot sifatida jamiyat uchun, uning muammolari uchun xizmat qiladi. Chunki uning auditoriyasi – xalq. Bu kurashuvda OAVning qalqoni – faqat odil sud tizimi, chiqarilgan qonun va qarorlarning ishlashi bo‘lib qoladi. Shu o‘rinda Karim Bahriyevning «So‘z erkinligi xususida so‘z» kitobidan bir iqtibos keltiraman: «Demokratiya qonunlarda yozilgan narsalarda emas, bu qonunlarga qanday rioya qilinayotganida ko‘rinadi».
Katta avlod yoshlarga qanday maslahat beradi?
Ahmadjon Meliboyev: O‘zing ishonmagan narsaga boshqalarni ishontirishga urinma. Bilgan, tushungan narsalar haqida yoz. Nima uchun yozayotganingni bil. Vijdoning oldida mulzam bo‘lib qolishdan qo‘rq. Bu yorug‘ olamdagi eng mas’uliyatli hisobot – har bir kishining o‘z vijdoni oldidagi hisobot ekanligini unutma. Haq bo‘lsang, qo‘rqma, dadil oldinga intil.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:27 / 14.12.2024
O‘zbekistonlik yoshlarning IELTS'dagi natijalari sezilarli yaxshilandi
18:19 / 07.12.2024
Yoshlarga Work & Travel dasturlari xarajatlari uchun ssuda ajratiladi
10:11 / 28.11.2024
O‘zbekiston aholisi har yili 700 mingdan ortiq kishiga oshmoqda
15:32 / 22.11.2024