Jahon | 19:03 / 10.02.2022
31186
2 daqiqa o‘qiladi

Netflix’da eng ko‘p ko‘rilayotgan yangi koreys serialining bosh qahramoni o‘zbekistonlik bo‘lib chiqdi

Yanvar oxirida Netflix’da e’lon qilingan “Biz hammamiz o‘lganmiz” nomli koreys dramasida bosh rolni ijro etgan aktyor Pak Solomon asli o‘zbekistonlik. U kinodagi rolidan so‘ng juda mashhur bo‘lib ketdi. Muxlislari uning O‘zbekistondan ekanini aniqlashdi.

Foto: Instagram / lomon991111

Netflix tomonidan 28 yanvarda e’lon qilingan 12 qismli “Biz hammamiz o‘lganmiz” filmi qisqa muddatda ingliz tilida bo‘lmagan top 10talik kinolar ro‘yxatiga kirdi.

Kinoda ilmiy tadqiqot xato olib borilishi oqibatida mahalliy o‘rta maktablardan biri zombilar bilan to‘lishi va qamalib qolgan o‘quvchilar tirik qolish uchun harakat qilishi aks etadi.

Kino top filmlar ro‘yxatiga kirgach, tomoshabinlar bosh rollarni ijro etgan aktyorlar hayoti bilan qiziqa boshlashgan va aktyorlardan biri asli o‘zbekistonlik ekani haqida ma’lumotlar chiqib kelgan.

Yosh aktyor, filmda bosh rollardan birini o‘ynagan Pak Solomon asli o‘zbekistonlik, vikipediada ham u haqida “koreys-o‘zbek aktyori” deya ma’lumot berilgan.

Pak Solomon 1999 yil 11 noyabrda O‘zbekistonda tug‘ilgan, qisqa muddat Rossiyada ham yashaydi va beshinchi sinfda o‘qiyotgan payti oilasi bilan birga Janubiy Koreyaga ko‘chib ketadi.

Foto: Instagram / lomon991111

Aktyorni ayni paytda Instagram ijtimoiy tarmog‘ida 4 mln obunachi kuzatadi. Netflix filmidan so‘ng muxlislari uni 2022 yilning yangi yulduzi sifatida ham olqishlayapti. Pak aktyorlikdan tashqari model sifatida ham faoliyat olib boradi, reklama roliklarida suratga tushadi. 

Mavzuga oid