18:46 / 29.12.2021
9676

Korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan jamoatchilik fikri natijalari e’lon qilindi

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida jamoatchilik fikri» mavzusida telefon so‘rovi o‘tkazildi.

Foto: RBK

Aksilkorrupsiya agentligining ma’lum qilishicha, so‘rovlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosati, agentlik faoliyati  kabi sohaga doir mavzulardan aholining xabardorlik darajasi o‘rganilgan.

Qatnashchilarning asosiy qismi, ya’ni 82,4 foizi O‘zbekistonda korrupsiya, tamagirlik va poraxo‘rlik o‘zlari uchun o‘tkir muammo hisoblanishini aytgan. Shuningdek, 36,2 foiz respondentlar jamiyatdagi korrupsiya, tamagirlik va poraxo‘rlik hamma joyda, 37,2 foizi esa ayrim sohalarda tarqalganini ta’kidlagan.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Deyarli 70 foiz ishtirokchilar OAV tomonidan O‘zbekistondagi korrupsiya, tamagirlik va poraxo‘rlikka qarshi kurashish yetarli darajada yoritilayotganini ta’kidlagan bo‘lsa, 27 foizdan ortiq qatnashchilar buni rad qilgan.

Aholining korrupsion holatlar va unga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy ma’lumotlar manbasi O‘zbekiston telekanallari va internet-resurslar bo‘lib qolmoqda.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

42,7 foiz ishtirokchilar O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish yetarli darajada muvaffaqiyatli, deb hisoblagan bo‘lsa, 31,6 foizi bu muvaffaqiyat barcha sohada ham emas, deya baholagan. 19,1 foiz respondentlar esa O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashni kam samarali, deya baholagan.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Shuningdek, qatnashchilarning 20 foizga yaqini o‘z hayotida korrupsiya, tamagirlik, poraxo‘rlik bilan bog‘liq vaziyatga duch kelganini aytgan bo‘lsa, 79,6 foizi buni rad qildi.

Top