Sport | 15:36 / 09.04.2022
32386
13 daqiqa o‘qiladi

Manchester – Liverpul to‘qnashuvi: Klopp Gvardiola mehmoni, «MYu» «Everton»ga qarshi

Foto: Getty Images

Yevrofutbol hal qiluvchi pallalarga yaqinlashib kelmoqda. Bir necha kun oldin yevrokuboklarda yarimfinal uchun jiddiy to‘qnashuvlarni kuzatgan bo‘lsak, bugundan ligalarda ham xoh chempionlik kurashi bo‘lsin, xoh ligada jon saqlab qolish uchun kurash bo‘lsin, murosasiz bahslarning guvohi bo‘lamiz.

 9 aprel (shanba)

APL. 31-tur

EVeRTON – MANCheSTeR YuNAYTeD

O‘yin boshlanish vaqti: 16:30

TV-translatsiya: FutbolTV

Iftorlikkacha vaqtni qanday o‘tkazishni bilmay turgan muxlislarni «Guddison Park»da ajoyib bahs kutmoqda. Bu jamoalar sizni shiddatli kombinatsiyalar va gollar bilan xushnud qila olmagan taqdirda ham, hech bo‘lmasa, biroz uxlab olishingizga kafolat beradilar.

«Everton» o‘tgan turda ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan asosiy raqibi «Byornli»dan yutqazib qo‘ydi va endi Lempard shogirdlarini xavfli zonadan atigi 1 ochko ajratib turibdi. Liverpulliklar bu turdan keyingi o‘yinlarni ikki marta «Lester», «Chelsi» va «Liverpul»ga qarshi o‘tkazadi. «Byornli»ning ertaga «Norvich» bilan o‘ynashini e’tiborga olsak, hatto shu haftadan keyin jamoa 18-pog‘onaga tushib qolishi mumkin. So‘nggi besh yilda transferlar uchun ba’zi top-6 jamoalaridan ham ko‘p pul sarflagan klub uchun bu juda katta muvaffaqiyatsizlik.

Shu tufayli o‘ziga yarasha muammolarga ega bo‘lgan «Yunayted» bilan o‘yinda «Everton» faqat g‘alaba uchun o‘ynashi tabiiy. To‘g‘ri, uch yildan beri «Everton» manchesterliklarni yuta olmayapti, ammo birinchi davrada «Old Trafford»da durang qayd etilgani, umuman Rangnik jamoasi har qanday raqibga qarshi ham muammolarga duch kelayotganini e’tiborga olsak, mezbonlarda yetarlicha imkoniyat bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Buning ustiga kechagi matbuot anjumanida «MYu» murabbiyi tarkibda ham muammolar borligini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, Kavani, Shou, Varan va Maktominey kabi futbolchilarning maydonga tusha olmasliklari aniq. Lyuk Shou umuman oy oxirigacha safdan chiqqani aytilmoqda. Ammo «Lester»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan Krishtianu Ronaldu bugungi uchrashuvga tayyor. Mezbonlar tarkibida ham yo‘qotishlar kam emas. Tausend va Patterson mavsum oxirigacha safdan chiqqan, Deyvis va Minada ham jarohatlar bor. Andre Gomeshning sheriklariga yordam berishi ham so‘roq ostida qolmoqda.

«Manchester» barcha musobaqalardagi oxirgi olti o‘yinidan atigi bittasini yutdi. «Everton»da ham oxirgi olti o‘yinda shuncha g‘alaba bor, xolos. Ikki omadsiz jamoalar to‘qnashuvida kimdir ko‘proq xato qilishi kerak-ku...

 9 aprel (shanba)

Bundesliga. 29-tur

HeRTA – UNION BeRLIN

O‘yin boshlanish vaqti: 21:30

TV-translatsiya: Match-Futbol

Germaniyada eng ko‘p jamoa Berlindan bo‘lsa-da, yuqori ligalarda shahar jamoalarini derbilari doim ham kuzatilmaydi. O‘tgan asr oxirlarida esa, ya’ni Berlin birlashishidan oldin, bu ikki jamoa devorning ikki tomonida to‘p tepgan. «Herta» g‘arbda ko‘proq «Tennis Borussiya» jamoasi bilan raqobatlashgan bo‘lsa, sharqda Berlin derbisi asosan Drezdenning «Dinamo» va «Union» o‘rtasida shakllangan. Berlin devori yiqilgach, 1990 yilning 27 yanvarida ushbu katta voqea sharafiga aynan «Herta» va «Union» o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi tashkillashtirilgan va 51 270 tomoshabin qarshisida g‘arbliklar 2:1 hisobida ustun kelishgandi.

2019 yilda «Union» o‘z tarixida birinchi marta Bundesligaga chiqdi va ushbu ikki jamoa o‘rtasidagi Berlin derbisi endi eng yuqori darajada o‘ta boshladi. Shundan buyon o‘tgan 5ta derbining 2tasida «Union», 2tasida «Herta» g‘alaba qozondi, bir uchrashuvda esa durang qayd etildi. Shu yilning yanvar oyida jamoalar Germaniya kubogi uchun bahsda ham to‘qnash kelishdi va mehmon jamoa sifatida to‘p surgan «Union» 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Umuman, ushbu mavsumda hamshaharlaridan farqli ravishda, «Union» ancha barqaror o‘yin namoyish etmoqda va hatto yevrokuboklarda to‘p surish imkoniyati uchun kurashmoqda. Urs Fisher shogirdlari hozirda 41 ochko bilan 7-o‘rinda bormoqda va Yevropa ligasi o‘rinlaridan atigi 3 ochko ortda qolyapti, xolos. O‘tgan mavsumda ham so‘nggi turlargacha ligada qolish uchun kurashib, muvaffaqiyat qozongan «Herta»ning vaziyati og‘irroq. Oxirgi 12 o‘yinda atigi 1 marta g‘alaba qozongan jamoa 28 o‘yindan 26 ochko to‘plagan va turnir jadvalida oxirgidan bitta oldinda turibdi. Demak har ikki jamoa uchun bu o‘yin ham derbi, ham turnirda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

10 aprel (yakshanba)

APL. 31-tur

MANCheSTeR SITI – LIVeRPUL

O‘yin boshlanish vaqti: 20:30

TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

Oxirgi 10 yilda Angliyada faqat uch marta chempionlik aniqlanishi so‘nggi turlargacha davom etgan. 2012 yilda Agueroning oxirgi soniyalardagi goli barchasini hal qilgani muxlislarning yodidan ko‘tarilmagan. 2013/14 mavsumida esa Stiven Jyerrardning kutilmaganda yiqilib tushishi «Liverpul»ga pand bergan va «Manchester Siti» yana uloqni ilib ketgandi. Ikki yil oldin yana shu ikki jamoa so‘nggi turlargacha chempionlik uchun kurash olib borishdi va Pep Gvardiola shogirdlari atigi bir ochkoga raqibni ortda qoldirdi. Demak mana shunday bosim ostidagi kurashda «Manchester Siti»da o‘ziga yarasha tajriba bor.

Albatta, «Liverpul»da ham o‘ziga yarasha ustunlik bor. Klopp shogirdlari alohida o‘yinlarda, finalga tenglashtirilgan bahslarda juda yaxshi o‘yin ko‘rsatadi va «Liverpul»ni «Siti»dan ustun qilib turadigan jihat ham shu. Atigi ikki oy oldin «Siti»dan 10 ochko ortda borgan «Liverpul» bu farqni minimumgacha qisqartira oldi va tabiiyki, ruhiy tomondan yaxshiroq kayfiyatda bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, «Liverpul» Chempionlar ligasida safarda «Benfika» ustidan ishonchli g‘alaba qozondi va keyingi bosqich masalasini deyarli hal qildi. «Shaharliklar»ni esa Madridga qiyin safar va «Atletiko» bilan o‘yinda minimal ustunlikni saqlab qolish vazifasi ham turibdi.

Foto: Getty Images

Har ikki jamoada ham jarohatlanganlar deyarli yo‘q va murabbiylar optimal tarkibni tanlay olishlari muxlislar uchun ham yaxshi holat. Faqatgina mezbonlar himoyasi yetakchisi Ruben Diash maydonga tusha olmaydi. Gvardiola markazda Stounz – Laport juftligini ham ko‘p bora sinab yurgani uchun bu yo‘qotish u qadar katta muammo tug‘dirmasligi tabiiy.

Yana bir jihat shundaki, «Liverpul»da barcha futbolchilar jarohatdan forig‘ bo‘lsa-da, ba’zi yetakchilar, xususan Saloh va Manening optimal sport formasidan ancha uzoqligi ham jamoa muxlislarini tashvishga solayotgan bo‘lsa kerak. Juda tig‘iz mavsum o‘tkazayotgan, «Liverpul»ning barcha musobaqalarda oxirigacha borayotganidan tashqari, Afrika Millatlar kubogi va jahon chempionati saralashlarida ham jamoasining yetakchisi bo‘lib kelayotgan bu futbolchilar kamida ruhiy charchoqda ekaniga statistika ham dalolat qilib turibdi. Agar «Norvich»ga qarshi 6:0 hisobidagi g‘alabada har ikki futbolchi dubl qayd etganini aytmasa, barcha musobaqalardagi oxirgi 10 o‘yinda Mane ikkita, Saloh esa atigi bir marta penaltidan raqib darvozasini ishg‘ol qila oldi xolos. Asosiy ishi gol urish bo‘lgan bu futbolchilar aynan «Siti»ga qarshi raqiblarga qarshi katta o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatishi shart.

Qizig‘i, bu jamoalar bir hafta o‘tib, Angliya kubogi yarimfinalida ham to‘qnash keladilar. Chempionlar ligasida ham balki finalda ushbu juftlikni ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni har ikki jamoada ham bu mavsumda trebl bilan yakunlash imkoniyati bor. Ingliz jamoalari ichida faqat «Manchester Yunayted» 1999 yilda trebl qilganini e’tiborga olsak, yana bir tarixiy voqea bo‘sag‘asida turgan bo‘lsak, ne ajab...

10 aprel (yakshanba)

A Seriya. 32-tur

TORINO – MILAN

O‘yin boshlanish vaqti: 23:45

TV-translatsiya: Sport

Mavsum tugashiga 7 tur qolganda «Milan» A Seriyada yaqqol peshqadam bo‘lib oldi. Asosiy raqiblar bilan o‘zaro o‘yinlar ham o‘tib bo‘lgan, demak, 10 yillik tanaffusdan so‘ng chempionlikka erishish milanlik futbolchilarning o‘zigagina bog‘liq. «Milan» keyingi o‘yinlarni «Jyenoa», «Latsio», «Fiorentina», «Verona», «Atalanta» va «Sassuolo»ga qarshi o‘tkazadi. Albatta, har bir raqib o‘ziga yarasha qarshilik kuchiga ega, Pioli shogirdlari hali ko‘p ter to‘kishlariga to‘g‘ri keladi. Shu jumladan, «Torino»ga qarshi o‘yinda ham.

Turinliklarning o‘ziga xos jihati bor. Tasavvur qiling, o‘tgan 30 o‘yinning 12 tasida jamoa mag‘lubiyatga uchragan va qiziq tomoni, 11 mag‘lubiyat minimal hisobda qayd etilgan. Ya’ni «Torino» deyarli barcha o‘yinda kamida raqib bilan tengma-teng o‘ynay oladi, hatto raqib peshqadam jamoa bo‘lsa ham. Qarang, «Inter» bilan 1:1 va 0:1, «Yuventus» bilan 1:1 va 0:1, «Napoli» bilan 0:1. «Milan» bilan birinchi davradagi o‘yinda ham, mezbonlar, ya’ni milanliklar atigi 1:0 hisobida g‘alaba qozona olishgan xolos. Demak bu o‘yin ham oldingilardan farq qilishini taxmin qilish juda mushkul va Pioli shogirdlari Turinda katta qiyinchilikka duch kelishlari turgan gap.

Foto: Getty Images

Shu bilan birga, «Milan» o‘tgan mavsumda Turinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 7:0 hisobida ustun kelganini ham ta’kidlash kerak. Ammo yuqorida aytilganidek, «Torino» ushbu mavsumda, aynan Ivan Yurich qo‘l ostida butunlay o‘zgardi va ayniqsa himoyada juda ishonchli o‘yin namoyish etmoqda. «Torino» o‘tkazilgan 30 o‘yinda atigi 30 marotaba gol o‘tkazib yuborgan. Faqat dastlabki o‘rinlardagi to‘rt jamoada bu ko‘rsatkich kamroq xolos. Boshqa tomondan, gol urish borasida «Torino»da muammolar bor – ligada atigi 14-ko‘rsatkich.

Jarohatlar borasida mezbonlarda muammolar jiddiyroq. Sanabriya hali safga qaytgani yo‘q, Prat, Fares va Jiji kabi futbolchilar hali maydonga tusha olishmaydi. «Milan» Florensi va Romanoli yordamidan foydalana olmaydi.

BOShQA O‘YINLAR

9 aprel. BAVARIYa – Ausburg (18:30), ARSeNAL – Brayton (19:00), Sauthempton – CheLSI (19:00), Malorka – ATLeTIKO (19:15), INTeR – Verona (21:00), Aston Villa – TOTTeNHEM (21:30), Kalyari – YuVeNTUS (23:45), ReAL MADRID – Xetafe (23:55), Klermon – PSJ (23:55)

10 aprel. NAPOLI – Fiorentina (18:00), Sassuolo – ATALANTA (18:00), ROMA – Salernitana (21:00), Levante – BARSeLONA (23:55).

Mavzuga oid