02:32 / 19.03.2022
20260

Mashinasining davlat raqamini o‘zgartirib, katta tezlikda boshqargan navoiylik “uchar” Jizzaxda qo‘lga tushdi

U Lacetti mashinasini davlat raqamini o‘zgartirib olgan holda tezlik 70 km/s.gacha cheklangan hududlarda 130-140 km/s. tezlikda boshqarib yurgan. Qariyb 13 mln so‘mlik jarima esa boshqa fuqaroning manziliga borgan.

IIV YHXX axborot xizmatining xabar berishicha, qoidabuzar haydovchi boshqa transport vositasiga tegishli bo‘lgan davlat raqamidan bitta raqamni kesib, o‘ziga tegishli Lacetti mashinasining davlat raqamiga maxsus moslama yordamida o‘rnatib olgan.

Videolavhada Lacetti mashinasining davlat raqami aslida “85M509GA” ekanligini ko‘rish mumkin. Haydovchi esa mashinaning davlat raqamini istasa “85M559GA” yoki “85M505GA” ko‘rinishiga o‘zgartirib, tezlik 70 km/s.gacha cheklangan hududlarda 130-140 km/s. tezlikda boshqarib yurgan. Radarlar qoidabuzarlikni qayd etgan. Biroq davlat raqami o‘zgartirilgani sababli qariyb 13 mln so‘mga yaqin jarimalar Damas mashinasi bo‘lgan boshqa fuqaroga yuborilgan.

Haydovchi mashinasining davlat raqam belgisini qachondan beri o‘zgartirib yurganini eslolmasligini, savdo-sotiq bilan shug‘ullanishini ma’lum qilgan. Unga nisbatan Jizzax viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan tegishli chora ko‘rilgan.

Toshkentda boshqa avtomobilning davlat raqamini taqib yurgan haydovchi aniqlandi

 

Mavzuga oid
Top