08:03 / 08.01.2022
11289

Soliq to‘lovchilarga hisobot va ma’lumotnoma taqdim etishda qator huquqlar berildi 

Prezidentning «2022 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: Shutterstock

Soliq to‘lovchilarga quyidagi huquqlar beriladi:

  • 2022 yil 1 fevralga qadar 2022 yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani ko‘chmas mulk obektlariga bir kvadrat metr minimal qiymat miqdorini hisobga olmagan holda taqdim etish;
  • 2022 yil 1 aprelga qadar kadastr organlarida ko‘chmas mulk obektlari maydonlarini taqqoslashni amalga oshirish, 2022 yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan ma’lumotnomani penya hisoblash ko‘rinishidagi javobgarlik chorasi qo‘llanilmagan holda taqdim etish;
  • 2022 yil 1 oktyabrga qadar ko‘chmas mulk qiymatini baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda mustaqil baholashni o‘tkazish va 2022 yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risida aniqlashtirilgan ma’lumotnoma va baholash hisobotini soliq organlariga taqdim etish. Bunda ko‘chmas mulk obektlarini mustaqil baholash o‘tkazish rejalashtirilganligi to‘g‘risida 2022 yil 1 aprelga qadar soliq organlarini xabardor qilish shart;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘i bo‘yicha soliq hisobotlarini 2022 yil 1 fevralga qadar taqdim etish.

2022 yilda soliq yukining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quyidagilar belgilandi: jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i (tadbirkorlik faoliyatida foydalanadigan yer uchastkalaridan tashqari) summasi 2021 yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim; 2018 yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblangan, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i summasi 2021 yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim.

Quyidagilar belgilandi:

  • 2022 yil 1 iyundan boshlab tajriba tariqasida, bosqichma-bosqich yil yakuniga qadar Suv xo‘jaligi vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi barcha unitar korxonalarga faqat Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan xizmat ko‘rsatiladi;
  • Moliya vazirligi G‘aznachiligiga o‘tkazilgan unitar korxonalarning bo‘sh mablag‘lari tijorat banklari depozitlariga Moliya vazirligi G‘aznachiligiga buyurtmanoma taqdim etish orqali joylashtiriladi;
  • 2022 yilgacha davlat unitar korxonalari bo‘sh mablag‘larining tijorat banklari depozitlariga joylashtirilgan milliy valutadagi mablag‘lari depozitlar muddati tugagandan so‘ng, ularning muddati uzaytirilmasdan tegishli g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
Top