07:36 / 28.12.2021
3213

Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash faoliyatiga tuzatish kiritildi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning "Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq idoralararo kengash tarkibi va uning faoliyati to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom quyidagilarni nazarda tutadi: idoralararo kengashning maqomi, vazifalari, huquqlari va javobgarligi; idoralararo kengash tarkibini shakllantirish, uning majlisini chaqirish va o‘tkazish tartibi; Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligini idoralararo kengashning ishchi organi etib belgilash; idoralararo kengash faoliyatining natijadorligini baholash tartibi.
 
Quyidagilar idoralararo kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi: nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish; nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va huquqlarini ta’minlashga doir davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish; nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishiga, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlashga, malakasini oshirish, mehnat qilishi va bandligiga ko‘maklashish; nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘la huquqli tarzda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etish.
 
Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.12.2021 yildan kuchga kirdi.

Top