O‘zbekiston | 18:23 / 19.04.2022
20914
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi oilalar iqtisodiy holatiga ko‘ra 4 toifaga ajratildi

O‘zbekistonda 3 oyda 736 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlangani aytildi.

19 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Hokim yordamchilari uch oy davomida 35,3 million aholi yashaydigan 6 mln 900 ming xonadonni to‘liq xatlovdan o‘tkazdi.

Natijasi bo‘yicha ular 4 ta toifaga ajratildi:

  • 11 foizi — kam daromadli;
  • 47 foizi — doimiy daromadi bo‘lgani bilan qo‘shimcha daromadga ehtiyoji bor;
  • 6 foizi — ijtimoiy himoyaga muhtoj;
  • 36 foizi — iqtisodiy ahvoli yaxshi, o‘ziga to‘q oilalar.

Ta’kidlanishicha, yangi tizim orqali har bir hokim, uning iqtisod bo‘yicha 1-o‘rinbosari va hokim yordamchilari aholining 64 foizi bilan manzilli ishlash kerakligini bilib oldi.

Bu borada, joylardagi mutasaddi rahbarlar va hokim yordamchilari birinchi va ikkinchi toifadagi xonadonlar bilan ishlab, 3 oyda 736 ming nafar fuqaroning bandligini ta’minladi hamda 54 ming nafar fuqarolarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitdi.

Mahallalardagi hokim yordamchilarining tashabbusi bilan 50 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun 1 trillion 300 milliard so‘m kredit va 20 milliard so‘m subsidiya ajratildi.

Natijada hududlarda 47 mingta yangi tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 8 mingta kichik sanoat va servis loyihalari ishga tushirildi, 2,5 mingta korxona quvvatlari tiklandi va oshirildi.

«O‘zbekiston tarixida birinchi marta bunday katta raqamlar amalda bo‘lganini gapiryapmiz. Mahallada tizim va sharoit yaratganimiz, albatta, qaysi tuman va shahar rahbarlari fidoyi bo‘lib ishlagan bo‘lsa, natija beryapti», dedi prezident.

Eng yaxshi natija ko‘rsatgan 14 nafar hokim yordamchilarini mukofotlash, ijobiy natijaga erishgan 2 ming 943 nafar hokim yordamchilariga tashakkurnoma yuborish topshirildi. Ijobiy natija ko‘rsatgan hokim yordamchilari va respublika vakillari «Yangi O‘zbekiston islohotchisi» ko‘krak nishoniga munosib nomzodlar zaxirasi ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Mavzuga oid