Bu ma’lumotlar veb-texnologiyalarga doir ma’lumotlarni umumlashtiruvchi w3techs saytida keltirilgan va har kuni yangilab boriladi.

Internetda turli tillarda yaratilgan kontentlarning yil davomida o‘zgarish grafigi. w3techs.com

Jahonda turk tilidan ko‘ra kengroq tarqalgan xalqaro tillar ko‘p. Masalan, kontent yaratishda foydalanilgan tillar ro‘yxatida keyingi o‘rinlarda ispan tili (3,6 foiz), fors tili (3,5 foiz), fransuz tili (2,5 foiz), nemis tili (2 foiz), yapon tili (1,9 foiz), vetnam tili (1,9 foiz), xitoy tili (1,3 foiz), arab tili (1,3 foiz) turibdi.

Albatta, «kuchli o‘nlik»dan o‘rin olgan turkcha, forscha va vetnamcha ma’lumotlarning ko‘pligi kishini chindan ham hayratlantiradi. Masalan, jami ma’lumotlarning 0,1 foizdan ham kamrog‘ini tashkil etuvchi o‘zbek tilidagi kontentlar  51-o‘rinda ekan. Ya’ni, internetdagi har mingta maqolaning bittasi o‘zbekcha. Turklarning bu borada amalga oshirgan ishlaridan o‘rnak va andaza olsa arziydi.

Internetda o‘zbek tilidagi ma’lumotlar qancha?

Xalqaro ochiq ensiklopediya — Wikipedia’da o‘zbekcha materiallar 100 mingdan oshgan. Wikipedia’dagi maqolalarning katta qismini «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»dan shundoqqina ko‘chirib, «kopi-peyst» qilingan maqolalar tashkil etadi. Ularning katta qismi kitob varianti uchun tayyorlangan, batafsil bo‘lmagan, bir abzatsdan iborat yuzaki ma’lumotlar. Holbuki, ko‘pincha o‘sha maqolaning boshqa tildagi versiyalarida batafsil ma’lumotlar berilgan bo‘ladi. Sifatga emas, songa ishlangandek taassurot qoldiradi.

Onlayn ensiklopediyada maqolalar soni 1 milliondan oshgan tillar soni 19 ta, bu yerda ham tabiiyki, ingliz (6,38 mln maqola) va rus tili (1,75 mln maqola) yetakchilik qilmoqda. O‘z-o‘zidan, bu ikki tilni mukammal bilgan inson yanada ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lishi oydinlashadi.

Youtube, TikTok, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekcha kontentlarni-ku, endi gapirishga ham arzimaydi. G‘ij-g‘ij xato.

Ushbu ma’lumotlarni keltirishdan muddao, XXI — axborot asrida o‘zbek tilidagi sifatli kontentni ko‘paytirish uchun zudlik bilan ishga kirishish kerakligini eslatish. Biz bu borada boshqa millatlardan ortda qolib ketmasligimiz kerak.