O‘zbekiston | 20:01 / 20.05.2022
67441
8 daqiqa o‘qiladi

Zeromaksning tugatilishi, Bunyodkor loyihasi, Epsilon va O‘zbekistonning gaz zaxiralari - “Odilboy” (Mirodil Jalolov) bilan katta suhbat

Mirodil Jalolov – xalq ichida Odilboy bo‘lib tanilgan bu insonni o‘zbekistonliklar, ayniqsa toshkentliklar “Bunyodkor” stadioni, Forumlar saroyi, bir nechta masjid va binolar quruvchisi sifatida taniydi.

U, shuningdek, “Zeromaks” shirkatining sobiq ijrochi direktori sifatida 2010 yillarga qadar mamlakatdagi katta ta’sirga ega shaxslardan biri deb qaralgan.

O‘rtada bir muddatlik tanaffusdan keyin Mirodil Jalolov ayni paytda gaz qazib olish bilan shug‘ullanuvchi “Epsilon” kompaniyasiga rahbarlik qilmoqda. 2021 yilda O‘zbekistonda qazib olingan tabiiy gazning 3 foizga yaqin qismi ayni shu kompaniya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kun.uz Mirodil Jalolov bilan O‘zbekiston gaz zaxiralari, aholiga gaz yetkazish muammolari, “Epsilon” va “Odilboy”ning o‘z vaqtida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan turli loyihalari haqida intervyu uyushtirdi.

— Intervyuga kelishar ekanmiz, qator yillar siz bilan birga ishlagan insonlar bilan gaplashdim. Ular orasida “Odilboy”ni xalqqa qayishadigan yaxshi inson, deya maqtaganlar ham, “qo‘rqinchli odam” sifatida baholaganlar ham bo‘ldi.

Shuningdek, o‘rganishlarimga ko‘ra siz, O‘zbekistonda gaz qazib olish jarayonlarini tashkil etishda tajribali injyenerlardan birisiz.

Xo‘sh, Mirodil Jalolov, xalq tilida “Odilboy” kim o‘zi?

— 1965 yilda Toshkentning ishchi-xizmatchi oilasida tug‘ilganman. Avval maktab, keyin harbiy xizmatga bordim. So‘ng Politexnika instituti “Kimyo-texnologiyalari” fakultetining kechki bo‘limiga o‘qishga kirdim. Esimda, o‘sha yillari kunduzi qurilishda ishlab, kechasi o‘qishga qatnardim.

1988 yil farzandli bo‘ldim. O‘sha yili oilamni boqish uchun o‘qishdan akademik ta’til olishga majbur bo‘lganman. O‘qishni faqat uchinchi bor ota bo‘lganimdagina tugata oldim.

Gaz sohasiga kirib kelishim 1991-92-yillarga to‘g‘ri keladi. O‘shanda sovet ittifoqi tarqab, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk yillar edi. Mamlakat oldida esa don, yonilg‘i yetkazish kabi juda ko‘plab muammolar turardi. Biz yoqilg‘i muammo bo‘lgan o‘sha yillar davomida Qozog‘iston va Rossiyadan mamlakatga yoqilg‘i olib kelish bilan shug‘ullandik.

Tinimsiz ishlash va harakatlar natijasida bir necha yildan so‘ng oziq-ovqat, tikuv va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan kichik va o‘rta korxonalarimiz ishga tushib ulgurgan edi. Tadbirkorlikdagi faoliyatim shunday boshlangan.

2000 yildan boshlab biz yana gaz qazib chiqarish sohasiga urg‘u berdik. Bunda “Zeromaks” nomli korxona ham tuzdik.

2009 yilda esa shu korxona qoshida 23ta qo‘shma korxonalarimiz faoliyat yuritardi. Bundan tashqari, ishlab chiqarilgan mahsulotni aholiga yetkazib berish bo‘yicha AYoQSh, neft bazalari bilan ishlab, imkoniyatlarimizni sinab ko‘rdik.

2005 yilda bizga Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridan 18 ming gektar yer maydoni ajratildi. Biz uning 13 ming gektariga paxta, 5 ming gektariga g‘alla ekdik. Shuningdek, yana 8ta tikuv-to‘quv korxonalari tashkil qildik.

Bu faoliyatni ilk klaster sifatida baholash mumkin edi. Chunki unda chigit ekishdan tayyor mahsulot chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayon bor edi. Adashmasam, o‘sha yillari korxonalarimizda jami 41 ming 515 nafar kishi ishlardi.

Yana bir raqam – 2009 yilga kelib biz mamlakat gazining taxminan 21 foizini qazib olardik. Suyuq uglevodorod ishlab chiqarish bo‘yicha esa natijamiz 19 foiz edi. Soliq bazamiz o‘shanda 56 foiz bo‘lgan.

Agar o‘rinli bo‘lsa, yana bir gapni aytsam. Men haqimda loyihalarni tashkil etishda xalqning pulini ishlatgan, degan turli gaplar yuradi. Yo‘q, bizning barcha sotsial loyihalarimiz o‘zimiz tuzgan korxonalar olgan foyda hisobidan tashkil etilgan.

Albatta, mamlakat yerosti boyliklari xalq va davlatniki. Davlat bu konlarni bizga ishonib bergan ekan, biz bu ishonchni soliqlar va tashkil qilingan ishchi o‘rni bilan oqlashimiz kerak.

Sizning boyiganingizdan boshqalarga manfaat bo‘lishi lozim. Yon-atrof to‘q bo‘lsa, siz bilan hech kimning ishi bo‘lmaydi.

— Mirodil aka, O‘zbekistonni gaz zaxiralariga juda boy mamlakat deyishadi. Gaz zaxiralarimiz qancha o‘zi?

— Nazarimda, O‘zbekistonning gaz konlari hali to‘liq o‘zlashtirilmagan. Ammo taxminim bo‘yicha bizda kamida to‘rt-besh trillionlik gaz zaxiralari bor. Bizning korxonaga biriktirilgan bloklar bo‘yicha taxminan 400 dan 700 milliardgacha gaz zaxiralari bor. Bu hozirgi ishlatishda 40 yilga yetadi degani.

Lekin bu yillar ichida quyosh va shamol energiyalariga bo‘lgan talab ommaviylashib boradi va gazni siqib chiqaradi.

— Hozirgi savolim o‘zbekistonliklarni eng ko‘p qiynaydigan muammoga oid. Umid qilamanki, bu savolga sohaning rasmiylaridan farqli ravishda sizdan aniq javob eshitaman.

Bugun O‘zbekistonda ko‘pchilik aholi gaz ta’minotidan norozi. Kuz tugay boshlashi bilan qishloq va mahallalarda, viloyatlarda havo keskin sovib ketadi va oilalar o‘nlab a’zolari bilan uyning bir xonasiga tiqilishga majbur. Ammo shu uyni isitib olish ham muammo.

Xo‘sh, dunyo davlatlari aholiga issiqlik energiyasi yetkazish masalasini qanday yechgan-u, biz nega uni to‘g‘ri tashkil qilolmayapmiz?

— Yevropa davlatlarining tarixi juda ko‘hna. Biz esa hali yoshmiz. Ammo o‘sha darajaga ham, albatta, yetamiz.

Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, 1991 yil gaz ishlab chiqarish hajmi O‘zbekistonda 41 mlrd kub bo‘lgan. 2010 yilgacha natijamiz 67 milliardga chiqdi. Bu degani 20 yilda natijamiz 26 mlrd kubga o‘sdi.

Bundan tashqari, konlarning ham zaxirasiga qarab ishlaydigan o‘z muhlati bo‘ladi. Zaxiralar tugay boshlaganidan keyin yangi quduqlar qazish endi boshlandi.

Yevropada esa har bir kubometr gaz nazoratda. Hozir bizda ham aqlli hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. O‘zingiz bilasiz, bungacha gaz idorasidan kelgan odam bilan kelishib, hisoblagichini orqaga aylantirib olsa bo‘lardi. Bu esa oddiy xalq iste’moli uchun gaz yetishmasligiga sabab bo‘ldi.

Mana endi tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilyapti. Har bir idorada aqlli hisoblagichlar o‘rnatilib, gazning to‘liq monitoringi qilib borilyapti. Bu birinchi va to‘g‘ri qadam deb hisoblayman.

Ikkinchidan, Yevropada gaz va neft mahsulotlarini juda tejab ishlatishadi. Bizda esa afsuski, rejasizlik bor.

Afsuski, O‘zbekistonda hozir gaz ishlab chiqarish ko‘rsatkichi pasaymoqda. Pasaygandan keyin tabiiyki, gaz bosimi tushadi va uzoq hududlardagi qishloqlarga gaz yetib bormaydi.

Hukumat uzoq va aholi zich joylashgan hududlarga suyuq gaz yetib borishi uchun ko‘p harakat qilmoqda.

Fikrimcha, bu muammoning eng to‘g‘ri yechimi gaz qazib chiqarish sur’atini oshirish kerak. Ungacha esa import ham qilish kerak. Lekin bunga o‘rganib qolishimiz kerak emas. Dunyoda bo‘layotgan jarayonlarni ko‘ryapsizlar, narx-navo oshib ketdi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid