17:52 / 10.02.2022
20265

“Alp Er To‘nga qabriga boruvchi yo‘l xaritasi bor” - tarixchi

Turkiyalik professor Buxorodan Alp Er To‘nga qabrini topganini e’lon qilgan edi. Biroq bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi mumkin; qolaversa, o‘zbek tarixchilari bundan ancha avvalroq qabrning taxminiy manzilini aniqlagan. Agar qabrning o‘zi topilsa, Markaziy Osiyoda davlatchilikka asos solinganiga 4 ming yildan oshgani isbotlanadi.

Alp Er To‘nga nomi turk xalqlari davlatchiligi boshlanish nuqtasi va yo‘lboshchisi sifatida qator tarixiy manbalarda, adabiyotlarda keltirilgan. Manbalarda, Alp Er To‘nga miloddan avvalgi VII asrda turklarni birlashtirib, hozirgi Markaziy Osiyo, Eron va Ozarboyjon hududlarida Turon davlatiga asos solgani yozilgan.

Turkiyalik tarixchi olim, professor Nejati Demir Buxorodan Alp Er To‘nga qabrini topgani haqida 2021 yilning 1 oktyabrida o‘zining Twitter'dagi sahifasida e’lon qilgandi.

O‘shanda turk xalqlari bu yangilikni iliq kutib olgandi. Nejati Demir Turkiyaning TRT 1 telekanaliga 2021 yil dekabrda bergan intervyusida ham qabrning aniq joyini bir qancha izlanishlaridan keyin topganini, bu turk dunyosi uchun katta yangilik bo‘lishini ma’lum qilib, mavzuga oid barcha qo‘shimcha ma’lumotlarni 3 oydan keyin e’lon qilishini aytgan.

Biroq ma’lum bo‘lishicha, Alp Er To‘nga (Afrosiyob) qabrining joyi o‘zbek tarixchilari tomonidan turk tarixchisidan ancha oldin aniqlangan. Faqat OAVda keng e’lon qilinmagani uchun bu ma’lumotdan ko‘pchilik xabardor bo‘lmagan.

O‘zFA professori Qahramon Rajabovning 2014 yilda nashr etilgan “Alp Er To‘nga” kitobida yozilishicha, taxminan miloddan avvalgi 630 yilda Turon va Eron o‘rtasida qarama-qarshiliklar avj olgan. Siyovushning o‘g‘li Kayxusrav Turonga bostirib kirgan va Afrosiyob bilan jang qilgan. Janglarda Afrosiyobning qo‘li baland kelgandan keyin Kayxusrav hiyla ishlatib, ziyofat paytida Afrosiyobni zaharlab o‘ldirtirgan.

“Narshaxiy o‘z asarida bu voqealarni quyidagicha tasvirlaydi. Siyovushning Kayxusrav nomli o‘g‘li bo‘lib, u otasining qonini talab qilib, ko‘p lashkar bilan bu viloyatga kelganida Afrosiyob shu Romtin (hozirgi Romitan) qishlog‘ini hisor qilib turgan… Kayxusrav 2 yildan keyin Afrosiyobni tutib o‘ldirdi. Afrosiyobning go‘ri Buxorodagi Ma’bad darvozasida, rahmatli Xoja imom Abu Hafs Kabir tepaligiga tutashgan katta tepalik ustidadir”, – deyilgan “Alp Er To‘nga” kitobida.

Qahramon Rajabovga ko‘ra, bu tepalik hozirgi Buxoro shahridagi Hazrati Imom qabristoni o‘rniga to‘g‘ri keladi. Agar qabr topilsa, turkiy xalqlar davlatchiligiga 4 ming yildan ziyod bo‘lgani isbotlanadi.

“Narshaxiy Afrosiyob bilan bo‘lgan voqealarni tasvirlar ekan, u aniq sanani keltirmaydi. Afrosiyob shaxsi bilan bog‘liq voqealar tasvirida tarixchi tomonidan bir necha marta ushbu voqealarga 3 ming yildan oshgan, degan javob keltiriladi. Narshaxiy yashab o‘tgan paytdan hozirgacha ming yildan ortiq vaqt o‘tdi”, – deydi Qahramon Rajabov.

Turk tarixchisi Nejati Demir o‘z intervyusida O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikda Alp Er To‘nga qabri borasida qazishma ishlari olib borilayotgani haqida aytgan.

Mavzu yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Nejati Demir bilan bog‘lanib ko‘rishga harakat qildik. Ammo javob ololmadik.

Shu sabab Alp Er To‘nganing qabri bor deb taxmin qilinayotgan hududda qazishma ishlari olib borilayotganidan O‘zbekiston tomoni qanchalik xabardor ekanini bilish uchun O‘zFA qoshidagi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudovga murojaat qildik. U Afrosiyob degan shaxsni mifologik qahramon deb atab, uning qabrida qazishma ishlari olib borilmayotganini ma’lum qildi.

“Bu mifologik, cho‘pchaksimon ma’lumot. Masalan, biz Amir Temur tarixda bor ekanligini bilamiz. U paytda tangalar chiqarilgan, kitoblar yozilgan, farmonlari bor. Alp Er To‘nganing qachon yashaganini bilmaymiz. Afrosiyob haqidagi ma’lumotlar tarixiy haqiqat emas. Biz bunga ishonib qazishma olib bormaymiz”, – dedi u.

Qayd etish lozim, Markaziy Osiyoda XI asrda bitilgan “Devon-u lug‘otit turk” va “Qutadg‘u bilig” kabi manbalarda Alp Er To‘nga shaxsi haqida so‘z borgan. Shu bilan birga, bir guruh olimlar Alp Er To‘ngani shu davrga oid “Shohnoma”da (Eronda bitilgan) tilga olingan Afrosiyob bilan ayni bir shaxs deb hisoblaydi.

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentining Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi rahbari Sherzod Mahmudov ma’lumotiga ko‘ra, Buxoroda Alp Er To‘nga qabri borasida qidiruv ishlari ancha oldin boshlangan, bu masala bilan “Qadim Buxoro” madaniy va ma’naviy merosni o‘rganish ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Komil Ikromov shug‘ullanib kelyapti.

Komil Ikromov qariyb 30 yildan beri Markaziy Osiyo tarixiy hududlarini o‘rganib, qazishma ishlarini olib bormoqda. U Afrosiyob qabri bo‘yicha qariyb 4 yildan beri qidiruv, aniqlashtirish ishlarini davom ettirayotganini aytdi.

“45 yildan beri Buxoroda qazishma olib boradigan rus arxeologi Yelizaveta Nekrasova bilan 30 yildan beri ishlayman. U menga yuborgan arxivlar orasidan 2018 yilda Buxoroning 1893 yilda chizilgan qadimiy xaritasini topdim. Bu xarita – Turkiston harbiy-topografik bo‘limi tomonidan xromolitografiyalangan Buxoro shahri rejasidir. Bu topilma men uchun katta kashfiyot bo‘ldi. Shundan keyin Afrosiyob qabri Buxoroning hozirgi qaysi hududiga to‘g‘ri kelishini o‘rganishni boshladim”, – dedi olim.

 Turkiston harbiy-topografik bo‘limi tomonidan 1893 yilda ishlangan, xromolitografiyalangan Buxoro shahri rejasi

Tadqiqotchiga ko‘ra, qabr Buxoro shahrida, hozirgi Maksim Karimov ko‘chasi bo‘ylab eski shahardan chiqishda chap tomonda joylashgan. Ikromov Nekrasova xaritasi asosida Afrosiyob qabrining Buxoro shahrining hozirgi qaysi hududiga mos kelishi bo‘yicha o‘z xaritasini tuzgan.

 XIX asrda chizilgan, Buxoroning VI-VIII asrlarlar boshidagi xaritasi
 Komil Ikromov chizmasi bo‘yicha Buxoroning VI-VIII asrlar boshidagi xaritasi

“Bundan tashqari, men Afrosiyobning poytaxti Romitanda “Qadim Buxoroning kichik xalqasi” degan loyiha ham qilganman. Loyiha UNESCO'ning Xalqaro muzeylar kengashi a’zosi Luiza Kun ishtirokida amalga oshirilgan”, – deydi tadqiqotchi.

Komil Ikromovning aytishicha, Afrosiyob dafn etilgan hudud hozir Hazrati Imom qabristoniga aylangan. Bu yerda yangi qabrlar ham bor. Shu sabab bu hududda qazishma ishlari olib borishning imkoni yo‘q.

A – qal’a-diz-kandiz. B – shaxriston. V – Rud-i Zarning asosiy irmog‘i.

I – dexqonlar qasrlari, II – Kashkashon sulolasiining turar joylari, III – Xin dehqonining qasri, IV – So‘g‘d sulolasi dehqonlarinig qasrlari, xristianlarga tegishli cherkov va turar joy kvartallari; V – Registon (qumlik maydon), Buxorxudotlar qasri, VI – Buxorxudotlar yerlari, VII – Afrosiyob tepaligi.

Markaz rahbari qazishma ishlari o‘rniga Buxoro shahrida Afrosiyob yodgorlik majmuasini qurishni taklif qilyapti. Bu majmuani Afrosiyob ko‘milgan O‘g‘lon shahar darvozasi yaqinida (darvoza o‘rni hozirgacha saqlanib qolgan) qurish mumkin.

Ma’bad darvozasi (O‘g‘lon darvozasi deb ham yuritiladi) va uning eski devorlari ichki ko‘rinishining fotosurati, XVI asr
 Darvozai O‘g‘lon-Xorazm, XVI asr
Komil Ikromov taklif qilayotgan “Afrosiyob” majmuasi loyihasi

“Dunyoda 220 million turkiy tilda so‘zlashuvchi va yana qariyb shuncha forsiy tilda so‘zlashuvchi aholi bor. Shularning 1 foizi Afrosiyob qabrini ko‘rgani kelsa, bu 4 million sayyoh Buxoroga kelishini anglatadi. Chunki Firdavsiy “Shohnoma”sida yozishicha, Afrosiyob Fors davlatiga ham 15 yil hukmdorlik qilgan”, – deydi tadqiqotchi.

Zuhra Abduhalimova,

Kun.uz muxbiri

Top