Jahon | 20:42 / 17.01.2022
25834
7 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko Ukrainaga qaytdi. Uni Rossiya foydasiga vatanni sotishda ayblashmoqda

Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko bo‘lgan samolyot dushanba kuni ertalab Kiyev xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Pasport nazoratidan o‘tib, minglab tarafdorlari oldida nutq so‘zlagan Poroshenko to‘g‘ri sudga yo‘l oldi. U Rossiya foydasiga vatanga xiyonat qilganlikda ayblanmoqda.

Foto: Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA

Poroshenko Kiyevga Wizz Air loukosteriga qarashli samolyotda Polshadan uchib keldi. Sobiq prezident uchgan samolyotda uning ko‘plab tarafdorlari va jurnalistlar bor edi. Varshava aeroportidan Ukrainaga qaytayotganda rossiyalik jurnalistlar undan «Ortga qaytgach, qo‘lga olishlaridan qo‘rqmaysizmi?» deb so‘radi. Poroshenko «Qonun va Ukraina xalqi men tomonda. Qolgani safsata», deb javob berdi.

Samolyotda Poroshenko birinchi qatorda o‘tirdi. Odamlar u bilan selfi tushishdi. Ekipaj esa parvoz qoidalariga rioya etishni iltimos qildi.

Ukraina sobiq prezidenti va «Yevropacha birdamlik» partiyasi yetakchisi bo‘lgan Poroshenko 2021 yil 17 dekabrida mamlakatni tark etgandi. Oldinroq esa Poroshenko Donbassdan ko‘mir sotib olishga ruxsat berishda ayblanib, tergovga chaqirilgan. Poroshenko tergov berish uchun bormay mamlakatni tark etgach, uning ustidan ish ochilgandi. Sobiq prezident urush holatida rusparst guruhlar daromadiga hissa qo‘shib, Donbassdan ko‘mir sotib olishga ruxsat berishda gumonlanyapti. Shuningdek, unga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri terrorni moliyalashtirish ayblovi ham ilgari surilgan.

«Pyotr Poroshenko xalq saylagan deputat, mas’uliyatli siyosatchi va fuqaro sifatida sud majlisiga o‘z xohishi bilan kelishiga ishonamiz», degandi Ukraina Davlat qidiruv byurosi rasmiy vakili Tatyana Sapyan juma kuni. Poroshenkoning vakillari ham u hech nimadan qochmasligini aytishdi va sobiq prezident o‘z xohishi bilan arzon chipta sotib olib, Kiyevga qaytdi.

Aeroportdan chiqishi bilan Poroshenkoni minglab tarafdorlari kutib olishdi. Sobiq prezidentga ular oldida nutq so‘zlashga ruxsat berildi. Odamlar Ukraina bayrog‘ini ko‘tarib, Poroshenkoni olqishlashdi.

Ukraina jinoyat kodeksining Poroshenko ayblanayotgan moddasi gumondorni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni ko‘zda tutmaydi. Biroq tergovchilarga Poroshenkoni ehtiyot chorasini belgilash uchun majburan sudga olib kelishga order berishdi. Ular Poroshenko tergovdan bo‘yin tovlagan deb hisoblashmoqda. «Ko‘mir ishi» bo‘yicha gumonlanayotgan Poroshenko esa siyosiy motivlar bilan sudga tortilayotganini aytmoqda.

«Ko‘mir ishi»

Ukraina prokuraturasining ma’lum qilishicha, rossiyalik yollanma harbiylar Donetsk va Lugansk oblastlarining bir qismini egallab olgach, Ukraina jahon bozoridan ko‘mir sotib olishga majbur bo‘lgan. Xususan, JARdan. Ammo Rossiya Ukrainaning yuqori mansabli mulozimlari bilan aloqaga chiqib, mamlakat energiya tizimidagi ta’sir doirasiga ega bo‘lish maqsadida JAR bilan kelishuv bekor qilinishiga harakat qilgan.

Rossiyaga bu rejani amalga oshirishda ukrainalik siyosatchi Viktor Medvedchuk va shaxsan mamlakat prezidenti Pyotr Poroshenko yordam bergani gumon qilinmoqda. «Ko‘mir ishi» 2021 yil oktyabr oyidayoq ochilgandi. Ukraina xavfsizlik xizmati bu borada bir necha audioni qo‘lga kiritgan. Ularda Viktor Medvedchuk va Ukraina prezidenti administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Dmitriy Kozakning ovoziga o‘xshash ovoz ko‘mir bo‘yicha shartnomalar haqida gapirgan. «Medvedchuknikiga o‘xshaydigan ovoz» ko‘p marta Pyotr Poroshenko nomini tilga olgan.

«Sizga porox kerakmidi? Marhamat»

Poroshenko aeroport oldida tashkil etilgan sahnada nutq so‘zladi. Uning samolyotda ham jurnalistlar bilan birga kelgani, aeroportda ham ko‘plab OAV vakillari kutib olganini uyushtirilgan deb atashmoqda. Ammo mamlakatning eng mashhur odamlaridan biri qaysi vaqtda aeroportga kelishini bilgan jurnalistlar kutib olib, bitta bo‘lsa ham savol berishga harakat qilishi tabiiy holat. Bu uchun alohida paparatsiya tashkil qilish shart emas.

Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

Poroshenko uni samolyotda yolg‘izlatmagan va aeroportda ham kutib olgan jasur jurnalistlarga rahmat aytdi. Sobiq prezidentning aytishicha, jurnalistlar bo‘lmaganda vaziyat murakkablashib ketishi mumkin edi. «Ular xalqdan, kamera chiroqlari va jasur jurnalistlarimizdan qo‘rqib ketishdi», dedi Poroshenko.

«Yevropacha birdamlik» partiyasi bayroqlari hilpirab turgan maydonda Poroshenko boshqa mavzularda ham gapirdi.

«15 daqiqa avval chegarachi libosidagi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari meni Ukraina hududiga kiritishmadi. Ular pasportimni olib, shaxsimni aniqlashtirishlari kerakligini aytishdi. Aftidan, mening Poroshenko ekanimga ishonishmadi.

Hozir sudga borib, davlatga qarshi harakat qilayotganlarning yolg‘onchiligini, ular vatanni sotayotganlarini isbotlaymiz. Hozir Putinga qarshi turish uchun mamlakat birlashishi kerak. Biz 2014-15 yillarda Putinga qarshi turishni uddalaganmiz. Mamlakatga porox kerak deganmidingiz? Marhamat, endi u bor», dedi sobiq prezident. Porox Poroshenkoning laqabi.

Poroshenkoning tarafdorlari uning ortidan sud binosiga ham borishdi. Yig‘ilganlar Poroshenkoni Ukrainaning beshinchi va yettinchi prezidenti deb atashdi. Ularning qo‘lida «Poroshenko prezident bo‘lib qaytadi» so‘zlari yozilgan bannerlarni ko‘rish mumkin edi.

Poroshenkoning advokatlari sobiq prezident hech qanday ogohlantiruvchi hujjat olmagani, sudga bu haqda OAVda bilib kelganini ma’lum qilishdi.

«Siyosiy tik-tok»

Ukraina prezidenti ofisi vakili Mixail Podolyak sobiq prezident atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirdi.

«Janob Poroshenko omma oldida qilayotgan ishlar siyosatga ham, raqobatga ham aloqador emas. U go‘yoki siyosiy tik-tokda o‘z o‘rnini topishga urinayotgandek. Mamlakatdagi bor muammolar aynan sobiq siyosatchilar davrida paydo bo‘lgani bugun yana bir bor o‘z isbotini topdi. Janob Poroshenko chegarachilarning oddiy ishini ham shouga, o‘zining kelishini esa yakkaxon konsertga aylantirib yubordi. Sobiq prezident hech bo‘lmasa mamlakatga hurmat nuqtayi nazaridan biroz sipo harakat qilsa bo‘lardi», dedi Zelenskiyning vakili.

Ma’lumot uchun, Pyotr Poroshenko 2014 yildan 2019 yilgacha Ukraina prezidenti bo‘lgan. 2019 yilgi saylovlarda Vladimir Zelenskiyga imkoniyatni boy bergan edi. 56 yoshli Poroshenko Ukrainaning eng boy odamlaridan biri hisoblanadi. Dunyoga mashhur «Roshen» qandolat kompaniyasi asoschisi bo‘lmish Poroshenkoning hozirgi moliyaviy holati 1,6 milliard dollarga baholanadi.

Mavzuga oid