Jahon | 09:48 / 29.12.2021
8531
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda milliarderlar soni 400 nafarga ko‘paydi

Foto: Depositphotos / VadimVasenin

2021 yilda dunyoda 400 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi. 17 dekabr holatiga ko‘ra, ayni vaqtda dunyoda 2600 nafardan ko‘proq milliarder bor bo‘lib, ularning umumiy boyligi 14 trln dollarga yaqinni tashkil qiladi. Bu haqda Forbes nashri xabar berdi.

Ayollar orasida eng boy yangi milliarder Miriam Adelson bo‘ldi. U bir nechta kazino egasi bo‘lgan amerikalik Sheldon Adelsonning bevasi hisoblanadi. Adelson marhum turmush o‘rtog‘i kapitalining asosiy qismini tashkil qilgan Las Vegas Sands kompaniyasidagi ulushini meros qilib olgan. Mutaxassislar ushbu ulushni 27,1 mlrd dollarga baholashmoqda.   

Milliarderlar klubiga kirgan yangi a’zolarning ko‘pchiligi Xitoydan bo‘lib, ushbu davlatda bir yil ichida 160 nafar yangi milliarder paydo bo‘lgan. Bu borada Xitoy ortidan deyarli 100 nafar yangi milliarder bilan AQSh kelmoqda. Hindiston va Germaniyada milliarderlar soni 20dan ko‘proqqa, Shvetsiyada 12 nafarga ko‘paygan. To‘rtta davlatda birinchi milliarderlar aynan 2021 yilda paydo bo‘lgan.   

Jumladan, Bolgariyada aka-uka Kirill va Georgi Domushiyevlar milliarderlar safiga kirgan. Ular o‘z imperiyalarini veterinariya mahsulotlari, yuk tashuvlari, ko‘chmas mulk biznesi va futbol orqali qurishgan. Ayni vaqtda tadbirkorlarning boyligi 4,2 mlrd dollarga baholanmoqda.

Shuningdek, amerikalik qo‘shiqchi Rianna Barbadosning birinchi milliarderiga aylandi. Uning boyligi 1,7 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. 

Estoniyada 2021 yilda Wise to‘lov servisi asoschilari Kristo Kyayermann va Taavet Xinrikus ham ilk milliarderlarga aylangan.

Urugvayda dLocal xalqaro to‘lov startapi birinchi marta birjaga chiqqandan keyin birdaniga 3 nafar milliarder paydo bo‘lgan.

2021 yildagi yangi milliarderlarning yarmidan ko‘pi o‘z kapitalini uch soha – ishlab chiqarish, texnologiyalar hamda moliya va investitsiya orqali ko‘paytira olgan. Bu borada ishlab chiqarish ayniqsa serdaromad bo‘lgan.

Mavzuga oid