19:38 / 03.01.2022
19043

«Yosh shaxmatchilarni mensimaslik qanchalik xavfliligini bilib qo‘yishdi». Chempionlarni yenggan yosh qahramonlar taqdirlandi

Bugun, 3 yanvar kuni tezkor shaxmat (rapid) bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov, uning murabbiylari, kuchli o‘ntalikka kirishga erishgan Javohir Sindorovni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning birinchi qismi Milliy Olimpiya Qo‘mitasi binosida o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari — prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirok etib, 17 yoshli chempionga «Mard o‘g‘lon» ordeni, 2 xonali uy, 250 mln so‘m mukofot puli topshirishdi.

Shuningdek, Nodirbekning murabbiylari 100 mln so‘mdan, jahon chempionatida 8-o‘rinni egallagan Javohir Sindorov 50 mln so‘m, turnirdagi ishtiroki uchun Shamsiddin Vohidov 25 mln so‘m pul bilan taqdirlandi.

Marosimda so‘zga chiqqan chempionning otasi — Fazliddin Ochilov o‘zining dunyodagi eng baxtli otalardan biri ekanligini ta’kidladi: «Hozir O‘zbekistonda mendan baxtli ota bo‘lmasa kerak. Chunki kenja o‘g‘lim Nodirbek shaxmatning rapid yo‘nalishida eng yosh jahon chempioniga aylandi.

Shu o‘rinda o‘g‘lim nomidan jurnalistlardan kechirim so‘rayman. Chunki ko‘p bor intervyularni rad etganmiz. Chunki Nodirbekning kun tartibi bor. Unga amal qilishi kerak. Turli tadbirlar bilan ovora bo‘lganimizda bunday muvaffaqiyatlarga erisha olmasdik».

Shundan so‘ng rahbarlar, shaxmatchilar, OAV vakillari va muxlislar «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga yo‘l olishdi. U yerga yig‘ilgan minglab muxlislar chempionni olqishlashdi.

Marosimdan so‘ng Nodirbek Abdusattorov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: «E’tibor uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu — boshlanishi. G‘alabalar bardavom bo‘ladi. Kelgusida jahon shaxmat tojini ham O‘zbekistonga olib kelamiz.

Rapid yo‘nalishidagi bahslar anchagina energiyamni olib qo‘ydi. Bu blits yo‘nalishidagi o‘yinlarimga ta’sir o‘tkazdi

Eng qiyin o‘yin? 5 karra jahon chempioni Magnus Karlsen bilan to‘qnashuvni aytgan bo‘lardim. U amaldagi chempion edi.

Kelajakda klassik shaxmatda ham jahon chempioni bo‘lishni maqsad qilganman».

Javohir Sindorov esa unga biroz omad yetishmaganini aytib, rossiyalik grossmeyster Yan Nepomnyashiy bilan bo‘lgan qiziq holatni esladi: «Do‘stim Nodirbek 5 karra chempion Karlsendan ustun kelgani — tarixiy g‘alaba. Sababi norvegiyalik grossmeyster o‘zbekistonlik ikki shaxmatchi bilan o‘ynagan bo‘lsa, ikkalasiga ham yutqazdi. Birinchisi Shamsiddin Vohidov edi.

Javohir Sindorov

Blits yo‘nalishidagi ishtirokimdan qoniqdim. Birinchi kungi bahslarda peshqadam sifatida ketayotgandim. Biroq omad va tajriba yetishmasligi pand berdi. Ammo bunday turnirlarda kuchli o‘ntalikdan o‘rin olish ham yomonmas. 2022 yili Xitoyda o‘tadigan Osiyo o‘yinlari, Moskvada bo‘ladigan jahon Olimpiadasida g‘olib bo‘lishni maqsad qilganmiz.

Karlsen va Nepomnyashiy yosh shaxmatchilar bilan mensimay o‘ynash qanchalik xavfli ekanligini bilib qo‘yishdi. Nepomnyashiyni men ham yutdim, Nodirbek ham. Bir reaksiyasi, ya’ni menga yutqazgach «Yana o‘zbekka yutqazdimmi?» degandek uf tortgani hech esimdan chiqmaydi. Bu ularga dars bo‘ldi, deyish ham mumkin».

Eslatib o‘tamiz, 29 dekabr kuni Varshavada bo‘lib o‘tgan tezkor shaxmat (rapid) bo‘yicha jahon chempionatida 17 yoshli o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov g‘alaba qozonib, musobaqa tarixidagi eng yosh chempion bo‘lgandi. 

Muxbir — A’zamjon Izzatillayev,

Tasvirchi va montaj ustasi — Abdusalim Abduvohidov

Top