O‘zbekiston | 15:59 / 27.01.2022
59793
4 daqiqa o‘qiladi

«Jirinovskiy O‘zbekistonga kirishi taqiqlanishi kerak» - «Milliy tiklanish» TIVdan O‘zbekiston sanksiyasidagi shaxslar ro‘yxatini tuzishni so‘ramoqda

Partiya vakillariga ko‘ra, ro‘yxatga birinchi navbatda Rossiya Liberal-demokratik partiyasining tuturiqsiz bayonotlari bilan tanilgan raisi Vladimir Jirinovskiy kiritilishi kerak.

Alisher Qodirov va Vladimir Jirinovskiy

«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov Telegram’dagi kanali orqali Rossiya Liberal-demokratik partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiyning bir muddat avval O‘zbekiston haqida aytgan fikrlariga munosabat bildirdi.

Avvalroq rossiyalik deputat Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirgan va bu voqealar barcha possovet mamlakatlarida birin-ketin sodir bo‘layotganini aytib, ro‘yxatda O‘zbekiston nomini ham sanagandi. U shuningdek, O‘zbekistonga poytaxt Toshkent yerlari sovg‘a sifatida berilganini qayd etgan.

Alisher Qodirov uning fikrlariga munosabat bildirar ekan, Uinston Cherchillning «akillagan laychalar» iborasi aynan Jirinovskiyga o‘xshaganlarga qarata aytilganini ta’kidladi.

«Uinston Cherchill «akillagan laychalarning hammasiga tosh otaversang, manzilingga yetib borishing qiyinlashadi», deganida Jirinovskiyga o‘xshaganlarni nazarda tutgan bo‘lsa kerak. Cherchillning dono o‘gitiga quloq tutib, bu shaxsning so‘zlariga e’tibor bermasdan o‘tib ketish to‘g‘ri bo‘lar edi, lekin qisqacha fikrimni bildirib qo‘yish zarar qilmaydi, deb o‘yladim:

Birinchidan, Jirinovskiyning bu bayonotlari, hatto norasmiy bo‘lsa ham, Rossiyaning xalqaro obro‘yiga zarar beradi. Rossiyaning kam sonli hamkor mamlakatlari uchun ham, rivojlangan dunyo kabi, Rossiya bosqinchi va ikkiyuzlamachi davlat deya xavotirlanishlariga yo‘l ochadi.

Ikkinchidan, bugungi Rossiya Rus imperiyasini tiklash, boshqa hududlarni qo‘shib olish haqida emas, tarqalib ketmaslik haqida ko‘proq bosh qotiryapti. Shu sababli Jirinovskiyning bunday aljirashlariga rus rasmiy doiralari birinchi bo‘lib munosabat bildirishlari kerak, deb o‘ylayman.

Uchinchidan, so‘nggi vaqtlarda Rossiyadagi rasmiy doiralar Markaziy Osiyoda mahalliy ruslarga hurmatsizlik qilinayotgani sabab alohida sub’yektlarga sanksiyalar qo‘llashmoqda. Lekin boshqa millatlarga hurmatsizlik qilayotgan o‘z rasmiylariga nisbatan ovoz ham chiqarmayaptilar. Bu ikkiyuzlamachilik emasmi?» deydi Qodirov.

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Markaziy Osiyoda yashayotgan rus vatandoshlarning mahalliy aholi bilan munosabatlari buzilishiga aynan shu kabi kaltabin bayonotlar sabab bo‘layotganini qayd etgan.

«Menimcha, biz ham mamlakatimizga hurmatsizlik qilganlar uchun sanksiyalar joriy qilish haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak», deydi Alisher Qodirov.

Kun.uz muxbiri Qodirovning fikrlari borasida qo‘shimcha ma’lumot olish maqsadida partiya raisining Mafkuraviy masalalar va OAV bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov bilan bog‘landi. U ham partiya raisi rossiyalik deputatga sanksiyalar joriy qilish haqida gapirganda to‘la haq bo‘lgan degan fikrda.

«O‘zingiz o‘ylang, juda ko‘p davlatlarda mana shunday ro‘yxat bor va unga davlatga nisbatan hurmatsizlik qilgan shaxslar kiritiladi. Bu davlatning obro‘yi bilan ham bog‘liq. Lekin nega bizning Tashqi ishlar vazirligimiz shu paytgacha jim turibdi?

Balki ular Jirinovskiyni norasmiy shaxs, deya jim turishgandir, lekin bu kabi fikrlar undan birinchi bor chiqmayapti-ku.

Jirinovskiy O‘zbekistonga kirishi taqiqlanishi kerak. Umuman, Rossiya dumasida bunga (Jirinovskiyga) o‘xshash yana 5-6 nafar deputat bor. Ular O‘zbekistonni doimiy tarzda haqoratlab kelyapti. Nima uchun bu haqda rasmiylarimizdan birortasi gapirmayapti?

Ana Qozog‘iston, Ukraina va Belarusda ham bir necha ana shunday politologlar bor. Tashqi ishlar vazirligimiz bundaylarning ro‘yxatini qilib, ularga cheklov, sanksiya qo‘yishi kerak», – dedi partiya raisi o‘rinbosari. 

Mavzuga oid