Denov — Surxondaryoning ikkinchi yirik shahri. Savdo va sanoat markazlashgan shahar. Denov bozorlari bilan ham mashhur. Ayniqsa «Bobodehqon bozori» bilan xalq orasida mashhur Denov dehqon (oziq-ovqat) bozoriga nafaqat denovliklar, butun Surxondaryodan tijoratchilar va xaridorlar kelishadi.

Dehqon bozori buzilgach, Internetda juda ko‘p norozilik chiqishlari bo‘ldi. Murojaatlarning aksariyati mulki buzilayotgan do‘kondorlar yetarli tarzda kompensatsiya olmayotgani bilan bog‘liq edi.
Xo‘sh, Denov shahridagi markaziy bozor nega buzildi?
To‘g‘risini tan olish kerak, Denovdagi bozor va uning atrofidagi ko‘chalarda tirbandlik va tartibsizlik hukmron edi. Mashinalar oqimini svetofor bilan ham tartibga solib bo‘lmayotgan edi. Biz bu haqda 2017 yilda lavha tayyorlagan edik.
Shu sabab dehqon bozorini shahardan chetroqqa ko‘chirishga qaror qilindi. Denov tumanining o‘sha paytdagi hokimi Ulug‘bek Qosimov bizni yangi bozor qad rostlayotgan joyga olib borib, kelgusidagi rejalar bilan tanishtirgan edi.

Hozir yangi dehqon bozori ishga tushirilgan. Tadbirkorlarning ko‘pchiligi ko‘chib o‘tishdi. Garchi, eski dehqon bozori atrofida va ko‘chalarda dehqonlar va sotuvchilar hali ham savdo qilishda davom etishayotgan bo‘lsa ham.
Biz ana shunday sotuvchilardan bir nechtasidan nega yangi bozorga ko‘chmasdan tuproq va chang ichida savdo qilib o‘tirganini so‘radik. Sabzavot va ko‘katlar bilan savdo qilib turgan opaxonlar, onaxonlar yangi bozor uzoqligi, xaridorlar shu joyga ko‘nikishgani, hali ko‘pchilik ko‘ngil uzib biroz olisdagi yangi dehqon bozoriga borishga jazm qilmayotgani haqida gapira boshlashdi.

Allaqaydan qoni qaynoq bo‘z bolalar paydo bo‘ldi. Birovi onamni, boshqasi opamni nega tasvirga olasan, deya e’tiroz qildi va tasvirlarni o‘chirishni talab qila boshlashdi. Noiloj, o‘chirdik.
Ya’ni ularning o‘zlari ham bu ishlari sirtdan qaraganda xunukligini, faoliyati noqonuniyligini ich-ichidan his qiladi. Bozorning buzilishida hokimiyat aybdor deb bilishadi, qasddan ko‘chada savdo qilishadi. Ular bu ishi ovoza bo‘lmasligini, hech kim monelik qilmasligini istashadi.

















